Afg’oniston yoshlari O’zbekistonda o’qish imkoniyatini so’ramoqda


Kobul, Afg'oniston

Afg’onistondagi bir necha universitet va muassasalarda o’zbek tili va adabiyoti bo’limlari tashkil qilingan. Oliygohlarni bitiruvchilar soni yiliga yuzlab kishini tashkil etadi. Lekin o’qishni davom ettirmoqchi bo’lgan yoshlarga tahsiliy imkoniyatlar deyarli yo’q.

O’zbek tili va adabiyoti bitiruvchilari magistrlik darajasini olish uchun qo’shni davlat - O’zbekistondan yordam kutmoqda.

Shiybo Rizvoniy Juzjon universitetini bitirgan. Ko’proq bilim olish niyatida, lekin qayerda? Afg’onistonda o’zbek tili bo’yicha magistrlik darajasini olish uchun sharoit yo’q. Xorijga borib shaxsiy imkoniyat bilan tahsil olishga yoshlarning qurbi yetmaydi.

Shiybo Rizvoniy singari yoshlar Afg’oniston hukumatidan O’zbekiston bilan ta’limiy kelishuvlar imzolashni so’ramoqda.

“O’zbekiston Afg’oniston bilan siyosiy, iqtisodiy hamkorlikni oshirsin. Shu mamlakat ayni holda bizga o’quv bo’yicha ham yordam bersin. Modomiki, bizda magistrlik uchun sharoit yo’q ekan, O’zbekistonda bunday imkoniyat mavjud ekan, bizga yordam berishlari kerak”,- deydi Shiybo.

Dunyoning turli davlari, jumladan Turkiya, Hindiston, Qozog’iston afg’on yoshlariga bakalavr va magistrlik uchun imkoniyat yaratib beradi. O’zbekiston ham shunday qilishi kerak, deydi Hafizullo Uchqun ismli yana bir bitiruvchi.

Ziyolilar nazarida yoshlarga o’quv imkoniyatlari yaratilishi uchun o’zbek siyosatchilari e’tibor qaratishi kerak.

“Arboblar siyosatni tilning rivoji uchun emas, aksincha tilni siyosat ravnaqi uchun vasila qilmoqda”, - degan fikr keng tarqalgan.

Juzjon universitetining Ijtimoiy bilimlar fakulteti raisi Havo Nuriy o’zbek tili va adabiyoti talabalariga malaka oshirish va amaliy mashqlar uchun imkoniyatlar yaratish bo’yicha tegishli arboblar bilan ko’plab muloqotlar o’tkazganini aytadi. Lekin hanuzgacha asosiy muammolar hal qilinmagan. Oldindagi to’siqlar talaygina.

“Yoshlarimizning malaka oshirish, magistrlik tezislari uchun eng ma’qul joy O’zbekiston. Bu bizninig necha yillik orzularimizdan”,- deydi Havo Nuriy.

Yangi qununga ko’ra, bo’lajak universitet o’qituvchilari magistrlik darajasiga ega bo’lishi shart. Hozirgi ustozlar magistrlikni qo’lga kirita olmasa, kelgusi besh yilda ishdan olinishi mumkin. Bu vaziyat o’zbek tili va adabiyoti bo’limi domlalarini xavotirga solgan.

“O’zbekistonning Kobuldagi elchixonasiga borgan edik. Elchi janoblaridan shu xususda yordam so’radik. Ular bizga yoshlarning O’zbekistonda borib, o’qib kelishlari hamda malaka oshirish ishlarida yordam berishni va’da qilgan edi. Afsuski, hanuzgacha berilgan va’dalarning hech beri amalda tatbiq qilinmagan”,- deydi Juzjon universitetidan Havo Nuriy.

Afg’onistonda o’zbek yoshlarining O’zbekistonga borib o’z ona tilida tahsil olishi azaliy orzu.

XS
SM
MD
LG