Moskvada "qora" bo'lish har qachongidan ham xavfli

  • Amerika Ovozi

Sovet davrida Moskva va ittifoqning boshqa yirik shaharlariga o’qish uchun Afrikadan ko’p yoshlar borar edi. O’sha paytda ularga munosabat ijobiy bo’lgan. Ammo so’nggi yillarda Rossiyada millatchi guruhlar ko’payib, qorachadan kelgan odamlarning ta’qibga uchrashi hech gap emas. Afrikalik talabalar va markaziy osiyolik muhojirlarga qarshi hujumlar ko’paygan.

Moskvada minglab afrikalik talabalar tahsil oladi. Ammo rossiyalik taqirbosh millatchilar “chyorniy”, ya’ni qora deb baqirganida, afrikalik emas, markaziy osiyoliklarni nazarda tutadi.

Biroq afrikaliklar ham bu azim shaharda millatchilar hujumiga duch kelishi mumkin.

Protestant cherkovda yig’ilgan afrikalik muhojirlar Moskva xavfli shahar, deydi.

Rukunay Pitsu Kongo Demokratik Respublikasidan.

“Bir kuni 15 nafar taqirbosh mening ketimdan tushdi. Qochib, bir binoga kirdim, derazadan sakrab, qutuldim. Oyog’im singan o’shanda” deya hikoya qiladi u.

“Taqirboshlar “qora”larni yomon ko’radi, - deydi suhbatdosh. - Qo’liga tushsangiz bormi, omon qolish qiyin”.

Moskva protestant cherkovi ma’lumotiga ko’ra, o’tgan yili Rossiya poytaxtida afrikaliklarga 16 bor hujum qilingan. Qurbonlardan biri halok bo’lgan.

Peguy Nkodia ham Kongodan. Hujum qilishmagan-ku, lekin haqoratlashadi, deydi u.

“Ba’zida metroda ketayotganimda ruslar meni “maymun” deb chaqiradi”, deydi u.

Kamerunlik Erik Merlen afrikaliklar Moskva ko’chalarida ehtiyot bo’lishi kerak, deydi.

“Asabiylashib, birov bilan urushib, janjallashishga hojat yo’q. Ularga duch kelsangiz, darhol qochib qolish kerak. Mushtlashsangiz, joningizdan ayrilish hech gap emas”, - deydi u.

Til bilmagan afrikaliklarning ahvoli ayniqsa og’ir.

Malidan kelgan Ibrohim ertadan kechgacha reklama varaqalarini tarqatib, kuniga 20 dollar topadi. Moskvadek qimmat shaharda bu pulga kun kechirish qiyin.

Peguy Nkodia afrikaliklar ijaraga kvartirada turadi, deydi. Bir xonada 10 kishi yashaydi. “Ona shahrim Kinshasada neftga boy Rossiya haqida eshitib, u yerga borsam hayot osonroq bo’ladi, deb orzu qilgan edim”, - deydi u.

“Ish yoki universitetda o’qish uchun kelmagan afrikalikning Rossiyada ahvoli voy. Ular bu yerga kelmasligi kerak”, - deydi Nkodia. U Parijga, qarindoshlarining oldiga ketmoqchiligini aytadi.

Moskvadagi hayotidan mamnun afrikaliklar ham yo’q emas. Brendon Kross rus tilini yaxshi biladi. Universitetni bitirgach, radiostansiyaga muharrir bo’lib ishga joylashdi.

“Ruslar qoralarni endi boshqacha ta’riflaydi. Afrikaliklar qora hisoblanmaydi. Kavkaz va Markaziy Osiyodan kelganlarni “qora” deyishadi. “Yangi qoralar””.

Moskvadagi Xalqlar do’stligi universiteti Kongo mustaqilligi uchun kurashgan Patris Lumumba nomi bilan yuritiladi.

Afrika mamlakatlarini o’z ta’sir doirasiga kiritish va sotsializm mafkurasini targ’ib etish maqsadida Sovet Ittifoqi Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasidan kelgan minglab talabalarga bepul ta’lim olish imkonini bergan. Hozirda universitetda 6000 talaba, shu jumladan afrikaliklar ham tahsil olmoqda.

Oliy yurt prorektori Aleksandr Gladushning aytishicha, yangi kelgan talabalarga xavfsizlik choralari xususida maslahatlar beriladi. Ayni vaqtda Moskvada afrikalik talabalarga munosabat ijobiy tarafga o’zgargan, deydi Gladush.

“Bag’rikenglik so’zini tez-tez eshitasiz”, - deydi prorektor.

Moskvada yashash oson bo’lmasa-da, rus tilida so’zlasha oladigan va ish yoki o’qishga kelgan afrikaliklarga munosabat ijobiy tarafga o’zgarmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG