86 qonunchi Obamani afg'on urushini tezroq tugatishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Logar viloyatidagi manzara

Logar viloyatidagi manzara

AQSh Vakillar palatasidagi respublikachilar va demokratlardan 86 nafari prezident Barak Obamaga maktub yolladi. Unda Afg’onistondagi urushni tezda tugating deyiladi.

Palatada Afg’onistondagi urushni 2014-yilda tugatish haqidagi masala ovozga qo’yilganida 435 a’zodan birgina Barbara Li qarshi ovoz berdi.

Demokrat qonunchi Qo’shma Shtatlar qo’shinlarni belgilangan muddatdan vaqtliroq olib chiqish kerak degan fikrda. Endi esa Barbara Li boshqa siyosatchilarni ham o’z tomoniga og’dirishga harakat qilmoqda.

AQSh qo'shinlari 2014-yil oxirigacha Afg'onistonni tark etadi

AQSh qo'shinlari 2014-yil oxirigacha Afg'onistonni tark etadi

"Urush davom etar ekan, yosh amerikaliklar nobud bo’lmoqda, bunga boshqa yo’l qo’ya olmaymiz", - deydi Li xonim.

Uni quvvatlayotgan respublikachi kongressmen Uolter Jons Afg’onistondagi urush AQSh xazinasini quritdi deydi.

“Amerikada maktablar, yo’llaru-ko’priklar, infratuzilma ta’mirga muhtoj. Biz oyiga 10 milliard dollarni Afg’onistonga beryapmiz. Bu mablag’ evaziga u yerda yangi yo’llar qurilayapti, lekin ko’p o’tmay ular portlatilayapti. Bizning yosh yigit-qizlarimiz nobud bo’lyapti. Janob prezident, ularni vatanga qaytaring!” – deya hayqiradi kongressmen.

Kongress

Kongress

Demokrat qonunchi Piter Uelsh esa hamkor davlatlar Afg’onistonni tark etishga shoshmoqda deydi.

"Biz nimani kutayapmiz?" - deya so'raydi u.

Obamaga yo’llangan maktubda Afg’onistonda xavfsizlikni ta’minlash vazifasini afg’onlarning o’ziga tezroq topshirish zarur deyiladi.

Prezidentlikka nomzod respublikachi kongressmen Ron Pol nazarida AQSh xorijdagi har qanday urushni bas qilishi kerak.

“Amerika xalqi Afg’onistondagi urushga qarshi. Biz, Vashingtondagi siyosatchilar, buni nega tushunmayapmiz?” – deya so’raydi u.

So’nggi ommaviy so’rovlarda, amerikaliklarning 26 foizigina Afg’onistondagi harbiy harakatlarni quvvatlagan.

Afg'oniston, xalqaro koalitsiya va Tolibon

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG