"Islomiy davlat" nishoni - Afrika

  • Amerika Ovozi

Al-Shabab guruhi a'zolari IShIDga sadoqat bildirdi

Al-Shabab guruhi a'zolari IShIDga sadoqat bildirdi

“Iroq va Shom islomiy davlati” (IShID) jangari guruhi faoliyat doirasini Nigeriya va Somali kabi Afrika mamlakatlarigacha kengaytirib, Yevropaga yaqinlashmoqchi.

Liviyaning Sirt shahrida IShID a’zolari soni 2000 ga yetgan, vaholanki fevral oyida ular 200 nafardan oshmasdi, deydi AQShning Afrika qo’mondonligida harbiy operatsiyalar uchun mas’ul vitse-admiral Maykl Franken.

“Raqqani poytaxt desak, undan keyin Sirt katta ahamiyatga ega. Jihodchilar u yerdan o’z faoliyatini Yevropaga ko’chirishini rejalamoqda”, - deydi u.

Shu bois IShIDga qarshi strategiyada nafaqat Suriya va Iroq, balki Liviya va Yamanda ham kurash ko’zda tutilishi kerak. Bunday fikrni Brukings tadqiqotlar instituti eksperti Maykl Ohanlon ham bildiradi.

“Liviyadan Yevropaga o’tish juda oson. Sirtda guruh chuqur ildiz otgan. Yaqin orada bu shahar jihodchilardan to’rtib olinmaydi”, - deydi u.

Liviya xalqaro terrorizmda katta ahamiyat kasb etmoqda, deydi Franken. Bu davlat rasmiylari Tunis va Yaman hamda boshqa yurtlardan kelayotgan xorijiy jangarilar ko’pligidan xavotirda.

Somalidagi o’zgarish

Terrorchi guruh Somaligacha yetib bordi. U yerda yigirmadan ziyod al-Shabab jangarilari o’tgan oyda IShIDga sadoqat bildirdi.

Franken nazarida bu hodisani katta ahamiyatga ega emas. O’tgan oyda al-Shababning to’qqiz a’zosi, jumladan IShIDga sodiqligini e’lon qilgan qo’mondon shayx Bashir Abu Nu’mon o’ldirildi.

Boko Haram

Sharqiy Afrikadagi bu o’zgarishlardan bir necha oy oldin G’arbiy Afrikaning Boko Haram terror guruhi IShIDga sadoqat bildirgan edi.

Biroq shu paytgacha bunday e’lonlardan keyin turli terror guruhlari orasida hamkorlikning keskin kuchaygani dalillari yo’q. Franken fikricha, IShID bu guruhlar bilan ayrim taktika va kurash uslublari bilan o’rtoqlashgan bo’lishi mumkin. Masalan, Boko Haram a’zolari orasida o’zini portlatgan jangarilar ko’paydi.

Boko Haram va boshqa terror guruhlari orasidagi aloqaning mustahkamlanishi sababli ekspert Maykl Ohanlon IShIDga qarshi kurashda Mali va Nigeriyani ham inobatga olish kerak, deb hisoblaydi.

IShID taraforlari korrupsiya chuqur ildiz otgan beqaror mamlakatlarda ko’paymoqda. Bunday muammolarni esa bir kunda hal etib bo’lmaydi. AQSh asosan harbriy operatsiyalarga e’tibor qaratar ekan, bu o’lkalarda adolatli hukumatlarning qaror topishi haqida yetarlicha o’ylamayapti, deydi vitse-admiral Franken.

Davlat departamenti va taraqqiyot tashkilotlari Afrikaga yordam berishda harbiylardan ham faolroq bo’lishi kerak, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG