"Junbishi Milliy" 'azosi: Afg'on hukumatida Do’stumga qarshi guruhlar bor


General Abdul Rashid Do’stum tarafdorlari davrasida

General Abdul Rashid Do’stum tarafdorlari davrasida

Navro’z bayrami arafasida Afg’oniston prezidentining birinchi o’rinbosari va "Junbishi Milliy" partiyasi rahbari general Abdul Rashid Do’stumning Mozori Sharifda o’rnatilgan surati olib tashlangani uning tarafdorlarini g’azablantirdi. Partiya a’zolari uch kun norozlik namoyishlar uyustirdi. Bir kishi halok bo’ldi.

Balx viloyati hokimi general Ota Muhammad Nur yaqinlari tomonidan General Do’stumning Mozori Sharifda o’rnatilgan suratining tushirilishi "Junbishi Milliy" partiyasi a’zolari qarshiligiga uchradi. Mozori Sharif, Samangon, Bomiyon, Taxor, Qunduz, Juzjon, Sari Pul va Faryob viloyatida odamlar norozilik bildirib ko’chalarga chiqdi. Faryobda zo’ravonlikka aylangan namoyishlarda bir kishi hayotini yo’qotdi, yana to’rt odam yaralandi. Bu xabar ijtimoiy tarmoqlarda ham keng tarqaldi. Ikki partiya a’zolari orasida tortishuvlar avj oldi.

Namoyishlar uch kunga qadar davom etarkan, Turkiyada safarda yurgan General Abdul Rashid Do’stum bayonot chiqarib, namoyishlar to’xtatilishini buyurdi. Prezident Ashraf G’ani ham Jamiyat partiyasining Faryob viloyatidagi harakatini qoraladi. Masalani tekshirish uchun yuqori martabali hay’at jo’natishini bildirdi.

Junbish partiyasi so’zlovchisi Bashir Ahmad Tayanch

Junbish partiyasi so’zlovchisi Bashir Ahmad Tayanch

​"Junbishi Milliy" va "Jamiyati Islomiy" partiyalari o’rtasida avvallari ham qonli to’qnashuvlar yuz bergan, yuzlab odamlar nobub bo’lgan edi. "Jamiyati Islomiy" partiyasiga qarshi bo’lgan "Hizbi Islomiy" guruhi hukumatning tinchlik muzokaralariga qo’shilishi bilan xalq orasida "Junbishi Milliy" va "Hizbi Islomiy" partiyalari til topishib, "Jamiyati Islomiy" partiyasiga qarshi jang boshlanishi mumkin degan tashvish paydo bo’ldi. Mozori Sharifda sodir etilgan voqea bu tashvishlarni yana ham kuchaytirdi. "Junbishi Milliy" partiyasi so’zlovchisi bu tashvishlarga o’rin yo’q, "Junbishi Milliy" va "Jamiyati Islomiy" orasida urushlar boshlanmaydi deya urg’ulaydi. “Fotosuratni olib tashlanganini xalqimiz rahbarimizga hurmatsizlik deb tushundilar. Xuddi shunday mavzular oldindan ham bo’lgani sababli namoyishlar tezda boshqa viloyatlarga ham tarqalib ketdi. Masalan, Mirzo Ulug’bek nomidagi maktabning Ota Muhammad Nur maktabi deb o’zgartirilishi, Alisher Navoiyning haykali sindirilgani hamda Ravzai-Sharifdagi o’zbekcha bitiklarning o’chirib tashlangani - bular ham xalqning qarshiligiga duch kelgan”,- deydi "Junbishi Milliy" partiyasi so’zlovchisi Bashir Ahmad Tayanch.

“Ota Muhammad Nur degani Jamiyat partiyasining hamma odamlari degani emas. Partiyada gapga tushunadigan odamlar ham bor. Masalan, Ota Muhammad Nurga zid bo’lgan Ahmadshoh Ma'sudning ukasi Ahmad Ziyo Ma'sud bor. Shu namoyishlar jarayonida Ota Nurdan boshqa hech biri bizga qarshi biror fikr bildirmadi. Partiyaning so’nggi bor chiqargan bayonotida ham bizga qarshi fikr yo’q edi. Aksincha, Faryobda bo’lgan voqeani ham qoralab chiqdilar”, - deydi Bashir Ahmad Tayanch.

Yangi hukumat qurilayotganida Abdulla Abdulla uchun siyosiy kelishuv asosida ijrochi rais vakolati yaratildi. Bu ikki yillik maqom deb qayd qilindi. Matbuotda tarqalgan ayrim xabarlarda General Do’stumning o’rni va vakolatini Abdulla Abdullaga olib berish maqsadida harakatlar boshlanmoqda, ijrochi rais maqomi bekor qilinadi deyilgan edi. Bashir Ahmad Tayanch bu narsa mumkin emas, General Do’stumning qancha muddat qudratda qolishi va vakolati bosh qonunda belgilangan, buni hech kim o’zgartira olmaydi, deya takidlaydi.

“Prezident birinchi muovinligi bosh qonunda aytib o’tilgan. Ijrochi raislik siyosiy kelishuv asosida vujudga kelgan. Bu haqda Loya Jirg’a qaror qabul qilishi haqida kelishib olingan. Qachonki Loya Jirg’a o’tkazilsa, o’shanda Afg’oniston xalqi hukumat tuzumi qanday bo’lishini belgilaydi, albatta, bunda bizning xalqimiz namoyandalari ham ishtirok qiladi”, - deydi "Junbishi Milliy" partiyasi so’zlovchisi.

Prezident saylovlaridan oldin, o’zbek arbob hukumatdagi ikkinchi muhim o’ringa tayinlanar ekan, elatdoshlar hayoti yaxshilanadi degan umid bor edi. Xalq esa hozirgi avoldan rozi emas.

“Hukumat ichkarisida bizga qarshi odamlar bor. Ular bizning kuchli bo’lishimizni xohlamaydi. Kuchli bo’lishimizdan qo’rqadi. 40 yildan beri urushda bo’lgan mamlakatda xorijiy davlatga ishlaydigan odamlar ham hukumatdan joy olgan, shular ham bizga zid. Lekin biz o’z yo'limizni davom ettiramiz”, - deydi Tayanch.

Uning nazarida, agar fotosuratni olib tashlagan odamlar ushlanib qonun oldida javob bermasa, xalq yana norozlik namoyishlarini qayta boshlashi tayin.

"Jamiyati Islomiy" partiyasi va Balx viloyati rahbariyati General Abdul Rashid Do’stum fotosuratining olib tashlanganida ularning odamlari biror rol o’ynaganini inkor etadi.

XS
SM
MD
LG