Breaking News

AQSh Afg’onistondagi aslahani biror qo'shni mamlakatga bermaydi


Qandahor, Afg'oniston
Qandahor, Afg'oniston
AQShning Afg’onistondagi harbiylari so’zlariga ko’ra, ayrim zihrli avtomobil va boshqa qurol-aslaha Pokistonga beriladi degan xabarlar xato.

Davlat departamenti ham shuni qayd etmoqdaki, ortiqcha deb topilgan texnika biror qo'shni davlatga uzatilmaydi. Bu bayonot - AQSh Afg'onistonni tark etarkan, ayrim qurol-aslahani qo'shnilarga qoldiradi degan taxminlarga javob.

Maxsus dastur asosida Amerikaga yaroqsiz yoki ortiqcha deb topilgan eski harbiy vositalar boshqa davlatlarga hadya qilinadi.

Hukumatlar bu borada iltimosnoma uzatganida, Davlat departamenti va Mudofaa vazirligi ularni izchil ko'rib chiqadi.

O'zbekiston, masalan, MRAP rusumidagi broneavtomobillar so'ragan. Ijobiy javob olgan. Davlat departamenti bayonoti ular aynan Afg'onistondan kelishini inkor etadi.

"Biz Afg'onistondan biror qo'shni davlatga ortiqcha aslahamizni uzatganimiz yo'q va uzatmaymiz ham", - deyiladi 31-mart kuni chiqqan nomada.

Ortiqcha aslaha saqlanadigan omborlar Amerikada. Biror davlatga biror vositani berishga qaror qilinsa, uni olib ketish o'sha davlatning ishi, ya'ni MRAP mashinalarining transportirovkasi uchun O'zbekistonning o'zi to'laydi.

Afg'onistondagi qurol-aslaha Pokiston va Markaziy Osiyo (Shimoliy Ta'minot Tizimi) orqali olib chiqilmoqda.

AQSh generali Jozef Danford Amerika uchun afg’on xalqi va afg’on qurolli kuchlari manfaatlari ustuvor bo’lib qoladi, deydi.

Biroq Danford oy boshida Senatda qilgan chiqishida 1200 dona, minaga chidamli harbiy avtomobildan ayrimlari qo’shni Pokistonga xayriya qilinishi mumkin, degan edi.

Uning o’shanda aytishicha, tugal qaror qabul qilinsa, bu mashinalarni olib ketish uchun o’sha davlatning o’zi bosh-qosh bo’lishi, xarajatni o’zi qoplashi kerak bo’ladi.

“Vashington Post” gazetasining yaqinda yozishicha, 7 milliard dollarlik zirxli avtomobil haqida gap ketayapti.

O’tgan 12 yilda afg’on xavfsizlik kuchlariga 53 milliard dollarlik aslaha, 160 samolyot, 100 ming avtomobil, 500 ming qurol va 200 ming dona aloqa vositasi uzatilgan. Hozir ham Afg’oniston qurol-aslaha bilan ta’minlanmoqda.
Afg'oniston - AQSh/Markaziy Osiyo - Afghan-US Security Pact
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:29 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG