Ahmad Rashid: Markaziy Osiyoda ekstremizmga qarshi kurash oshkoralik va islohot talab qiladi


Ahmad Rashid, o'ngdan, AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden va uning maslahatchilari bilan suhbatda...

Ahmad Rashid, o'ngdan, AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden va uning maslahatchilari bilan suhbatda...

Markaziy Osiyoda islomiy kuchlar va ekstremizm tarixi haqidagi kitoblari bilan tanilgan pokistonlik mutaxassis Ahmad Rashid (Ahmed Rashid) G’arb matbuotida chop etilgan so’nggi maqolasida (Financial Times op-ed) mintaqadagi ko’plab muammolar kaliti siyosiy birdamlikda, deya mulohaza yuritadi. Uning tahlilicha, radikalizm tahdidi xavotirga molik. Mutaassiblikning oldini olishning eng ma’qul yo’li, deydi Ahmad Rashid, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar qilish.

Ahmad Rashid bu fikrlarini ilk bor bayon etayotgani yo’q. Afg’oniston va Pokistondagi vaziyatdan yaxshi xabardor; Markaziy Osiyodan borib, Tolibon va al-Qoida safida Amerika va uning ittifoqchilariga qarshi jang qilib kelgan guruhlarning kelib chiqishi, boshqaruvi va faoliyati xususida o’nlab maqola va bir necha kitob bitgan olim tahlilicha, bugun bu kuchlar oldingi qudratiga ega emas.

Biroq, uning aytishicha, oxirgi paytda O’zbekiston Islomiy Harakati qoldiqlari Shimoliy Afg’onistonda, xususan Qunduz va Badaxshonda faollashgan. Ular O’zbekiston va Tojikistonga yashirin kirib chiqish yo’llariga ega. Xalqaro koalitsiya mamlakatni tark etish taraddudida ekan, bu to’dalarning o’ziga ishonchi ortishi tayin, deydi Ahmad Rashid.



AQSh razvedkasiga ko’ra, Markaziy Osiyodan chiqqan jangarilarning muayyan qismi hamon Afg’oniston-Pokiston orasidagi tog’li hududda. Pokiston harbiylari bu mintaqada olib borgan operatsiyalarda o’nlab o’zbek, tojik va boshqa elat vakillaridan bo’lgan jangarilar o’ldi deya bayonot berib keladi. Bir necha kun oldin, masalan, Islomobod 30 o’zbek halok bo’ldi deya e’lon qildi.

Ahmad Rashid singari mutaxassislar bu ma’lumotlarga ishonmaydi. Propaganda bu, deydi u. Ajnabiy kuchlarni o’ldirdik deb hukumat o’z qilmishlarini oqlamoqchi. Haqiqat shuki, deydi ekspert, Pokistonda qancha markaziy osiyolik jangari borligi xususida ular ham bilmaydi. O’zbek va tojiklar yillar davomida bu mamlakatda yashab mahalliy aholi bilan qorishib ketgan. Bu jangarilarning yosh avlodi asosan Pokistonda tug’ilib, katta bo’lgan. Ayrim manbalarga ko’ra, Vaziriston singari tog’li hududlarda o’zbek qo’rg’onlari bor. Lekin bularni ham tasdiqlash juda qiyin. AQSh u yerlarda muntazam ravishda havo hujumlari olib boradi. Bombardimon qilingan obyektlarda o’zbeklar ham bo’lgani haqida ko’plab dalillar keltiriladi.

Amerika Afg’onistondan chiqib ketarkan, mintaqaga nisbatan tahdid oshadi degan xavotirlarda asos bor, deydi Ahmad Rashid. Uni yengishning eng ma’qul yo’li – birdamlikda harakat qilish va insonlarni radikalizmga yetaklaydigan sabablarga qarshi kurashish. Mutaxassis Markaziy Osiyo respublikalari ittifoqqa kirsin deyayotgani yo’q. Mushtarak g’anim hamla qilmasligi uchun siyosiy yakdillikka erishish lozim.

Lekin Markaziy Osiyo liderlari bundan yiroq. Integratsiya haqida uzoq yillik rahbarlar turlicha qarash va xulosalarga ega. Qolaversa, bu prezidentlar, xususan Islom Karimov va Emomali Rahmon, hokimiyatni boy bermaslik uchun ekstremizm va radikalizm xavfidan “foydalanib” kelayotganlikda ayblanadi.

“Bu haqiqat”,- deydi Ahmad Rashid. “Ularning siyosatini tahlil qilsangiz, jihod va islomiy harakatlarga nisbatan ko’rilgan choralar huquq va erkinlikni ezganiga guvoh bo’lamiz”.

Minglab insonlar diniy davlatchilikni yoqlaganlikda, konstitutsion tuzumga raxha solganlikda aybdor deb topilib, qamoqda. Huquq himoyachilari esa ularning aksariyati asossiz, yetarlicha isbot-dalilsiz sudlangan deb hukumatni tanqid qilib keladi.

“Rahbarlar o’z hokimiyatini qonuniy va siyosatini to’g’ri deb bilsa, oshkoralikdan nega qo’rqadi?” - deya so’raydi Ahmad Rashid. “Nega erkinlikka yo’l ochmayapti? Jamiyatlar isloh qilinayotganini ko’rmayapmiz. Qayoqqa qaramang, davlatga nisbatan qo’rqinch hukmron. Ishonch emas, qo’rqinch, hadiksirash. Ishsizlik, qimmatchilik, korrupsiya…”

Buning ustiga, deydi Ahmad Rashid, qashshoqlik va yulg’ichlik domidagi Tojikiston orqali qoradori savdosi chuqur ildiz otgan. O’zbekistonda hokimiyat uchun o’ziga xos kurash ketmoqda. Prezident Islom Karimovning oilasi parokanda. Davlat Karimovning qo’lidami yoki Milliy xavfsizlik xizmatining? Bu savolga javob olish qiyin. Qo’shni Qirg’iziston o’zini demokratik deb bilgani bilan, tuzum har tomonlama juda zaif.

Markaziy Osiyo, xususan O’zbekiston ekstremizmga qarshi kurashda Amerikadan yordam so’ramoqda: chegara xavfsizligi va qoradori kontrabandasiga qarshi. Ekspertlar deydiki, respublika xavfni bartaraf etish uchun zarur vositalarga ega. Shu bois ham so’ralayotgan madad xalqni himoya qilish uchun emas, temir panjali rahbarlarning o’ziga ishonchini oshirish uchun kerak degan fikr keng tarqalgan.

Ahmad Rashid ham bu nazariyadan yiroq emas. Markaziy Osiyo liderlari o’z pozitsiyalarini himoya qilmoqchi bo’lsa, chet eldan harbiy madad so’rayvermay, o’zaro kelishib, ekstremizmga qarshi ochiq-oydin yangi choralar ishlab chiqsin, deydi u. O’zbekiston Amerikadan, Qirg’iziston Rossiyadan, Tojikiston esa hammadan harbiy va noharbiy ko’mak so’rash bilan band.

Ahmad Rashid - jihod, Tolibon, O'zbekiston Islomiy Harakati va boshqa guruhlar; Markaziy Osiyoda islom va siyosat xususida bir necha kitoblar muallifi

Ahmad Rashid - jihod, Tolibon, O'zbekiston Islomiy Harakati va boshqa guruhlar; Markaziy Osiyoda islom va siyosat xususida bir necha kitoblar muallifi

AQSh “Manas” tranzit markazini yopmoqda. Kreml Qirg’izistonga 1,1 milliard dollarga teng harbiy yordam va’da qilgan. Rossiya bu davlatning yarim milliard dollarlik qarzidan kechmoqda.

Ahmad Rashid Shanxay Hamkorlik Tashkiloti qoshida tuzilgan aksil-terror markazi faoliyati xususida hech narsa demaydi, lekin o’tmishda uni repressiv siyosatni aks ettiruvchi yana bir idora deb atagan.

Mintaqadagi vaziyatni tahlil qilib kelayotgan ko’plab olimlar taxminicha, yaqin kelajakda Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiya va “ochilish”, ya’ni oshkoralik va erkinlik tomon intilishga harakat bo’lmaydi.

Birinchidan, uzoq yillik rahbarlar o’z siyosatini haqiqatdan ham o’zgartirishiga ishonch past. Ikkinchidan, yangi rahbarlar kelgan taqdirda ham tuzumlarni yangilab, jamiyatlarni erkinlashtirish kuchli iroda talab qiladi. Mintaqa ahli uni yangi davrga yetaklay oladigan bunday liderlarni yetishtira oldimi, olayaptimi? Gap mana shunda, deydi kuzatuvchilar.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG