Afg'onistonda 11 politsiyachi qamaldi

  • Amerika Ovozi

Afg'on ayollari 27 yoshli Farhundaning tobutini ko'tarib ketayapti.

Afg'on ayollari 27 yoshli Farhundaning tobutini ko'tarib ketayapti.

Kobul sudi yil boshida bir to'da odam ayol kishini shafqatsizlarcha kaltaklab, o'ldirganini tomosha qilib turgan 11 politsiyachini bir yilga qamadi. Hibsdagilar orasida tuman politsiya mahkamasi rahbari ham bor. Yana sakkiz ofitser aybsiz topilib qo'yib yuborilgan.

Shu yilning 19-martida 27 yoshli ayol Farhunda Qur'onni yoqibdi degan yolg'on xabar tarqalgach, omma uni ayovsiz do'pposlagan. Kobul sudining aniqlashicha, 11 ofitser voqeani chetdan tomosha qilib turgan.

Mobil telefonda olingan videoda odamlar ayolni tayoq bilan urayotgani, uni tomdan tashlab, so'ng ustidan mashinada bosib o'tganini ko'rish mumkin. Uning jasadi yoqib yuborilib, so'ng daryoga tashlangan.

Voqea Afg'onistonda va boshqa davlatlarda keng ko'lamli norozilik namoyishlariga turtki berdi. Afg'oniston hukumati aybdorlarni jazolashga va'da bermoqda.

Bu ish yuzasidan 30 kishi va 19 politsiyachi ushlangan.

Shu oy boshida sud to'rt kishini o'limga hukm qilgan edi. Ular orasida ayolni Qur'onni yoqqanlikda ayblagan mulla Zaynul Obidin ham bor. Yana sakkiz kishi 16 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG