Tolibon prezident saroyiga hujum uyushtirdi

  • Amerika Ovozi

Afg'on xavfsizlik kuchlari prezident qarorgohi atrofini o'rab olishdi, Kobul, 25-iyun, 2013-yil.

Afg'on xavfsizlik kuchlari prezident qarorgohi atrofini o'rab olishdi, Kobul, 25-iyun, 2013-yil.

Bugun erta tongda Tolibon Kobuldagi prezident saroyiga bostirib kirishga uringan. Afg’on xavfsizlik kuchlari bilan bo’lib o’tgan otishmada hujum qilgan shaxslarning barchasi o’ldirilgan. Voqea toliblar va Hamid Karzay ma’muriyati o’rtasida tinchlik muzokaralarini jonlantirish maqsadida AQSh rasmiysi Kobulga tashrif buyurgan paytda ro’y bergan.
Guvohlarning aytishicha, Kobul markazidagi prezident saroyi atrofida kuchli portlash va otishmalar yangragan. Voqea Tolibon bilan tinchlik muzokaralari haqida ma’lumot olish uchun jurnalistlar prezident qarorgohiga yig’ilgan bir paytda ro’y bergan.

Kobul politsiyasi rahbari general Muhammad Ayyub Salangining aytishicha, bosqinchilar kuchli himoyalanadigan darvozalardan birini avtomobil orqali yorib kirishga uringan.

“Lend Kruzer” rusumidagi avtomobil soxta guvohnomadan foydalangan holda darvoza tagigacha yetib kelgan. Qo’riqchilar ularning hujjatlarini so’rayotgan payt 2-3 kishi mashinadan chiqqan, so’ng avtomobil portlab ketgan”, - deydi general Salangi.

Hujum payti prezident Hamid Karzayning qayerda bo’lgani noma’lum.

Bu voqea uchun mas’uliyatni Tolibon o’z zimmasiga olgan. Biz dushmanga o’lim olib keldik, deya xabar tarqatgan guruh vakillari.

Vashingtonning Kobuldagi elchisi Jeyms Kunningam hodisani keskin qoralab bayonot berdi. Uning aytishicha, Tolibonning o’z maqsadiga erishish uchun zo’ravonlikka qo’l urishi behuda. Buning o’rniga tinchlik o’rnatish uchun Afg’oniston hukumati bilan muzokaraga kirishi kerak, deydi u.

Afg’onistondagi Xalqaro xavfsizlik kuchlari so’zlovchisi Kuentin Rorixtga ko’ra, qurbonlar soni bo’yicha hozir aniq ma’lumot yo’q.

“Kobulda bugun ertalab hujumlar bo’lganidan xabarimiz bor. Nazorat to’liq afg’on milliy xavfsizlik kuchlari qo’lida. Kerak bo’lsa, koalitsiya yordam uchun tayyor”, - deydi xalqaro kuchlar rasmiysi.

Tinchlik muzokaralarini boshlash yo’lida amaliy qadamlar tashlanganiga qaramay, Tolibon qonli hujumlarni amalga oshirishda davom etmoqda.

BMT ma’lumotiga ko’ra, o’tgan yili shu paytgacha hujumlarda halok bo’lganlarning 24 foizi oddiy fuqarolar.

Bugungi hamla AQSh rasmiysi Jeyms Dobbins Karzay bilan muloqot o’tkazganidan so’ng ro’y berdi. Keyinroq Dobbins Pokistonga jo’nab ketgan. Islomobodda u Bosh vazir Navoz Sharif bilan uchrashishi kutilyapti.

Tolibonning Afg’onistonni boshqargan paytdagi bayrog’i Qatarda ochilgan yangi idorasi uzra ko’tarilgach, Kobul muzokarada ishtirok etishdan bosh tortdi. Natijada 12 yillik urushga barham berish yo’lida boshlangan muloqot boshi berk ko’chaga kirib qoldi.

Pokiston muzokaralarning amalga oshishida hanuz muhim vositachi sifatida ko’riladi. Uning Tolibon bilan aloqalarga ega ekani, jangarilarga so’zi o’tishi aytiladi. Shu bilan birga, Kobul Islomobodni Afg’onistondagi jangarilarni himoya qilayotganlikda ayblaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG