Breaking News

Afg'onistonda tinchlik haqida gapirish qiyin


Afg'onlar saylov uchastkasi oldida ro'yxatdan o'tishni kutmoqda, 16-sentabr, Kobul.
Afg'onlar saylov uchastkasi oldida ro'yxatdan o'tishni kutmoqda, 16-sentabr, Kobul.

Tolibon bilan hamon murosaga erishilmadi. Xurujlar tinmagan. Saylov yaqinlashmoqda. Kelajak mavhum.

Afg’onistonda prezident saylovlariga yana olti oy bor, xalqaro kuchlarning mamlakatni tark etishiga esa bir yildan sal ko’proq vaqt qoldi. Ammo Tolibon bilan murosaga erishilmadi. Minglab odamlarning yostig’ini quritgan ko’p yillik nizoga chek qo’yish oson emasligi aniq.

Afg'oniston kelajagi mavhum, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:31 0:00
Yuklab oling

Odamlar orasida toliblarning tobora Kobulga yaqinlashib kelayotgani haqida mish-mishlar yuribdi.

Tahlilchilar jangarilar muvaffaqiyatini hukumatda korrupsiyaning keng quloch yoygani va elatlarni bir-biriga qarshi qo’yuvchi siyosat bilan bog’laydi.

Shuningdek, tomonlar Tolibon bilan tinchlik kelishuviga erishish uchun yetarli siyosiy xohish ko’rsatmayapti, deydi tahlilchi Keyt Klark.

“Tolibon prezident Karzay va uning hukumati bilan gaplashmaydi. Karzay esa boshqalar Tolibon bilan muzokara qilishga urinsa, jahli chiqadi. Ichki kuchlar ham bu ishga aralashishni istamayapti. G’arbdagilar Afg’onistonni butunlay unutishni istaydi”, - deydi Klark.

Kelasi yil aprelida bo’ladigan saylovlargacha murosaga erishilmasa, bu jarayonga ham xavf soladi, deydi Tolibon sobiq vakili, hozirda Afg’on Oliy tinchlik kengashi a’zosi Abdul Hakim Mujohid.

“Shunday murakkab bir sharoitda, mamlakatda xavfsizlik ta’minlanmagan bir paytda saylov o’tkazsak, u qonuniy saylov bo’lmaydi. Mamlakat uchun qonuniy prezident ham saylanmaydi”, - deydi afg’onistonlik rasmiy.

Urushdan boyiganlar ko’p. Ammo bu ko’plab afg’onlarning qurbon berilishi evaziga bo’ldi, deydi kobullik Nur Og’a ismli fuqaro.

“Har kuni kimningdir o’ldirilganini, odamlar qishloqlarini tashlab shaharlarga qochayotganini eshitamiz. Hukumat va Tolibon muloqot boshlamaguncha, hech qachon tinchlikka erishmaymiz”, - deydi u.

Afg’oniston qurollar keng tarqalgan o’lka. Sobiq harbiy va xavfsizlik xodimi Javed Ko’histoniyning aytishicha, mamlakatda qurollangan guruhlar ko’p.

“Tolibon bir necha afg’onlardan iborat. Qolgani arablar, chechenlar, panjobliklar va qabila odamlari. Ularning hammasini rozi qila olmaysiz. Birining talablarini qondirishingiz mumkin. Boshqalarichi? Boshqalar jang qilishda davom etadi”, - deydi u.

Saylovdan so’ng va xalqaro kuchlar mamlakatni tark etgandan keyin nima bo’lishi odamlarni eng ko’p xavotirga solmoqda. Tahlilchilar Tolibonning hokimiyatni qayta egallashiga ishonmaydi, ammo hukumat uni butunlay tor-mor eta olishiga ham shubha bilan qaraydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG