Amerika Afg'onistonda to'qqiz bazasini saqlab qolmoqchi

  • Amerika Ovozi

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzayning aytishicha, Qo’shma Shtatlar 2014-yildan keyin mamlakatda to’qqiz bazasini saqlab qolmoqchi. Karzay bunga rozi, lekin Afg’oniston xavfsizligi kafolatlanishi va iqtisodiy taraqqiyot loyihalari ta’minlanishi shart.

Bir necha oydirki, Afg’oniston va Amerika 2014-yildan keyin AQShning mamlakatdagi harbiy roliga aniqlik kiritishga harakat qilib keladi. Ungacha xalqaro koalitsiyaning katta qismi yurtni tark etishi kerak. Hozircha kelishuv tafsilotlari e'lon qilinmay turibdi.

Bugun Kobul Universitetida chiqish qilgan Karzay so’zlariga ko’ra, hozir muzokaralarning hal qiluvchi bosqichi ketayapti. Vashingtonga to’qqiz baza kerak. Pokiston bilan chegarada, Jalolobod shahridagi inshoot va Eron bilan chegaradosh Hirot shahridagi baza.

AQSh harbiy inshootlari borligi Afg’oniston uchun, mamlakat kelajagi uchun foydali, deydi Karzay.

Matbuotning yoritishicha, Karzayning AQShga nisbatan so’nggi keskin chiqishlari muzokaralarga ziyon qilgan. Xususan, mart oyida prezident Amerika va Tolibonni til biriktirgani, maqsad xalqaro qo’shinlarni mamlakatda uzoqroq saqlab qolish ekanini da’vo qilib chiqqan edi.

Bundan tashqari, deya yoritadi ommaviy axborot vositalari, Pokiston bilan ora buzilib qolgan taqdirda Hamid Karzay Vashingtondan Afg’onistonning yonini olishni talab qilayapti. Shu paytgacha, Oq uy bu shartni bajarishdan bosh tortgan.

Oxirgi bir necha haftada Kobul Pokistonni chegaraga amal qilmayotganlikda, sarhadlar Afg’oniston tomoniga o’tib ketganiga ham e’tibor qaratishga chaqirgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG