Afrika mojarolari mintaqaviy yondashuv talab qiladi

  • Amerika Ovozi

G'arbiy Afrikada jihodchilar

G'arbiy Afrikada jihodchilar

Yangi tadqiqot Afrikada mojarolar oldini olish va hal etishga bag’ishalgan. Kanadada joylashgan Hokimiyatda yangilik xalqaro markazi (CIGI - Center for International Governance Innovation) chiqargan hisobot qurolli mojarolar va hokimiyat uchun kurashni chuqurroq tahlil qilishga e’tibor qaratadi.

Qisqacha CIGI deya tanilgan markaz “Afrikada mojarolar: diagnoz va javob” deb nomlangan hisobot chiqardi. Unda siyosiy zo’ravonlik, samarasiz davlat idoralari, elat, din va o’zlik qit’adagi mojarolarga qanday ta’sir ko’rsatayotgani tahlil qilinadi.

AQSh Davlat kotibining Afrika masalalari bo’yicha sobiq muovini Chester Kroker hozirda CIGIning Global xavfsizlik va siyosat dasturini boshqaradi.

“Biz faqat qonli ekstremizmni tahlil qilmadik. Boshqa jihatlar, xususan, jinoiy tarmoqlar sababchi bo’lgan mojarolar, qaroqchi va kontrabandachilar boshlab bergan nizolar, o’zlik atrofidagi tortishuvlar hamda turli guruhlarning hokimiyat uchun kurashini o’rgandik. Masalan, Burundidagi voqealar negizida aynan hokimiyat uchun kurash yotadi”, - deydi u.

Qonli ekstremizmga kelsak, AQSh, Fransiya va boshqalar Afrika davlatlariga bu tahdidga qarshi kurashda yordam beryapti. Ammo Kroker harbiy chora yetarli emas, muammo sabablarini hal qilishimiz kerak, deydi.

“Ayrim hollarda samarasiz va zaif, mamlakatning ba’zi hududlarini nazorat qilolmaydigan davlat tizimi mavjud. Masalan, Nigeriyada Boko Haram jangari guruhi muayyan bir hududda hukmron. Bu kabi guruh saflariga jalb etilgan odamlar ishsiz, ular yashaydigan joyda ish yo’q. Hukumat esa beparvo, mahalliy hokimiyat bunday odamlarni nima qilishni bilmaydi. Bo’shliq uzoq bo’sh qolmaydi, deganlaridek, Boko Haram bu bo’shliqni to’ldirdi”, - deydi Kroker.

Boko Haram jangarilari odamlarni qanday yollashni yaxshi biladi, deydi y.

“Biz senga yordam beramiz. Istaganingni bajaramiz. Ish beramiz. Qurol beramiz. Shu kabi gaplar aytiladi. Bunga javoban harbiy choralar yetarli emas. Keng ma’noda samarali hokimiyatni yo’lga qo’yish zarur”, - deydi diplomat.

CIGI hisobotida Afrikadagi mojarolar “xilma-xil va murakkab” deya ta’riflanadi va ularni boshqarish va hal qilishga qaratilgan urinishlar ham turli jabhalarda olib borilishi kerak, deyiladi.

“Bu avvalambor Afrikaning vazifasi. Afrika davlatlari, hukumatlari va rahbarlari bu muammolarni hal etishi kerak. Men bunga urg’u bermoqchiman. Boshqa mamlakatdan kelib hech kim bu muammolarni yechib berolmaydi. Ammo biz, albatta, Afrika bilan hamkorlik qilishimiz mumkin. Saralagan va tanlagan holda. Bu xayriya ishi emas. Qaramlik ham emas. Afrika davlatlari, jamiyatlari va Afrika do’stlari, ya’ni barcha taraflar uchun foydali hamkorlik bo’lsin”, - deydi Kroker.

Shunday der ekan, ekspert bunday hamkorlik misoli sifatida Boko Haramga qarshi kurashda Nigeriya hukumatiga qo’shni davlatlar yordam berayotganini aytadi. AQSh, Yevropa va hatto Yaqin Sharq Afrikaning yanada kattaroq hududlarida jangarilar hukm surishidan manfaatdor emas, deydi u. Shu sababdan hamkorlikni yo’lga qo’yish kerak. Hamkorlik ham hukumatlar orasida, ham fuqaroviy jamiyat darajasida olib borilsin, deydi Kroker.

Uning fikricha, Afrika muammolari mohiyati shundayki, ularni mintaqaviy yondashuvsiz hal etib bo’lmaydi.

“Xafsizlik sohasida Afrika duch kelayotgan eng jiddiy muammolar – mintaqaviy. Bunga misol - Kongo demokratik respublikasi. U yerda hukumat butun mamlakat hududini nazorat qilolmayapti. Demak, muammo Kongo qo’shnilari uchun ham boshog’riqqa aylangan… Liviyada Qaddafiy hokimiyatdan ag’darilganidan keyin boshlangan muammo ham butun mintaqada aks-sado berayapti”, - deydi u.

Hatto BMTga o’xshab mojarolarga keng ko’lamli va yuqori darajali yondashuv qo’llasa ham nizoni to’la hal qilish qiyin bo’ladi, deydi CIGI vakili.

Burundidagi kabi mojarolar barham topishi uchun, tadqiqotchilar fikricha, kuch ishlatish emas, balki taraflarni saylov o’tkazishga undash zarur.

Davlat tizimi zaif bo’lgan jamiyatlarda esa donorlar barcha tabaqalar vakillaridan iborat mas’ul hukumat idoralarini tuzish kerak.

O’zlik sabab bo’lgan nizolarda nodavlat tashkilotlari va boshqalar turli elatlar vakillarini murosaga chaqirishi va “ko’prik” rolini bajarishi muhim. Dialog, odamlarning bir-biri bilan muloqoti muammolarning hal etilishiga yordam beradi, deydi xalqaro tahlil markazining olimlari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG