Amerika Afg’onistonda 2 mingdan ziyod askarini yo’qotgan

  • Amerika Ovozi

Afg’onistonda AQSh armiyasi talofatlari soni 2 mingdan oshgan. Shuning yarmi oxirgi ikki yilga to’g’ri keladi.

Prezident Barak Obama harbiy kampaniyaga zo’r berib, minglab qo’shimcha askar jo’natgach, Amerika Afg’onistonda ko’proq zobitidan ayrila boshlagan.

Xalqaro qo’shinlar mamlakatni tark etar ekan, xavfsizlik sekin-asta mahalliy armiya zimmasiga o’tmoqda. 2014-yilda mamlakat mudofaasi butunlay afg’on qurolli kuchlariga topshiriladi.

2001-yildan beri Afg’oniston armiyasi ayniqsa katta talofat ko’rgan. 2007-yildan beri, masalan, 6500 dan ziyod afg’on zobiti hayotdan ko’z yumgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobicha, 2007-yildan buyon urush 13 ming oddiy fuqaroning boshini yegan.

So’nggi paytlarda afg’on qo’shinlari orasida koalitsiyaga hujumlar faollashgani Qo’shma Shtatlarni xavotirga solib keladi. Oxirgi ikki haftada o’lganlar 10 kishini tashkil etgan bo’lsa, aksariyati amerikaliklar. Bu hamlalarda NATO yil boshidan beri 39 askarini qo’ldan boy berdi.

“Afg’oniston uchun mas’uliyat mahalliy qo’shinlar zimmasiga o’tar ekan, ularning malakasini oshirish bilan bandmiz”, - deydi prezident Barak Obama. “O’zaro muloqot, qo’shma mashqlar ko’lami ortgan. Amerika va afg’on zobitlari kunu tun birga ishlamoqda, demak hozir ustuvor vaziga, hamkorlik ish berishi va askarlarimiz xavfsizlgini ta’minlashdir”, - deydi u.

Amerika generali Martin Dempsi dushanba kuni Afg’onistonga borib, NATO va mahalliy mutasaddilar bilan ana shu qotilliklar borasida gaplashib olgan.

Tolibon da’vosicha, bu hujumlar – uning ishi. Afg’oniston armiyasiga odam kiritib, koalitsiyani ichdan yemirishning uddasidan chiqayapmiz, deydi jangarilar.




  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG