Afrika bo'ylab yakkahokimlarga qarshi namoyishlar avjiga chiqmoqda

  • Amerika Ovozi

Somali uzoq yillardan beri ichki urushlar girdobida, qashshoqlik keng tarqalgan, ocharchilik va zo'ravonliklar har yili minglab insonni hayotdan olib ketadi

Somali uzoq yillardan beri ichki urushlar girdobida, qashshoqlik keng tarqalgan, ocharchilik va zo'ravonliklar har yili minglab insonni hayotdan olib ketadi

Misrda prezident Husni Muborak hokimiyatdan ag’darilganiga bir yil to’ldi. G’arbu sharq bilan hamkorlik qilib kelgan uzoq yillik rahbar xalq talabi bilan lavozimni bo’shatgani olamshumul bir yangilik bo’lgan edi.

Sudan doimiy ochlikda yashaydi

Sudan doimiy ochlikda yashaydi

Nochorlik botqog’idan chiqa olmay kelayotgan Afrika ahli bugun uyg’ongan, deydi qit’adagi vaziyat bilan yaxshi tanish olimlar. Norozilik namoyishlari demokratik jarayon sifatida ko’riladi, tub islohotlar davri kelgani tan olinadi.

Afrika ko’chalarida zo’ravonliklar, qon to’kilishlar yoki ochlikdan jon berish yangilik emas. Senegalda avj olgan namoyishlarda o’nlab kishi nobud bo’ldi. Haloyiq ularni dafn etib, yana ko’chaga chiqdi. Chunki, deydi faollar, prezident Abdulay Vadening uchinchi bor prezident etib saylanishga haqqi yo’q. Hukumat kuch bilan bizni qo’rqita olmaydi, deydi ular.

Jarayonni yaqindan kuzatayotgan siyosatshunos Valid Fares fikricha, namoyishlar hali-beri tinmaydi. Sudandan Senegalgacha – Afrikaning barcha avtoritar mamlakatlarida norozilik chiqishlari avj olmoqda.

Abdulay Vade prezidentlikka uchinchi bor saylanmoqchi. Bunga uning haqqi yo'q, deydi fuqarolar.

Abdulay Vade prezidentlikka uchinchi bor saylanmoqchi. Bunga uning haqqi yo'q, deydi fuqarolar.

Ularni uyushtirayotganlar esa fuqaro jamiyati faollari va radikal islomiy guruhlar. Internet va uyali telefonlar asosiy aloqa vositasiga aylanmoqda.

“Texnologiya rivojlanar ekan, isyonlar ko’payaveradi, chunki qayerda bo’lmang, internetga bog’lanib, boshqalar bilan aloqa qilishingiz mumkin. Tunis yoki Misr, Bing’ozi va Tripolidagi singari qo’zg’olonlar bo’lmasligi mumkin, ammo namoyishlar muqarrar”.

Afrika bo’yicha mutaxassis Karl Levan nazarida aholini ko’chaga olib chiqadigan asosiy sabablar bu qashshoqlik va adolatsiz saylovlar .

“Jamiyatlar avtokratiya, yakkahokimlikdan to’ygan. Saylov desa, odamlar har safar umidga to’lib, ovoz beradi, lekin yana o’sha diktator saylanadi. Konkret o’zgarish, taraqqiyot yoki erkinlikdan darak yo’q. Odamlar mana shundan to’ygan”.

Konstitutsiyani o’zgartirib, avtoritar rahbarning hokimiyatda qolishini kafolatlash odatiy holga aylangan.

Senegalda hukumatga qarshi namoyishlar

Senegalda hukumatga qarshi namoyishlar

Ekvatorial Gvineya rahbari Teodoro Obyang Nguema va Angola rahbari Eduardo dos Santos 1979-yildan buyon, Zimbabve rahbari Robert Mugabe esa 1980-yildan buyon mana shunday yo’llar bilan hokimiyat tepasida.

Bu neftga boy mamlakatlar aholisi esa qashshoqlikda yashaydi.

Namoyishchilar bosimi ostida Nigeriya hukumati benzin narxini pasaytirishga qaror qildi.

O’tgan oy poytaxt Lagosdagi qozg’olonda qatnashgan muhandis Adeboy Forova deydiki, rahbarlar asl holatdan bexabar.

“Ular saroylaridan ko’chaga bir chiqib, atrofda nimalar bo’layotganini o’z ko’zi bilan ko’rishi kerak”.

Hukumat va xalq bir-biridan uzoq ekan, norozilik tusi kengayib boraveradi. Namoyishga chiqayotganlar nafaqat yoshlar va o’rta yoshli faollar balki keksalar va bolalar.

Hokimiyatni ko’zlab yurgan mutaassib kuchlar fursatdan foydalanib, odamlarni o’ziga ergashtirishga, diniy tuzum barpo etish yo’lida harakat qilishga undamoqda. Lekin ko’plab afrikaliklar ulardan ham to’yganini aytadi. Bizni zulmat tomon sudraydigan emas, yangi zamonga olib kiradigan liderlar kerak, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG