AQSh-Afg'oniston xavfsizlik bitimi qachon imzolanadi?

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay

Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay oqsoqollarni majlisga to’plab, AQSh bilan ikki tomonlama xavfsizlik bitimi loyihasini muhokama qilgan. Karzayning aytishicha, bitimni imzolashga shoshishning hojati yo’q. Ammo 2014-yildan keyin AQSh kuchlarining Afg’onistonda qolishi shu kelishuvning imzolanishiga bog’liq.


Afg’oniston prezidenti AQSh bilan xavfsizlik bitimini imzolash mas’uliyatini Loyi Jirg’a deya ataluvchi oqsoqollar kengashiga yuklagan. Jirg’a keyingi oy shu masalada to’planishi kutilmoqda. Bu esa, ayrimlar nazarida, xalqaro kuchlar kelasi yil Afg’onistonni tark etganidan so’ng katta ahamiyatga ega bo’ladigan kelishuvning qabul qilinishini kechiktiradi. Hamid Karzay bundan tashvishda emas.

Vashingtonda joylashgan Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo bo’yicha strategik izlanishlar markazi tahlilchisi Jon Vudga ko’ra, hozir AQSh va Afg’oniston o’rtasida ikkita bahsli masala bor.

“Karzay maxsus xavfsizlik bitimi kafolatini istayapti. Bu AQSh tomonidan ittifoqchilik bitimi darajasida qabul qilinishi mumkin”, - deydi u.

Bu shakldagi kelishuv Qo’shma Shtatlarga Afg’onistonni tashqi agressiyadan mudofaa qilish majburiyatini yuklaydi. Bu esa Vashingtonga yoqmasligi mumkin, deydi Vud.

“Munozaraga sabab ikkinchi masala AQSh maxsus kuchlari yoki razvedkasining afg’on hukumatidan mustaqil tarzda harakat qilishini ta’minlashdir”, - deydi tahlilchi.

Dushanba kuni prezident Karzay terrorga qarshi kurash doirasida AQSh va NATO kuchlari amalga oshirgan havo reydlari va boshqa amaliyotlarini mamlakat suverenitetiga zid deya tanqid ostiga oldi. Ikki davlat o’rtasida imzolanishi kutilayotgan xavfsizlik bitimida bunga yo’l qo’yilmaydi, dedi u.

“Agar AQSh va uning ittifoqchilari o’zaro xavfsizlik bitimi kuchga kirganidan keyin ham odamlarimizga, qishloqlarimizga hujum qilish erkinligini talab qiladigan bo’lsa, afg’on xalqi bunga hech qachon yo’l qo’ymaydi”, - dedi Karzay.

Tahlilchilarning ogohlantirishicha, agar mahalliy kuchlarni quvvatlovchi bitim qabul qilinmasa, xalqaro qo’shinlar mamlakatni tark etganidan so’ng, 2014-yildan keyin Tolibon yanada kuchayishi mumkin.

Afg’oniston sobiq vaziri Hamidulloh Faruqiy ham shundan xavotirda.

“Tolibon va hukumatga qarshi bo’lgan boshqa qurollangan guruhlar bu imkoniyatdan foydalanib, xalqaro kuchlar mamlakatni tark etishi bilan hokimiyatni yana qo’lga kiritishdan umidvor”, - deydi afg’on tahlilchisi.

Faruqiy fikricha, kelasi yil apreliga belgilangan prezident saylovlari muvaffaqiyatli o’tib, kuchli hukumat tuzilsa, bu muammolar bartaraf etilishi mumkin.

30-sentabrgacha Afg’on muzokara guruhining a’zosi bo’lgan Ashraf G’ani Ahmadzoyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, xavfsizlik bo’yicha ketayotgan muloqotda har bir manfaatdor guruhning talablari e’tiborga olinmoqda. Barcha tomonlarni muvozanatda saqlab turuvchi kelishuvga erishish maqsad qilingan, deydi u.

“Har ikki hukumat masalani har taraflama o’rganib chiqyapti. Bitimning amal qilish muddati 10 yilga mo’ljallangan. Har bir tomon uchun bitimni o’zgartirish tartibi ilova qilingan. Ya’ni hozirgi hukumat qabul qilgan shartlarga keyin keladigan hukumatning rioya qilishi majburiy emas”, - deydi Ahmadzoy.

Ammo tahlilchilar va Kobul fuqarolari orasida xavotir kuchli. Ularga ko’ra, Tolibon tobora ko’proq qishloqlarga kirib bormoqda. Sobiq afg’on rasmiylaridan biriga ko’ra, armiyadan qochayotgan askarlar soni ham oshgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG