Afg'onlar: G'arb yordami ish o'rinlari yaratish uchun sarflansin


G’arb davlatlari Afg’onistonga ham harbiy, ham istiqodiy madad ko’rsatmoqda. Afg’onlar minnatdor, lekin jamoatchilik fikricha, bu ko’mak asosida aholi uchun ish va imkoniyatlar yaratilishi kerak.

Tolibon hukumati ag’darilganidan buyon Afg’oniston xalqiga milliardlab dollar yordam ko’rsatilgan. Afg’onlar deydiki, yordamlar joy-joyiga sarflanmagan, pulning ko’p qismi muayyan odamlarning cho’ntagiga tushgan.

Juzijonda yoshlar ishlari bo’yicha boshqarma rahbari Axtar Muhammad Fayziy deydiki:

“Afg’oniston korrupsiya bo’yicha dunyoda ikkinchi o’rinni egallaydi. O’zbeklarga kamroq e’tibor berildi. Men Juzijonda yashayman. Juzijon rivojlanish, iqtisodiy va ta’lim nuqtai-nazaridan ortga qoldi. Biz barobarlikni, adolatni xohlar edik”.

Hukumat tashqi yordamdan foydalanib, doimiy ish o’rinlari yaratsin degan fikr keng tarqalgan. Ishsizlik notinchilikka sabab bo’ladi. Ishlab yurgan odam buzg’unchilik uchun vaqt ajrata olmaydi, bu bilan tinchlik ham ta’minlanadi, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan afg’onlar.

“Biz kambag’al xalqmiz, pul iqtisodiy bo’limlarda sarflansin. Aholiga korxonalar, fabrikalarni yaratsinlar. Xalq ish bilan ta’minlansin. Xalqimiz ham hozirgi muammolardan chiqa olsin”, - deydi Muhammad Sharif ismli yigit.

Ba’zilar nazarida yordam berayotgan davlatlar mablag’ni o’zlari sarflashi kerak, chunki Afg’oniston hukumatiga ishonib bo’lmaydi. Boshqalar esa davlat oz mablag’ bilan ko’proq ish qilishga qodir, deydi.

Ularning qayd etishicha, xorijiy moliya avvalo vakolatxona va chet ellik mutaxassislarning ish haqqini to’lashiga ketadi.

“G'arb davlatlari mablag’ning 50 foizini afg’on hukumati va 50 foizini o’zi sarflasin. Bu bilan yaxshi nazorat ham bo’ladi va bir-birini ayblashga o’rin qolmaydi”, - deydi iqtisodchi Mujtabo Xayrandish.

Ichki mahsulotni rivojlantirish va eksport ko’lamini oshirish bilan o’lkani oyoqqa turg’azib olsa bo’ladi, lekin bu tezlikda bo’ladigan narsa emas, deydi suhbatdosh.

XS
SM
MD
LG