Afrika - jihodchilarga qarshi yangi kurash maydoni

  • Amerika Ovozi

Yakunlanayotgan yilda Afrika qit’asi terrorizm o’chog’iga aylandi. Mali va Somali singari mamlakatlarda islomiy ekstremistlarga qarshi harbiy g’alabaga erishilgan bo’lsa, qo’shni davlatlarni yirik terror xurujlari zir titratdi.

Yil boshida Fransiya zobitlari Malida harbiy operatsiya o’tkazib, islomiy jangarilarni u yerdan siqib chiqarishda ko’maklashdi. Mali armiyasi yakka o’zi bu ishni uddalay olmagan bo’lardi.

Ammo Fransiya va Afrika qo’shinlari terrorchilarga zarba berayotgan bir mahalda Jazoirda jihodchilar tabiiy gaz inshootiga hujum qilib, yuzlab odamni garovga oldi va 36 chet ellikni o’ldirdi.

2013-yil boshida Keniya va Afrika Ittifoqi qo’shinlari katta shaharlardan al-Shabab jangchilarini haydab chiqargandan keyin Somalida biroz tartib o’rnatilgandek edi.

Sentabr oyida al-Shabab Nayrobidagi yirik savdo markazini nishonga olib, 60 dan ziyod odamning yostig’i quridi. Bu voqea Keniya xavfsizlik va razvedka tizimidagi nuqsonlarni fosh etdi.

Ayni paytda Nigeriya Boko Haram nomi bilan tanilgan radikal guruhga qarshi kurash samara bera boshlaganini bildiryapti. May oyidan beri to’qnashuvlarda 1200 kishi halok bo’lgan. Boko Haram chekingani yo’q.

Afrikaning ko’pgina nuqtalarida manzara deyarli bir xil. Islomiy jangarilar bir hududni egallab, o’rnashib oladi va uni boshqarishga harakat qiladi. Ularga qarshi harbiy chora ko’rilsa, bazalarini tark etib, tarqalib ketishadi. Oradan biroz vaqt o’tib, tirik qolgan jangarilar yangi a’zolar yordamida yana oyoqqa turadi.

Tadqiqotchi Bakari Sambe fikricha, harbiy aralashuv, xususan, G’arb qo’shinlari ishtirokidagi operatsiyalar, radikal kayfiyatni yanada oshiradi.

“Terrorizmga qarshi kurashda g’alaba qilib bo’lmaydi, chunki terrorizm o’zgaruvchan va moslashuvchan jarayon. Avvalo radikalizatsiya ortidagi sabablarni bartaraf etish kerak: qashshoqlik, taraqqiyotdan orqada qolish hamda davlat tomonidan e’tiborsizlik va loqaydlik”, - deydi tahlilchi.

Al-Qoida bilan aloqador Al-Shabab Afrikada tashkiliy jihatdan eng puxta guruhlardan sanaladi. Nayrobidagi savdo markaziga qilingan hujum ketidan guruhning nufuzi yanada oshdi. Bu esa yangi a’zolarni yollashda qo’l keladi.

“Al-Shabab faoliyati Somali bilan cheklanib qolmaydi. Ular katta maqsadlarni ko’zlab qo’ygan, ularning niyati butun dunyoni islomga bo’ysundirish. Kuch bilan bo’ysundirish”, - deydi Nayrobidan tahlilchi Abduvahob Shayx Abdusamad.

Qo’shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi Afrikadagi terror tahdidini yaqindan kuzatmoqda. Hozircha amaliy ishga qo’lga urgan faqat Fransiya. Boshqa G’arb davlatlari Afrika qo’shinlarini moliyalash va treningdan o’tkazish bilan band.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG