Tolibon qurolni tashlab, al-Qoidani qoralamasa, murosa yo'li ham yopiq

  • Amerika Ovozi

Qandahorda Tolibonga qarshi janglar davom etmoqda. Tolibon chekinmoqda, deydi harbiylar, endi xalq ko'ngliga yo'l topish kerak.

Qandahorda Tolibonga qarshi janglar davom etmoqda. Tolibon chekinmoqda, deydi harbiylar, endi xalq ko'ngliga yo'l topish kerak.

Afg’oniston sharqida harbiy vertolyot portlab, bir kishi o’lgan. Halokat sababi aniq emas. Endigina qo’ngan vertolyotda 26 kishi bo’lib, sakkiz nafari jarohat olgan.

Bu orada prezident Hamid Karzay Tolibon bilan muzokara ketayotganini tasdiqlamoqda. AQSh bu harakatlarni ma’qullagan, ammo shartlarni eslatib turibdi, ya’ni Tolibon qurolni tashlab, al-Qoida bilan hamkorlikni bas qilishi va buni ochiq isbotlashi kerak.

NATO kuchlari shu kunlarda Afg’onistonning janubiy Qandahor viloyatida Tolibon bilan jang qilmoqda. Hujumlar avjida.

Arg’andab vodiysida Amerika qo’shinlari katta bir hududni jangarilardan tozalagan.

Tolibon, deydi harbiylar, chekina boshlagan. Endigi murakkab vazifa ularni xushlaydigan mahalliy aholi ko’ngliga yo’l topish.

Kobulda esa prezident Hamid Karzay Tolibon safidagi mo’tadil kuchlar bilan til topishishga urinmoqda.

Tolibon qurolni tashlab, al-Qoidani qoralamasa, murosa yo'li ham yopiq

Tolibon qurolni tashlab, al-Qoidani qoralamasa, murosa yo'li ham yopiq

Bu tashabbusga boshchilik qilishni u sobiq prezident Burhoniddin Rabboniy zimmasiga topshirgan.

“Xudo xohlasa, Burhoniddin Rabboniy janoblari xizmati bilan xalqimiz uzoq yillardan beri orzu qilib kelayotgan tinchlik-xotijamlikka erishamiz”, - deydi Hamid Karzay.

“Tinchlikka erishish mumkin. Olloh madad beradi bizga, lekin biz ham bir yoqadan bosh chiqarishimiz lozim”,- deydi Rabboniy.

Amerika jurnalistlariga intervyu berar ekan, prezident Karzay Tolibon bilan anchadan beri gaplashayotganini tan oldi.

“Lekin”, - deya qayd etadi u, “Tolibon orasida shunday guruhlar borki, ularga qarshi jangni davom ettiramiz. Ular Afg’oniston, AQSh va Pokistonni nishonga olayotgan terroristlar".

Richard Xolbruk, AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili

Richard Xolbruk, AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili

AQSh bu borada hamfikr. Richard Xolbruk, Afg’oniston va Pokiston bo’yicha maxsus vakil deydiki:

“Biz afg’on hukumatining bu ishlarini quvvatlayapmiz, ammo aniq shartlar bor. Tolibon Afg’oniston siyosiy hayotiga qo’shilmoqchi bo’lsa, al-Qoidani qoralashi, qurol-aslahani topshirib, bu mamlakat konstitutsiyasini tan olishi, qonun va huquqqa bosh egishi shart”.

Tolibon yetakchilari “hech qanday murosa qilmoqchi emasmiz” deb qayta qayta aytib, xalqaro qo’shinlar afg’on zaminini tark etishi shart deb keladi. Ekspertlar nazarida bu toliblar ancha tarqoqligidan dalolat.

Vashingtonda ayrim tahlilchilar AQSh hukumatini uzoqni o’ylab ish tutishga undamoqda. Keskin shartlar qo’yish samara bermasligi mumkin, deydi Matyu Xo, iste’fodagi harbiy.

Masalan, deydi u, muzokara boshlamay turib, bosh qomusni ro’kach qilish yaramaydi.

“Dastlab ular bilan bir davrada o’tirib, maqsadni tushuntirish kerak. Ana undan keyin, agar ular sizni tinglay olsa, ana undan keyin shartlarga o’tasiz. Tolibon orasida haqiqatdan ham mo’tadil kuchlar bor”.

Matyu Xoning o’zi Afg’onistonda jang qilib qaytgan. Uning yetakchiligidagi ekspertlar guruhi AQSh armiyasiga shunday maslahat bermoqda: “Tinchlikka erishish uchun Afg’onistondagi barcha siyosiy guruhlar, shu jumladan Tolibon bilan bir kelishuvga erishish kerak. Bunga esa qurol bilan erisha olmaysiz”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG