Breaking News

Afg'onlar maxsus operatsiyalarni eplay oladimi?


Afg’onistonda tungi hujumlar nazorati mahalliy kuchlar qo’liga o’tgani ulkan yutuq sifatida talqin qilinmoqda. Ammo afg’onlar bunday nozik operatsiyalarni boshqarishga tayyormi?

Afg’oniston prezidentining matbuot kotibi Aymal Fayziy deydiki, tungi amaliyotlar endi butkul Kobul nazoratida ekani Amerika bilan azaliy bahslardan biriga nuqta qo’ydi. Tomonlar kelishib oldi, deydi u.

Maxsus operatsiyalarning “afg’onlashgani”, deya ta’riflaydi rasmiy, terrorizmga qarshi hamkorlikda olib borilayotgan kurash yangi bosqichga kirganidan dalolat. Uning aytishicha, maxsus kuchlar xizmatga shay.

General Jon Allen, xalqaro koalitsiya qo'mondoni
General Jon Allen, xalqaro koalitsiya qo'mondoni
Prezident Hamid Karzay xalqaro koalitsiya zo’r berayotgan tungi reydlarni qoralab, bu amaliyotlar aholi orasida AQSh va uning ittifoqchilariga nisbatan nafratni oshirmoqda deb kelar edi.

Afg’onistonda tinchlikni ta’minlashga urinayotgan NATO esa jangarilarni yo’q qilish uchun bunday hujumlar eng samarali yo’l deb hisoblaydi. Tolibon va al-Qoida yetakchilari aynan shu usul bilan o’ldirilganiga urg’u berib keladi.

Endilikda esa bu operatsiyalar afg’on maxsus kuchlari zimmasida. Xalqaro koalitsiya ularni tayyorlaydi va yordamlashadi. Har bir operatsiya afg’on adliya tizimi tasdig’idan o’tishi, jumladan, suddan imzo olinishi shart.

Samina Ahmad, Janubiy Osiyo xavfsizligi bo’yicha mutaxassis, tahlilicha, bu xo’ja ko’rsinga qilinayotgan ish. Aslida, deydi u, afg’onlarning bunday operatsiyalarni boshqarishga qurbi yetmaydi. Jarayon hamon bevosita AQSh qo’lida. Afg’on maxsus bo’limlari tuzilgan, ammo ular biror ishda chiniqishi uchun hali ancha ter to’kish kerak.

“Adliya tizimi ham bag’oyat zaif. Afg’onistonda qonun ustuvorligi haqida gapirishga hali juda erta”, - deydi Samina Ahmad.

AQSh-Afg’oniston orasida erishilgan yana bir kelishuv shuki, maxsus operatsiyalarda ushlangan odamlar endi mahalliy boshqaruvga topshiriladi. Avval ular AQSh nazoratidagi maxsus turmalarda edi. Inson huquqlari tashkilotlari bunga qat’iyan qarshi. Mahalliy qamoqxonalarda mahbuslarni tahqirlash va qiynoqqa solish hollari keng tarqalgan va afg’on hukumati bu jinoyatlarni tan olmaydi, ularga nisbatan chora ko’rmaydi, deydi huquq himoyachilari.

NATO Afg’oniston rahbariyati bilan uzoq muddatli maqsadlar ustida gaplashmoqda. May oyida Chikagoda o’tadigan sammitda bu asosiy masalalardan biri bo’ladi. Diplomatlarning aytishicha, 2014-yildan keyingi hamkorlik shartlarini aniqlab olish kerak.

Amerika o’z kuchlarini kelasi uch yil ichida butunlay olib chiqishga bel bog’lagan. Xavfsizlikni ta’minlash tumanma-tuman, viloyatma-viloyat mahalliy kuchlar zimmasiga o’ta boshlagan.

Samina Ahmad, Xalqaro bo’hronlar bo’yicha tashkilot ilmiy xodimi, deydiki, G’arb chiqishga emas, tinchlikka erishish uchun shoshishi kerak.

“Bizning xulosamiz shuki, afg’on milliy xavfsizlik kuchlari xalq va tuzum himoyasi uchun tayyor emas, tahdid nimadan iborat bo’lishidan qat’iy nazar. Ular na ichki, na tashqi xavfning oldini olishga qodir”.

Xalq xorijiy kuchlardan to’ygandek ko’rinishi mumkin, deydi olima, ammo NATO va AQSh hali ko’p xizmat qilishiga to’g’ri keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG