“Zo’ravonlikdan qochgan ayollar jinoyatchi emas”

  • Amerika Ovozi

Afg’onistonda xotin-qizlar mavqei va ularning huquqlari himoyasi o’tgan o’n yillikda ancha oshdi, ammo bu borada jiddiyroq, dadilroq harakat qilish kerak deganlar ko’p.



Afg’onistonda ayollarning manfaati uchun baralla gapirayotganlar ko’p. Ulardan biri - Adliya vaziri Habibullo G’olib. Zo’ravonlikka bardosh bera olmay uyidan qochib ketayotgan xotin-qizlar jinoyatchi emas, deydi u. Aksariyat hollarda ayollar bunday harakat uchun jazolanadi, sharmanda qilinadi. Oilasini tashlab ketgan juvonlar ahloqsiz deya tamg’alanadi va qamaladi.

Inson huquqlari bo’yicha “Human Rights Watch” tashkilotining Afg’onistondagi bosh tadqiqotchisi Xezer Barr deydiki, hukumat ayol huquqini qog’oz yoki so’zda emas, amalda himoya qilishi kerak.

“Uyidan qochgani uchun qamoqda saqlanayotgan ayollarni ozod etsin. Politsiyaga bunday ayollarni hibsga olmaslikni buyursin. Prokurorlarga esa zo’ravonlikdan qochgan ayollarga qarshi jinoiy ish qo’zg’amaslik va ularni ahloqsizliikda ayblamaslikni buyursin”.

Yaqinda Adliya vaziri Habibullo G’olib, shuningdek, Xotin-qizlar masalalari bo’yicha vazira Hasan Bonu G’azanfar va Ichki ishlar vaziri muovini Boz Muhammad Yarmand bergan ijobiy bayonotlar jiddiy o’zgarishdan darak beradi.

Uyidan bosh olib ketgan va buning uchun ozodlikdan mahrum etilgan yuzlab ayollar uchun rasmiylarning so’zlari katta ahamiyatga ega, deydi Xezer Barr.

“Zinoda ayblanib qamalganlarning ishlari qayta ko’rilib, begunoh insonlar ozod etilishi lozim”.

Tashkilotning mart oyida chiqqan hisobotiga ko’ra, Afg’oniston qamoqlarida 700 ayol mahbus bor. Ulardan qariyb 70 foizi, ya’ni 400-500 nafari oiladagi zo’ravonlik yoki majburiy nikohdan qochgani uchun ozodlikdan mahrum etilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG