Afg'oniston dunyo ahlidan minnatdor, kelasi 10 yil yana unga tayanadi


Afg’oniston Tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul deydiki, kelasi o’n yillik uning xalqi uchun hayot-mamot uchun sinov bo’ladi va bu yurt dunyo ahlidan mislsiz yordam kutmoqda.


“BMT shu paytgacha bizni har tomonlama quvvatlab keldi va oyoqqa turayotgan davlatimizning hamkori… Mamlakatimizni qayta qurib, jamiyatimizni rivojlantirish yo’lida bu tashkilotga suyanamiz”,- dedi Rasul, BMT Bosh Assambleyasi yillik sessiyasida so’zlar ekan.

UNAMA, BMTning Afg’onistonga ko’mak ko’rsatish agentligi, 2002-yildan beri tinchlik, taraqqiyot, fuqaro jamiyati, inson huquqlari va insonparvarlik sohalarida, shuningdek, saylovlarda madadkor organ hisoblanadi.

12 yil oldin Qo’shma Shtatlar Afg’onistonga kirib, Tolibonni hokimiyatdan ag’darganida bu o’lka har tomonlama ezilgan va vayron qilingan bir hudud edi, deydi Zalmay Rasul. Bugun ancha tetik va xalqning o’ziga ishonchi oshgan. Yoshlar vatan kelajagi uchun bilim olmoqda va ter to’kmoqda. Davlat tizimi, biznes sektor va nohukumat jabhalar rivojlanmoqda, deydi vazir.

Kishi boshiga yillik daromad 100 dollar edi, bugun 600 dollar. 10 milliondan oshiq bola maktabga bormoqda, ularning 40 foizi qizlar. Yuzlab ming yosh universitet va kollejlarini bitirib, ishlay boshlagan. Aholining 70 foizdan ortig’i sog’liqni saqlash uchun zarur xizmatlardan foydalana oladi. O’rtacha umr 40 yosh edi, hozir 60 dan oshgan. Minglab kilometr yo’llar va kanallar barpo etildi, deydi vazir.

Bu yutuqlarning hammasi dunyo ahli bergan yordam mahsuli, deya tashakkur bildirdi afg’on bosh diplomati.

Xalqaro koalitsiya kelasi yil mamlakatni tark etish taraddudida ekan, 350 minglik mahalliy qurolli kuch tinchlikni saqlashdek murakkab vazifani o’z bo’yniga oladi.
Prezident saylovlari yaqinlashmoqda. Hamid Karzay 12 yildan beri davlat rahbari. Afg’onistonda hokimiyat demokratik ravishda o’zgaradi va fuqarolar jarayonda faol qatnashib, o’z ovozini beradi, deydi Zalmay Rasul.

Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasulning BMTdagi nutqi, original:

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG