Uruzgonda politsiya idorasida portlash, o’lganlar bor

  • Amerika Ovozi

Afg’oniston rasmiylarining aytishicha, bugun politsiyachilar yig’inida bir kishi o’zini portlatib, 12 odamni o’ldirgan. Voqea Uruzgon viloyatida ro’y bergani aytiladi.




Viloyat ma’murlarining aytishicha, nishonga olingan politsiya idorasi qo’shni Qandahorga yetaklovchi yo’lni qo’riqlashda baza rolini o’tagan. Qandahor hamon toliblar faol hudud hisoblanadi.

Hujum ortida kim turgani ayon emas. Politsiya terrorchi tekshiruvdan bildirmay o’tib, binoga qanday kirib qolganini tergov qilayapti.

Bugun, shuningdek, Pokiston bilan chegarada boshqa bir odam o’zini portlatib, politsiyachi va yana bir tinch fuqaroni o’ldirgan. Sakkiz kishi jarohatlangan.

Oxirgi haftalarda Tolibon suiqasd xurujlariga va yo’l yoqasiga bombalar joylashga zo’r berib, afg’on rasmiylari va koalitsiya askarlariga zarba berayapti.

Hozir Afg’onistonda qolayotgan qariyb 100 ming askar sekin-asta xavfsizlikni mahalliy qo’shinlarga topshirmoqda. Kelasi yili koalitsiya mamlakatdan chiqib ketadi.

Bu orada, AQSh senatori Jon Makkeyn mustaqillik kunini Afg’onistonda, askarlar davrasida nishonladi. Senatning Qurolli kuchlar bo’yicha qo’mitasi a’zosi Amerika va Afg’oniston 2014-yildan keyin harbiy hamkorlik borasida tez orada murosaga keladi, degan umidda.

“Strategik sheriklik nihoyatda muhim. Amerikaning uzoq muddatda afg’on xalqi bilan hamkorligiga aniqlik kiritishdan har ikki tomon manfaatdor”, - deydi Makkeyn.

Safari chog’ida senator amerikalik zobitlar bilan uchrashdi. Makkeyn va safdoshi, senator Lindsi Grehem poytaxtda prezident Hamid Karzay bilan ham gaplashib oldi.

Qo’shma Shtatlar kecha istiqlolning 237 yilligini nishonladi. 4-iyul Amerika Britaniya istilosidan ozod bo’lgan sanadir.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG