AQShdagi cherkov ahli Qur'on yoqib, 11 sentyabrni xotirlamoqchi; Kobulda namoyishlar

  • Amerika Ovozi

Afg’oniston janubida jangarilar hujumi natijasida NATOning bir askari halok bo’lgan. Toliblar faollashar ekan, AQSh generali Deyvid Petreus harbiy alyansdan qo’shimcha 2 ming askar so’ragan.

NATO tez orada bu iltimosni qondirishi kutilmoqda. Hozir Afg’onistonda 140 ming kishilik xalqaro qo’shin bor.

28 a’zolik NATOning aynan qaysi davlatlari askar jo’natishi hozircha noma’lum. Ular afg’on armiyasi malakasini oshirish bilan shug’ullanadi. Mahalliy qo’shin kuchga to’lsa, xalqaro koalitsiya Afg’onistonni tark etishi mumkin bo’ladi

Bu orada kecha shimoldagi Bag’lan viloyatida jangarilar Norin tumani hokimi Ahmad Joshan Purni o’ldirgan. Paktika viloyatida esa toliblar va koalitsiya o’rtasidagi otishmada bir necha kishi, jumladan, uch bola halok bo’lgan.

Kobulda o’tgan yakshanba taniqli jurnalist Said Hamid Nuriy pichoqlab ketilgan. Prezident Hamid Karzay voqeani tergov qilishga ko’rsatma bergan.

Britaniyadagi tahlil instituti nazarida Afg’onistonda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash mushkul. Diqqat-e’tiborni Afg’oniston-Pokiston chegarasiga, al-Qoida va Tolibon manzillariga qaratgan afzal, deydi tahlilchilar.

Shuningdek, kecha Afg’oniston poytaxtida yuzlab fuqaro namoyishga chiqib, Amerikaga qarshi da’vatlar yangragan. Ular Florida shtatidagi cherkovda 11-sentabrni xotirlab, Qur’on kitoblari yoqilishidan norozi. Kobuldagi masjid yonida namoyish qilgan odamlar “Amerikaga o’lim” deya hayqirgan.

AQShning Afg’onistondagi elchixonasi cherkov tashabbusidan norozi va islom diniga nisbatan bunday haqorat o’rinsiz, demoqda.

AQSh generali Deyvid Petreus fikricha, cherkov a’zolari Qur’onni yoqib Afg’onistonda jang qilayotgan Amerika askarlari hayotini xavf ostiga qo’ymoqda. Butun boshli urushga ta’sir qilishi mumkin bu ish, deydi general.

Floridadagi cherkov peshvolari esa AQShga qilingan terror hujumini, 3 ming odamni hayotdan olib ketgan jinoyatning to’qqiz yilligini xotirlashga haqlimiz, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG