Karzay xavfsizlik kelishuvi tasdig'ini kechiktirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay AQSh bilan erishilgan xavfsizlik bitimi loyihasi uzoq muddatda mamlakat tinchligi uchun xizmat qilishini aytmoqda. Kobulda Loya Jirg’a, qabilaviy oqsoqollar va saylangan vakillar kengashi, majlisi bo’lib o’tayapti.


Karzay so’zlariga ko’ra, bitim kengash tomonidan ma’qullanib, so’ngra parlamentda ovozdan o’tgan taqdirda ham u 2014-yilgi saylovlardan keyin kuchga kiradi. Ushbu bayonot Vashingtonda salbiy qarshi olinishi mumkin.

AQSh qo’shinlari Afg’onistonda 2024-yilgacha va undan keyin ham qoladigan ko’rinadi.

“Do’stlik bo’lmasa hech narsaga erisha olmaymiz. Yakka tursak, boshqalarning poyi ostida qolib ketamiz”, - deydi Loya Jirg’adan bitimni yoqlashni so’rayotgan prezident Hamid Karzay.

“Qo’shma Shtatlar bilan munosabatlarimiz murakkab bo’lsa-da ularning quvvatlovi kerak bizga. 10 yillik hamkorligimiz shuni ko’rsatdiki, Afg’oniston tinchligi Amerika qo’lida. Bizga tinchlik va barqarorlik kerak”, - deydi u.

Kelishuvga muvofiq AQSh harbiylari bundan buyon jangovar operatsiyalarda qatnashmaydi. Yangi missiya - afg’on armiyasi malakasini oshirish hamda Afg’oniston yana terrorchilar maskaniga aylanishiga yo’l qo’ymaslik.

Vashington olg’a surayotgan bosh talab shuki, Amerika zobitlari xizmat davomida biror jinoyatga qo’l ursa Afg’onistonda sudga tortilmaydi.

Mudofaa vaziri Chak Xeygl Qo’shma Shtatlar bu masalada yon bermasligini ta’kidlamoqda.

O’tgan yili serjant Robert Beyls Qandahorda sodir etgan mudhish jinoyat afg’onlar yodida muhrlangan. Beyls o’shanda bir qishloqda 17 begunoh odamni, jumladan bolalarni o’ldirgan edi. U 16 yilga qamalgan.

Siyosatshunos Maykl Oxanlonga ko’ra, AQSh askarlari xorijiy davlatlarda javobgarlikka tortilmasligi azaldan bor narsa.

“AQSh harbiylari ba’zida jirkanch ishlarga qo’l uradi, buni tan olamiz. Ular albatta qilmishi uchun javob beradi, ammo o’z vatanida. Gap shundaki, dunyodagi jamiki davlatlar o’zining adliya tizimiga ega, ba’zida mukammal, ba’zida zaif. Amerika askarlarini ularga topshirib qo’yishni istamaydi”, - deydi Oxanlon.

Amerikalik zobitlar afg’onlar uyiga bostirib kirishi yoki reydlar o’tkazishi ham nozik masala. Ammo AQSh rasmiylarining ishon bilan aytishicha, afg’onlar xavfsizlik to’g’risidagi kelishuvni baribir ma’qullaydi chunki 2014-yildan keyingi vaziyat ko’p jihatdan Afg’onistonda askar qolishiga bog’liq.

Mahalliy armiya asta-sekin oyoqqa tura boshlagan, lekin xavfsizlikni eplashiga hali ancha bor. Shu bois AQSh bu mamlakatda 12 minggacha askar qoldirishi mumkin.
Ular soni bir necha faktorga bog’liq: tinchlik muzokaralari rivoji, Tolibon va al-Qoida salohiyati va qo’shni Pokiston bilan hamkorlik.

“Bu qaror afg’onlarning o’ziga havola. Tezroq bo’lgani yaxshi, chunki tayyorgarlik va vazifalarni belgilab olish uchun uchun vaqt kerak”, - deydi AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygl.

Iroqda yo’l qo’yilgani xatolarni takrorlamaslik Vashington uchun muhim. AQSh Bag’dod bilan xavfsizlik bobida kelisha olmay askarlarini bitta qoldirmay bu davlatdan olib chiqqan edi.

Afg’onistonda 12 yildan beri ketayotgan urush AQSh tarixidagi eng davomli mojarolardan. Kelasi bir necha kunda qilinadigan qarorlar bu harakatlar natijasini hal qiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG