Afg'on urushi haqidagi yangi film jang maydonida suratga olingan

  • Amerika Ovozi

Afg'on urushi haqidagi yangi film jang maydonida suratga olingan

Afg'on urushi haqidagi yangi film jang maydonida suratga olingan

Shu kunlarda katta ekranga chiqqan hujjatli film Afg’onistondagi urushga yaqindan nazar tashlaydi.

"Restrepo" deb nomlangan kartina Kunar viloyatidagi jang maydonida suratga olingan.

U Tolibon o’chog’i sanalgan yerlarda amerikalik harbiylar boshdan kechirgan dahshatni aks ettiradi.

Urush bu urush. 2007-2008 yillarda Afg’oniston shimoli-sharqidagi Korengal vodiysiga 15 a’zolik kichik maxsus harbiy qism safarbar etiladi.

Askarlar uchun eng katta xavf yo’l chetiga qo’yilgan bombalar edi. Portlashlar kundalik hol. Har yoqdan ajal isi keladi.

Ssenariy muallifi Sebastian Yanger o’zining “Ayovsiz bo’ron” nomli kitobida urush naqadar beshafqat ekanini ifodalab beradi.

“Mana shu asarni kinoga aylantirar ekanmiz, maqsad tomoshabinni urush maydoniga olib kirish bo’ldi, toki askarlar har kuni nima bilan yuzlashganini odamlar o’z ko’zi bilan ko’rsin. Urush siyosatdan yiroq narsa”, - deydi Sebastian Yanger .

Afg'on urushi haqidagi yangi film jang maydonida suratga olingan

Afg'on urushi haqidagi yangi film jang maydonida suratga olingan

Askar buyruqni bajaradi, uning siyosiy bahs va qarorlarga aloqasi yo’q. Filmning bosh qahramoni bo’lmish harbiylar Tolibon mahkam joylashib olgan yerda o’z postini quradi.

Jangda o’lgan safdoshi 20 yoshli medik Xuan Restrepo xotirasi uchun bu punktni “Restrepo” deb atashadi.

Bu 15 yigit hayot va dunyo nima ekanini mana shu yerda anglab yetadi, deydi rejissyor Tim Xezerington.

“Urush buzg’unchi, beshafqat; urush o’qituvchi. Urush insonni har bir daqiqani qadrlashga, mehr-oqibatli bo’lishga, sodiqlikka o’rgatadigan narsa. Ko’zingizni ochadi”.

Kinochilar guruhi harbiy qism bilan yuradi. Tolibon xurujlarini yaqindan tasvirga tushiradi. Ularga o’zlari guvoh bo’ladi. Mahalliy qabila va oqsoqollar bilan uchrashuvlarni kuzatadi. Oddiy afg’onlar hayoti bilan tanishadi.

Afg'on urushi haqidagi yangi film jang maydonida suratga olingan

Afg'on urushi haqidagi yangi film jang maydonida suratga olingan

“Tunu kun harbiylar bilan yonma-yon bo’ldik”, - deydi Sebastian Yanger.

“Zamon o’zgarishi mumkin, lekin urushning mohiyati o’sha o’sha. Jangga kirdingizmi kimnidir o’ldirasiz, kimdir sizni o’ldirishni muqaddas burch deb biladi. Safdoshlar bir-birini himoya qiladi. Birodarlik hissi paydo bo’ladi”,- deydi kartina muallifi.

Film hech kimning tarafini olmaydi. Biror davlat yoki tomonni oqlamaydi ham, qoralamaydi ham. Real manzara bilan tanishtiradi xolos: ko’ring, urush dahshatini.

“Amerika xalqi o’z farzandlarini urushga kuzatar ekan, bu yosh yigit-qizlar jang maydonida nima qilishini tushunib yetishimiz kerak”,- deydi rejissyor Tim Xezerington.

“Siz ularni odam o’ldirish uchun jo’natayapsiz. Ulardan kimnidir hayotidan ayirishni, o’z hayotini qurbon qilishni so’rayapsiz”.

Filmda urushdan maqsad nima, talofat shunga arziydimi degan murakkab savollar o’rtaga tashlanadi.

Insonlar umri hazon bo’layotganini va bir paytning o’zida kelajakka ishonch paydo bo’layotganini ko’rasiz. Kino jahon ekranlarida namoyish etilar ekan, tomoshabinlarning fikri turlicha.

Urush tarafdorlari va unga qarshi tomonlarga birdek ma’qul tarafi shuki, kartina sizga bilim beradi, sizni o’ylantiradi. Tinchlik, atrofdagi odamlar, bu hayot – g’animat deysiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG