Afrika taraqqiyoti gumanitar yordamga emas, fermerlar soniga bog'liq

  • Amerika Ovozi

Nigeriya fermerlari

Nigeriya fermerlari

Afrika taraqqiy etishi uchun qit'ada qishloq xo'jaligini rivojlantirish kerak. Oziq-ovqat ta'minoti va siyosiy barqarorlikka erishish uchun tashqi ko'makka boqimanda bo'lmagan mustahkam sektor barpo etish lozim. Xalqaro va mahalliy mutaxassislar shunday fikrda.

Afrikaning tez o'sib borayotgan yosh aholisini ish bilan ta'minlash istiqboli mavhum bir paytda qishloq xo'jaligi sohalarini rivojlantirish va mutaxassislarini tayyorlashga diqqat qaratish kerak, deydi Gana-Legon universiteti tadqiqotchisi Sem Asuming-Brempong Vashingtonda o'tgan konferensiyada.

"Ferma desang, yoshlar cho'chiydi. Ganadagi bir qishloqqa pomidor yetishtiruvchilar orasida so'rovnoma o'tkazish uchun borib, mavsumda yaxshi daromad qilgan bir dehqonni uchratib qoldik. Undan kelajak rejalari haqida so'raganimizda "shaharga borib ish qidirmoqchiman" dedi. "Pomidor yetishtirish ishmasmi" deb so'rasak, "yo'q, dehqonchilik ish emas" deya javob qaytardi. Odamlarning dehqonchilikka nisbatan qarashlarini o'zgartirishimiz kerak", - deydi tadqiqotchi.

Konferensiya qatnashchilari maktab dasturlariga boshlang'ich sinflardan dehqonchilikka oid fanlarni kiritishni tavsiya qildi.

Mozambik sobiq prezidenti Joakim Chissanoning ta'kidlashicha, bo'lajak dehqonlarni biznes amaliyoti bilan ham tanishtirish kerak.

"Odamlarga nafaqat yerga qanday ishlov berishni va hosildorlikni oshirishni, balki qanday qilib muvaffaqqiyatli biznesh yuritishni ham o'rgatish lozimShuning uchun ham forumga "Qishloq xo'jaligi - bu biznes" degan nom berdik. Bu sohani qanday qilib haqiqiy biznesga aylantirish masalasi meni boshidan qiziqtirib keladi", - deydi Chissano.

Ikki kunlik forum Afrikada ochlik va qashshoqlikni kamaytirish tashkiloti tomonidan tashkil etildi. Konferensiyani o'tkazishdan asosiy maqsad qit'ada mahalliy aholi yetakchiligidagi sog'lom, qishloq xo'jaligiga asoslangan iqtisodiy loyihalarni targ'ib etish.

AQShning "Innovare" kompaniyasi vakili, agrobiznes bo'yicha mutaxassis Flin Busining aytishicha, tashqaridan pul, oziq-ovqat va boshqa ko'rinishdagi ko'mak dasturlari bilan yordam berishga harakat qilayotgan xalqaro tashkilot va davlatlar, ba'zan, yuqoridagi maqsadlarga erishish yo'liga to'g'onoq bo'lmoqda.

"Bunday yordamlar zararli bo'lishi mumkin. Odamlarga narsalar berishadi. Ular esa endi bu narsalarni sotib olmaydi. Narxlar buziladi. Yordam berishga harakat qilayotgan odamlar ko'p. Ammo ular bu yerda biznes yuritmoqchi bo'lganlarning ishini qiyinlashtiradi. Ya'ni bu moliyaviy jihatdan mantiqsizlik", - deydi agrobiznes bo'yicha mutaxassis Busi.

Konferensiyada tuproq yemirilishi, suv taqchilligi, Yevropa va AQSh kompaniyalari hamda boshqa xorijiy davlatlarning subsidiyalar hisobiga Afrikada katta yer maydonlarini o'z ehtiyojlari uchun sotib olishi qit'ada qishloq xo'jaligi rivojlanishiga to'sqinlik qilayotgan muammolar qatorida tilga olindi.

Forum qatnashchilari oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, qashshoqlikning oldini olish, shiddat bilan oshib borayotgan narxlarga qarshi aholi noroziligiga yo'l qo'ymaslik eng dolzarb mavzular ekanini qayd etishdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG