Afg'onistonda zirhli mashinalar savdosi susaygan

  • Amerika Ovozi

Xalqaro kuchlar 2014-yilning oxirigacha Afg’onistonni tark etishga tayyorlanar ekan, minglab yordam tashkilotlari xodimlari hamda diplomatlar ham o’z faoliyatiga yakun yasamoqda. Kobuldagi tadbirkorlar allaqachon buning ta’sirini seza boshlagan. Zirhlangan mashinalar savdosi susaygan.
Nikol Strup “IATS” kompaniyasining Kobuldagi idorasida zirhli texnikani sozlash bilash shug’ullanadi. Bir necha yil avval Afg’onistonda bunday xizmat ko’rsatuvchi kompaniyalar deyarli yo’q edi. Ammo minglab askarlarning kirib kelishi bilan mina va o’qlarga chidamli mashinalarga ehtiyoj ortdi.

“O’qdan tortib mashinaga otilgan toshlargacha – turli hujumlardan yon oynalari singan, buzilgan mashinalar ko’p bu yerda”, - deydi Nikol.

Uning mijozlari - xavfsizlik sohasida ishlovchi tashkilotlar, diplomatlar hamda urush boshlanishi bilan Afg’onistonga yopirilib kelgan yordam guruhlari. Xalqaro kuchlarning jo’nashi arafasida bu mijozlar ham mamlakatni tark etish harakatiga tushgan.

“Ularning shartnomasi tugayapti. Allaqachon bir nechta mijozni boy berdik. Bu biznesning mohiyati shunday”, - deydi Nikol.

Chet elliklar jo’nab ketish oldidan qimmat texnikani sotmoqda. Oqibatda esa abtomobillar narxi pasayib ketdi, deydi “BM Group” avtokompaniyasi direktori Said Bashir.

“Yangisi 180 ming dollar turardi. Hozir 130-140 ming dollarga tushgan”, - deydi u 2010-2011-yillarda ishlab chiqilgan “Toyota Lend Kruzer” mashinasi haqida.

Saidning aytishicha, hozir bozorda mol ko’p. Ammo sotib olishga qurbi yetadigan afg’onlar kam. Puli borlarning ham ko’pida kerakli hujjat yo’q, deydi u.

“Italiyaliklar bu mashinalarni lizingga olishardi. Hozir ular ketyapti. Shuning uchun shartnomani bekor qilishgan. Endi bu texnikani boshqa xorijliklarga ijaraga berishmoqchi”, - deydi Said.

Bunday transportdan foydalanish huquqiga ega mijozni topish ham qiyin. Ilgari qonun-qoidalarga mutlaqo rioya qilinmagan bo’lsa, hozir faqat hujjati joyida bo’lgan odamlargagina xizmat ko’rsatish mumkin.

Ichki ishlar vazirligi so’zlovchisi Siddiq Siddiqiyning aytishicha, qoidabuzarlar jazolanadi.

“Ayrim odamlar avtomobillarini davlat ro’yxatidan o’tkazmaganini aniqladik. Bu jiddiy muammo. Bunday texnikadan shahar va viloyatlarda foydalanish uchun soliqni to’lash hamda qonuniy guvohnomaga ega bo’lish kerak”, - deydi u.

2014-yildan keyin mamlakatda qolishi mumkin bo’lgan xorijlik kuchlarning taqdiri hanuz aniq emas. Bu esa mamlakatning biznes ahlini xavotirga solmoqda, - deydi “Shevrolet” kompaniyasi sotuvchisi Yama Yusufiy.

“Agar ular Afg’onistonni tark etsa, bundan bizneslar katta ziyon ko’radi. Nafaqat biznes, balki hamma”.

Yusufiyning aytishicha, hozir odamlar yangi mashina olishdan o’zlarini tiyib turibdi. Ular Hamid Karzayning AQSh bilan tuzilgan xavfsizlik bitimini imzolashini va shundan so’ng mamlakatda yuz beradigan o’zgarishlarni kutmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG