Musul uchun jang qonli kechishi aniq

  • Amerika Ovozi

Iroq kuchlari Musul tomon ketmoqda

Iroq kuchlari Musul tomon ketmoqda

Iroq armiyasi Musul shahrini "Islomiy davlat" dan tortib olish uchun tayyorlanar ekan, 62 mingdan oshiq odam uy-joyini tashlab, urushdan qochmoqda. Janglar qonli kechishi aniq, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan iroqliklar.

Iroq va uni bu harakatda quvvatlayotgan AQSh fuqarolar hayotini asrash birlamchi vazifa deya qayd etmoqda, lekin urushning asosiy qurboni xalq bo'ladi. Insonparvarlik tashkilotlari nazarida mahalliy hokimiyatlar odamlarga hech qanday yordam ko'rsatmayapti.

Minglab xonadonlar bo'shab qolgan, mol-mulk talon-taroj qilinmoqda.

Iroq harbiylari Musuldan odamlarni chiqarmayotgan hollar ko'p. Xavfsizlik choralarini ro'kach qilishmoqda, deydi fuqarolar. Terroristlar chiqib ketayotgan bo'lishi mumkin degan xavotir bor.

“Terrorizmga qarshi kurash yoki biror joyda maxsus operatsiya olib borishda avvalo oddiy xalq hayoti haqida o'ylash kerak”, - deya eslatadi "Human Rights Watch" inson huquqlari tashkiloti vakili Belkis Villi.

“Eshigingizga oq bayroq osib qo'ying, deb so'rashayapti.”

Musulni tark etgan 38 ming odamga Norvegiya Qochqinlar Kengashi zarur ko'mak ko'rsatmoqda.

“Xalq qayerga borsin? Hech kim uzoqqa ketgisi kelmaydi. Lagerlardan joy kerak”, - deydi Volfgang Gressmann, kengash rahbari.

Talafot ko'lami keng bo'lishi mumkin

“Janglar boshlanishi bilan qochqinlar oqimi yanada kengayadi", - deydi Gressmann. “Xavfsiz yo'l bo'lmasa, odamlar alanga ichida qolib, nobud bo'lishi aniq. Aloqa ham kesiladi".

BMT hisobicha, Musulda bir yarim million aholi bor. 200 mingi chiqib ketsa ajabmas, deydi rasmiylar.

Iroqda uy-joysiz odamlar ko'p. Lagerlar to'la. Yangilarini barpo etish uchun mablag' kerak.

BMT yuritadigan olti lagerda 50 mingga yaqin fuqaro jon saqlaydi. Yana 11 lagerga talab bor, 280 milion dollar kerak. Insonparvarlik tashkilotlariga ko'ra, shu kungacha donorlar zarur pulning atigi yarmini bergan.

800 ming - 1 million yangi qochqinga yordam ko'rsatish uchun tayyor turish kerak. Musul uchun jang va shaharni tiklash 1 milliard dollarga tushishi mumkin.

Iroq hukumati har doimgidek bu ishning ham pachavasini chiqarayapti, deydi faollar. Jang uchun hozirlanmoqda, biroq odamlar taqdiriga befarq.

Jamoatchilikdan esa boshqacha fikrlarni ham eshitasiz. "Islomiy davlat" nazorati ostida yashab o'rganib ketganlar hech yerga ketmoqchi emas. Ikki yildan beri yangi tuzum hukmron ekan, mahalliy omma unga ham ancha o'rganib qolgan.

AQSh: Iroq ishni eplaydi

Musulni terroristlardan tortib olishga tayyorlanayotgan armiyaga madad ko'rsatib kelayotgan AQSh maxsus kuchlari va xalqaro koalitsiya Iroq davlatiga ishonch bildirmoqda.

Koalitsiya yetakchi qo'mondonlaridan biri, Kanada generali D.J. Anderson deydiki, jang puxta reja asosida olib boriladi.

Pentagonga ko'ra, Iroq hukumati Musul ahli uchun 20 lager ochadi. Fuqarolar hayotini himoya qilish rejadagi ustuvor maqsaddir, deydi harbiylar.

Terrorchilar oddiy odamlardan qalqon sifatida foydanaladi. Buning oldini olish uchun fuqarolar bilan bog'lana olish kerak. Xonadonlarga oq bayroqlar beriladi va xavf yaqin bo'lgan taqdirda nima qilish lozimligi haqida axborot tarqatiladi, deydi AQSh razvedka rasmiylari.

Insonparvarlik tashkilotlari hukumatga ishonmaydi

"Islomiy davlat" Musulda ancha ildiz otgan. Ularni oq bayroq yoki davlat tarqatgan axborot qiziqtirmaydi. Qanday kurashish xususida allaqachon o'z rejasini tuzib, harakat qilayotgani aniq.

Yana bir xavotir: sunniylar va shialar orasida janglar yuzaga kelishi mumkin. Bu hollarning oldini olish uchun Iroq hukumati maxsus komanda tuzgan. Mazhablararo tinchlikni ta'minlash - uning vazifasi.

Falluja va boshqa hududlarni ham jangarilardan tozalash amaliyoti paytida shunday strategiya qo'llanilgan. Biroq, tahlilchilarning ta'kidlashicha, qabih jinoyatlar sodir etilgan va hozirgacha hech kim javobgarlikka tutilmagan.

Urushda har narsa bo'lishi muqarrar, deydi mutasaddilar. Hukumat odamlarning hayotiga befarq, hech kim himoya qilinmaydi deya umidsizlanish noto'g'ri, deydi rasmiylar. Davlat iloji boricha ko'proq odam tirik qolsin deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG