Afg'on faollar: Vazira Tolibondan yordam so'ragani nimasi?


Afg’onistonda Xotin-qizlar masalalari bo’yicha vazir Tolibondan yordam so’ragani inson huquqlari faollarini xavotirga soldi. Vazira Dilbar Nazariy so’nggi bayonotida Tolibondan ayollarga qarshi jinoyatlarda aybdor odamlarni ushlab jazolashni so’ragan edi.

Inson huquqlari tashkilotlari norozi. Biroq vazirni quvvatlayotganlar ham kam emas.

Dilbar Nazariy Tolibonga murojaatida “agar siz noma’qul urf-odatlarga qarshi bo'lsangiz, shariatni afzal bilsangiz, ayollarga qarshi zo’ravonliklarni islom diniga qarshi deb hisoblasangiz, zo’ravonlik qilganlarni ushlab jazolang”, dedi.
Huquq faollari esa toliblarni jinoyatlarda ayblab keladi.

Mag'firat Samimiy

Mag'firat Samimiy

Juzjon, Faryob va Saripul viloyatlari uchun inson huquqlari komissiyasi raisi Mag’firat Samimiy vazirning bu bayonotiga qarshi. Hukumat va qonun mavjud mamlakatda hech bir guruhga odamlarni jazolash uchun ruxsat berilmasligi kerak, deydi u. Tolibonga o’xshagan guruhlarni hukumat yo’q qilishi zarur.

“Vazir hukumatning odami ekan, o’zi qonunni tatbiq qilishga majbur va ularni [Tolibonni] ham shunga undashi kerak edi. Bizda ijrochi kuchlar bor, qonun chiqaruvchi kuchlar bor, sud bor. Zo’ravonlikda aybdor odamlar qanday jazolanishini shular qaror chiqarishi kerak. Toliblar ayollarni tumanlarda toshbo’ron qilayapti. Vazir bu gapi bilan toliblarga shu ishni qilibsan, yana shu ishingni davom ettiraver dedi”, - deydi Mag’firat Samimiy.

Uning nazarida hukumat xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishda juda sust.
“Tumanlarda ayollar toshbo’ron bo’lmasidan oldin, bir soat, yarim soat oldin qabrlari qazib qo’yiladi. Shuning o’zi katta bir qiyinchilik. Hukumat nega bunga e’tibor bermaydi? Hukumat, birinchidan, xavfsizlikni ta’minlashi kerak”, - deydi Samimiy.

Tumanlarda ayollar toshbo’ron bo’lmasidan oldin, bir soat, yarim soat oldin qabrlari qazib qo’yiladi.

​Shariat so’ziga qarshi odamlar yo’q. Vazir ham o’z so’zlarida toliblarga “shariatni afzal bilsangiz, zo’ravonliklarda aybdorlarni jazolang” degani jamoatchilik orasida norozilik ruhini kuchaytirgan. Chunki ko’plab afg’onlar nigohida Tolibon islom namoyandalari emas.

Juzjon, Faryob va Saripul viloyatlari inson huquqlari komissiyasi raisi, jamoatchi faol Muhammad Rasul Oxunzoda fikricha:

“Shariat yuzasidan ish qilinsa, hech qanday muammo yo’q, lekin bu gap suiiste’mol qilinmasin. Vazirning bu so’zlari ularga vakolat topshirdi deb o’ylamaslik kerak. Shariatda ham usul bor, qoida-qonun bor. Agar shariatning usullari inobatga olinsa, hech qanday muammo yo’q. Chunki shariat Allohning buyrug’i, payg’ambarning hukmi, bu bir farz.Agar shariat usullari inobatga olinmasa, bu xalqni xavotirga soladi”.

Mag’firat Samimiyning aytishicha, oilaviy zo’ravonliklar ishsizlik va savodsizlikka borib taqaladi.

XS
SM
MD
LG