Breaking News

Afg’onistondagi Gulen maktablarini yopish taklifi ko’rib chiqilmoqda


Turkiya hukumati Afg’onistonda Fathulla Gulenga qarashli deb aytilayotgan turk maktablarini yopishni so’ramoqda. Rasmiy Kobul bu mavzuni har tomonlama o’rganib, keyin qaror qabul qilmoqchi.

AQShda yashayotgan turk ziyolisi Fathulla Gulenga qarashli deb ko’rsatilayotgan afg’on-turk maktablari bir necha katta shaharlarda faol.

Ma’lumotlarga ko’ra, Anqara bu maktablar yopilmasa Afg’onistonga iqtisodiy yordamni kesishi haqida ogohlantirgan. Bu maktablar faoliyati bekor qilinsagina, ular uchun mas’uliyatni Turkiya hukumati o’z zimmasiga olishi, hozirgidan ko’ra yaxshiroq imkoniyatlar bilan ta’minlash va’dasi berilgani aytilmoqda.

Juzjon hokimi Mavlaviy Lutfullo Aziziy “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Anqaradan bu borada maktub kelganini aytadi. Hokimga ko’ra, bu xususda yakuniy qaror qabul qilish markaziy hukumat vakolatiga kiradi.

“Turkiya hukumatidan bizga bir maktub yetib keldi. Lekin maktabni yoping deb aytilmagan. Bayroqlari tushirilsin, “Afg’on-Turk” degan nom olib tashlansin deyilgan. Biz maktubni markaziy hukumatga jo’natdik. Bu ikki mamlakat orasidagi masala bo’lgani uchun ham Tashqi ishlar vazirligi bu masalani hal qilishi kerak. Biz, Juzjon viloyati aholisi Turkiya hukumati siyosatini himoya qildik. Turkiyada davlat to’ntarishiga bo’lgan urinishni qoraladik”, - deydi Mavlaviy Lutfullo Aziziy.

Juzjon hokimi Mavlaviy Lutfullo Aziziy
Juzjon hokimi Mavlaviy Lutfullo Aziziy

Juzjonlik ayrim oilalar farzandlarini afg’on-turk maktabidan chiqarib, hukumat yoki boshqa maktablarda o’qishlarini davom ettirishi haqida rasmiylarga murojaat qilgan. Turk maktabi ma’muriyati bu takliflarni rad etgan.

Hozir bolalar yozgi ta’tilda bo’lsa-da, maktablarning yopilishi haqidagi gap-ovozalar allaqachon o’quvchilar orasida kengtarqalgan.

“Amerika Ovozi”ga o’zini Ihsonulhaq deb tanishtirgan o’quvchi maktablarning yopilishi ehtimolidan xavotirda. Sifatli ta’limni boshqa joyda topa olmaymiz, deydi u.

“Ba’zilar yopiladi deyishyapti, yopilmaydi degan ovozalar ham bor. Ustozlar din haqida, Fathulla Gulen haqida, ularning maktablari va ularga qanday asos solingani borasida ma’lumot beradi”, - deydi Ihsonulhaq.

Uning fikricha, siyosiy masalalar o’quv jarayoniga putur yetkazmasligi kerak. Maktab hech kimni yomon yo’lga undayotgani yo’q, deydi suhbatdosh.

“Maktablar yopilmasin. Shu vaqtgacha hamma afg’on-turk maktablarini maqtashadi. Hech kimga zarari yetmagan. Amerikada ham turk maktablari ochilayotganida bu ishga qarshi turganlar bo’lgan ekan. Keyin AQSh hokimi uzoq bir joyda, jang bor joyda maktablar ochilishiga ruxsat bergan. O’shanda asta-sekin odamlar solih bo’lishgan, odamlarga ijobiy ta’sir qilgan”, - deydi Ihsosulhaq.

Lekin ba’zi oilalar maktablar tezda yopilib, bolalar kelajagi aniqlashishini istaydi. Agar vaziyat shunday davom etaversa yoshlarning o’quv jarayoniga salbiy ta’sir qiladi, deydi ular.

“Turkiya hukumati Afg’oniston va boshqa qo’shni mamlakatlardan Fathulla Gulenga qarashli maktablarini yopib qo’yishlarini so’ragan. Agar maktablar yopilmasa Afg’oniston hukumati iqtisodiy nuqtai-nazardan zarar ko’rishi mumkin. Maktabda o’qiyotganlar ham zarar ko’radi. Agar bolalar shu maktablarda o’qib, Turkiyaga safar qila olmasa, o’quvchilarning oila a’zolari Turkiyaga safar qila olmasa, turk shirkatlarida ishlay olmasa, undan ko’ra maktablar yopilib Turkiya hukumatiga taslim bo’lgan yaxshi”, - deydi Muhammad Bashir Hakimiy ismli fuqaro.

U Turkiya hukumatining maktablarni yopish haqidagi taklifini Afg’oniston ichki masalalariga aralashuv deb hisoblamaydi. Chunki Afg’oniston va Turkiya hukumati uzoq muddatdan beri bir-biri bilan hamkor. Shu hamkorlik jarayonini saqlab qolish uchun ikki o’lka bu masalani osonlikcha hal qilishi kerak.

Bundan oldin ham Anqara Gulenga qarashli o’quv dargohlari yopilishi uchun Kobulga maktub yo’llagan. Lekin o’shanda rahbariyat taklifni tezda rad etgan edi.

XS
SM
MD
LG