Afg'on ayollari huquqini himoya qilish qiyin

  • Amerika Ovozi

Xalqaro kuchlar Afg’onistonni tark etar ekan, afg’on ayollari eski mustabid tuzumning qaytishidan xavotirda. So’nggi yillarda faol bo’lgan xotin-qizlar ham ekstremist kuchlar hujumidan xavfsirab, o’z faoliyatlarini susaytirishga majbur bo’lmoqda.
O’n yil muqaddam Tolibon hukumati qulashi ortidan o’zlarini burqadan xalos etgan ayollar bugun ko’nglidagi gaplarini kamera oldida gapirishdan cho’chiydi. Ayrimlari oila a’zolarining qarshiligidan xavotirlansa, boshqalari ekstremistlar nishoniga aylanishdan qo’rqadi.

Yaqingacha afg’on jamiyatida ayollar faolligi oshgani sezilayotgan edi. Ammo xalqaro kuchlar mamlakatni tark etishga tayyorlanar ekan, mavhum kelajak ostonasida huquq faollari ko’proq ko’zga tashlanishdan o’zini tiymoqda. Ayol siyosatchilar va yetakchilarga qarshi kayfiyat yana oshayotgandek.

Afg’onistonda ayollar huquqlarini himoya qiluvchi loyiha rahbari Suzan Babergning aytishicha, ayollar huquqlari himoyachilarini o’lim tahdidi bilan qo’rqitish hollari ko’paymoqda. Ayni paytda ayollarga oilalarida ham bosim oshgan, deydi u.

“Hozirgi sharoitda xotin-qizlarga intervyu berish, televideniye, radio yoki matbuotda bahslarda qatnashish tavsiya etilmaydi. Ular o’zlarini panada saqlashga harakat qilishyapti. O’tgan 2-3 oy ichida ayrim mashhur faol ayollar o’ldirib ketildi, ko’plab o’lim tahdidlari bo’ldi”, - deydi Baberg.

Dushanba kuni Hilmand viloyatida yuqori lavozimli ayol politsiyachi otib ketildi. Undan avvalgi rasmiy ham iyul oyida jangarilar tomonidan o’ldirilgan edi. Shuningdek, afg’on ayol qonunchilariga ham hujumlar uyushtirilgan.

Babergga ko’ra, taniqli ayollarni nishonga olish keng yoyilgan muammo.

“Matbuotda ko’rinish bermaslik, yuqori darajali uchrashuvlarda qatnashmaslik, shuningdek, ishga boradigan yo’llarini o’zgartirishdan tashqari, ayollar mijozlarining uylariga borishni ham yig’ishtirib qo’ydi. Ular ayollar bilan har xil joylarda uchrashishadi. Mullalar, mahalla keksalari bilan uchrashishni ham deyarli to’xtatib qo’yishdi. Ular orqali vositachilik qilish va politsiyachilar orasida ayollar sonini oshirish loyihamizning muhim qismi edi”, - deydi huquq faoli.

BMTning inson huquqlari bo’yicha oliy komissari Navi Pillay o’tgan 12 yil davomida Afg’onistonda inson huquqlarini himoya qilish borasida erishilgan muvaffaqiyatlar mustahkam emasligi haqida ogohlantirdi. Unga ko’ra, xalqaro kuchlarning mamlakatni tark etishi bu borada ahvolni yanada yomonlashtirishi mumkin.

“Bu inson huquqlarini mustahkamlaydigan fursat bo’lishi kerak, zaiflashtiradigan yoki qurbon qiladigan emas. Afg’oniston hukumati inson huquqlarini mustahkamlash bo’yicha ko’p va’dalar berdi. Bu yaxshi, ammo bizga hozir har qachongidan ham amaliy harakat zarur”, - deydi BMT rasmiysi.

Ayrim tahlilchilar fikricha, prezident Hamid Karzay ekstremist kuchlar bilan murosaga borish uchun ayollar huquqlari borasida ularning talablariga yon berishi mumkin.
Pillayga ko’ra, siyosiy zarurat yuzasidan adolat va inson huquqlari qurbon qilinmasligi kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG