Kobul: Vashington bilan xavfsizlik bitimi muhokamasida siljish bor

  • Amerika Ovozi

Afg’oniston va AQSh xavfsizlikka doir bitim muhokamasida siljish bor, demoqda. Qo’shma Shtatlar hujjatni tezlatishga undayapti, ammo rasmiy Kobul avval Amerika tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot dasturlarini kafolatlasin, deya talab qo’ymoqda.


Qo’shma Shtatlar yetakchiligidagi xalqaro harbiy koalitsiya kelasi yil oxirigacha Afg’onistondan ketadi. Ammo Vashington undan keyin ham mamlakatda kichik sonli qo’shin qoldirib, xavfsizlikni ta’minlashda yordam bermoqchi.

AQSh va Afg’oniston muzokara qilib, qoladigan harbiylarning yuridik maqomiga aniqlik kiritishga urinayapti. Lekin shu yilning iyunida prezident Hamid Karzay Qatarda Tolibon bilan dialogni boykot qilganidan so’ng xavfsizlik bo’yicha muzokaralar ham to’xtab qoldi.

Afg’oniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Janan Musazoy so’zlariga ko’ra, taraflar yana muloqotga qaytgan va harbiy hamkorlik muhokamasida oldinga siljish bor.

Kobul sharti shuki, tayyor hujjatda AQSh tinchlik, xavfsizlik, barqarorlik va afg’on davlat idoralari taraqqiyotini ta’minlashga va’da berishi lozim. Dokument imzolanishi uchun tugal sana belgilanmagan, deydi rasmiy.

Amerika va koalitsiya qo’shinlari rahbari, general Jozef Danford loyihani tezlatish zaruratini eslatadi. Bu bitim afg’on askarlariga dushman bilan jangda dalda berishi, o’ziga bo’lgan ishonchni oshirishi aniq, deydi general.

Danfordning aytishicha, xalq ham jahon hamjamiyati Afg’onistonni o’z holiga tashlab qo’ymasligiga amin bo’ladi, Tolibon oyog’ini tortadi.

“2014-yilda afg’on qo’shinlari bilan ishlashda davom etamiz, mahalliy kuchlarga zarur yordamni ta’minlaymiz”, - deydi general.

Amerikaning Afg’oniston va Pokiston bo’yicha maxsus vakili Jeyms Dobbins yaqinda Kobulga safari paytida Vashington kelasi yillar afg’on xavfsizlik kuchlarini salmoqli jihatdan moliyalashni bo’yniga olgan, deya eslatdi.

Afg’onistonda xizmat qilayotgan 100 ming xalqaro qo’shinning taxminan 66 ming nafari amerikalik. Fevralgacha AQSh askarlarining yarmi vatanga qaytadi, boshqa davlatlar harbiylari ham ko’p sonda uy-uyiga jo’naydi.

Lekin tahlilchilar nazarida 2014-yildan keyin mahalliy armiya va politsiya toliblarga bas kelishi gumon. Jangarilar tinchlik jarayoniga bosh qo’shmasa, urush hali uzoq davom etadi, deydi ekspertlar.

Afg’oniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Musazoyning aytishicha, Pokistondagi toliblar Kobul bilan zimdan bog’lanib, murosadan gap ochgan.

Tolibonning tinchlikka moyil vakillari ko’pincha Pokiston hukumati tomonidan yo qamaladi, yo o’ldiriladi, deydi afg’on rasmiysi. Pokiston qarshiligi toliblar bilan muzokaraga to’siq bo’lib turgan asosiy omil, deydi u.

Ammo Tolibon kuni-kecha bergan bayonotida Kobul bilan bog’langan emasmiz, degan.

O’z navbatida, Islomobod Afg’onistondagi jarayonga aloqasi yo’qligini ta’kidlayapti. Aksincha, Pokiston 12 yillik bu urushni tugatish uchun muzokaraga qo’ldan kelgancha yordam berishga tayyor.

Toliblar 1996-2001-yillarda hukumat tepasiga kelganida Pokiston ularni tan olgan sanoqli davlatlardan edi. Taxminlarga ko’ra, Pokiston maxfiy xizmati Afg’oniston siyosiy sahnasida islomiy kuchlar vujudga kelishini qo’llab-quvvatlagan va, turli manbalarda ta’kidlanishicha, bugun ham toliblar bilan yaqin muomalada.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG