Tolibon qochqinlarga tahdid qilayotganini inkor etmoqda

  • Amerika Ovozi

Afg'on qochqin

Afg'on qochqin

O’tgan yilda xorijda siyosiy boshpana so’rayotgan afg’onlar ko’paydi. Mamlakat ichida Tolibon faollashgani bunga sabab bo’lmoqda.

Ilgari AQSh va NATO qo’shinlari bilan hamkorlik qilayotgan afg’onlar jangarilardan do’q-po’pisalarga to’la maktublar olardi. Endi esa, jangarilarning ta’kidlashicha, bunday xatlarni yuborish to'xtatilgan. Xorijga chiqib ketmoqchi bo’lgan afg’onlar soxta xatlarni ro'kach qilmoqda, deydi Tolibon vakillari.

“Islomiy amirlik barcha qochqinlar tashkilotlariga shuni ma’lum qiladiki, qochqinlar ularga o’lim tahdidi bitilgan soxta maktublarni taqdim etmoqda. Bunday maktublarni ular jinoiy guruhlardan arzimas pulga sotib oladi”, - deyiladi Tolibonning jurnalistlarga tarqatgan xatda.

"Xavfsizlik ta’minlanmagani, ishsizlik, keng ko’lamli korrupsiya va samarasiz boshqaruv mamlakatni chuqur inqiroz girdobiga yetakladi. Natijada afg’onlar xatarga qaramay Yevropa va boshqa o’lkalarga yo’l olmoqda, u yerda oilasi bilan yangi hayot boshlamoqchi", deyiladi hujjatda.

Unda, shuninghdek, afg’onlar vatanni tark etmasligi va chet ellarda qiyinchiliklarga duch kelmasligi kerak, deyiladi.

BMT va Yevropa davlatlari ma’lumotlariga ko’ra, 2015-yilda Yevropa Ittifoqida suriyalik va iroqliklar qatorida afg’onlar siyosiy boshpana so’ratoygan eng katta elatlardan. 2014-yilning birinchi uch oyiga qaraganda joriy yilning birinchi kvartalida boshana so’rab ariza topshirgan afg’onlar soni olti baravar ko’paygan.

Mamlakat rahbarlari, shu jumladan Prezident Ashraf G’ani vatandoshlarini mamlakatni tark etmaslik va qayta tiklash ishlarida faol qatnashishga da’vat etmoqda.

Yevropaning ayrim davlatlari boshpana so’rayotgan afg’onlarga nisbatan talablarni kuchaytirdi. Germaniya rasmiylari iqtisodiy muhojir deb hisoblangan afg’onlarni deportatsiya qilishni tezlashtirajagini bildirdi.

Ishshizlik 24 foizga teng. Xavfsizlik ta’minlanmagan. Toliblar faol. Iqtisod og’ir ahvolda. Korrupsiya va qashshoqlik. Bunday vaziyatda afg’onlar rahbarlarning porloq kelajak haqdagi bayonotlariga ishonmayapti. Hukumat vakillarining ko’plab oila a’zolari ham xorijda yashaydi.

Afg’onistonning sharqiy qismida “Islomiy davlat” jangari guruhi faollashgani haqdagi xabarlar ham mahalliy aholi orasidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG