Tolibon safida xorijliklar ko'paymoqda

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonning Hilmand viloyatida kechayotgan janglarda Tolibonga qarashli "Qizil brigada" nomli xorijliklarning yangi guruhi paydo bo'lgan.

Bir necha yuz kishidan iborat bu qismda yuqori tayyorgarlikdan o'tgan ko'plab xorijliklar borligi aytilmoqda.

"Hilmand hozir xalqaro terrorchilar nishoniga aylandi, - deydi viloyat hokimi Hayatulla Hayot. - Tolibon uchun kurashayotgan xorijliklar orasida pokistonliklar, chechenlar, ozarbayjonliklar hamda turkmanlar bor. Bu da'vomizni asoslash uchun kuchli dalillarga egamiz".

Pokiston chegarasidagi Hilmand viloyati so'nggi yillarda eng beqaror hududlardan biriga aylangan.

Tolibon va hukumat kuchlari mamlakatning eng katta viloyatida qaqshatgich janglar olib bormoqda.

Mahalliy guvohlarning aytishicha, isyonchi guruhlar qo'li baland kelib, hozir kurash viloyat markazi Lashkar Gohga yaqin tumanlarga ko'chgan.

"Bu muhim strategik viloyatda xorijliklar ko'p yillardan beri bor. Ular qo'shni davlatlardan yordam oladi. Hozirgi janglarda Pokiston Panjobidan va boshqa davlatlardan odamlar bor", - deydi Hilmand viloyat kengashi rahbari Muhammad Karim Atal.

Uning qo'shimcha qilishicha, ayrim amaliyotlar qo'mondonlari ham xorijliklar. Ularda zamonaviy qurollar, mukammal xarita va boshqa texnik imkoniyatlar mavjud, deydi Atal.

Xorijliklar Afg'onistonga Pokiston orqali kirib kelishi aytiladi. Pokiston Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Nafis Zakariya Afg'oniston matbuotini bu borada asossiz xabarlar tarqatayotganlikda aybladi. Ammo mamlakatda xorijlik jangarilar borligini har ikki davlat vakillari tasdiqlaydi.

"Chet ellik jangchilar Tolibon saflarida borligi shak-shubhasiz, - deydi Kobulda faoliyat yurituvchi tahlilchi Vojid Mujda. - Pokistonliklar, O'zbekiston islomiy harakati vakillari hamda ayrim tojik fuqarolari Afg'onistonda Tolibon bilan birga".

Mujdaga ko'ra, asosiy odam kuchini Pokistonda joylashgan guruhlar yetkazib beradi.

Tolibon xalqaro maqsadlari yo'qligini ma'lum qilgach, markaziy osiyolik ko'plab jangarilar "Islomiy davlat"ning Afg'onistonda faoliyat yurituvchi Xuroson bo'limiga bay'at bergan edi. Ammo Tolibon safida qolganlari ham ko'p, deydi Mujda.

Peshovarlik tahlilchi Xodim Husaynga ko'ra, Afg'onistondagi amaliyotlarda qatnashish uchun "Al-Qoida"ga aloqador Pokistondagi ko'plab guruhlar kuchlarini birlashtirgan.

Uning aytishicha, Tolibon yetakchisi Mulla Muhammad Umar o'limidan so'ng kichik guruhlarni birlashtiruvchi yangi tashkilot tuzilgan. Unga "Lashkari Toiba", "Jayshi Muhammad", Haqqoniy tarmog'i kabi guruhlar kirgan.

O'tgan yili Qunduz viloyatining bir muddat Tolibon qo'liga o'tishida ham shu yangi tarmoq muhim rol o'ynagani aytilmoqda.

Husayn, shuningdek, ko'plab guruhlar Pokistondagi amaliyotlarini to'xtatib, Afg'onistonga e'tibor qaratayotganini aytadi. Tolibondan ajrab chiqqan Muoviya guruhi Pokistonda jang qilishdan rasman voz kechganini bildirib, a'zolarini Afg'onistonga qarshi kurashishga da'vat etgan.

Yoz oylarida janglar ko'payishining sabablaridan yana biri shundaki, deydi Mujda, ta'tilgan chiqqan madrasa talabalari ham Tolibon saflariga qo'shiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG