Bill Klinton SPIDga qarshi kurashda hammani hamkorlikka chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton SPID - OITS kasalligi va unga yetaklovchi immunitet taqchilligi virusiga qarshi kurashayotgan yirik namoyandalardan biri.

U asos solgan jamg’arma dunyo bo’ylab bu kasallik bilan olishayotgan insonlarga yordam ko’rsatadi.

Bu dardga yo’liqqan bemorlar uchun ajratilayotgan mablag’ ko’p hollarda ularga yetib bormayapti, ularning dori-darmoni va muolajasi uchun sarflanmayapti, deydi Klinton.

Yaqinda Venada o’tgan xalqaro anjumanda so’zlar ekan, Bill Klinton SPID - OITS epidemiyasini yengish uchun hali ko’p mehnat qilish kerak dedi.

“Bu kurashda qancha ko’p mablag’ to’plasak, shuncha kam. Uni qanday sarflashni ham o’rganishimiz kerak”, - deydi u.

Bill Klinton pulni kimdan qanday so’rashni biladi. Uni bu borada global lider deyishadi.

Sunami jabrdiylari deysizmi yoki Gaitida zilziladan qaqshagan aholi uchunmi, Bill Klinton yetakchiligidagi tashkilot va uning hamkorlari zamonaviy texnologiyani ishga solgan holda, milliardlab dollar yig’ishga muvaffaq bo’lgan.

Uning nazarida SPIDga qarshi kurashni avvalo kasalxonalardan, sog’liqni saqlash tizimidan boshlash kerak. Odamlarni ogohlikka chorlash, bemorlar kamsitilmasligini ta’minlash, bular ham juda muhim vazifalar.

“Qay davlatga bormang, tibbiy xodimlar yetishmaydi. Ayniqsa, kasallik keng tarqalgan nuqtalarda. Jafokash, kam maoshga bo’lsa-da ishlashga tayyor mutaxassislar kerak”.

Bill Klinton fikricha, sog’liqni saqlash sohasi talabga javob bermaydigan jamiyatda SPIDdek o’limga yetaklovchi kasalliklar u yoqda tursin, hatto oddiy xastaliklarning ham oldini ololmaysiz.

Aloqa vositalari shu qadar rivojlangan bir davrda OITS bilan bog’liq ma’lumotlar hammaga birdek oshkor etilishi, aholi bu borada to’liq axborotga ega bo’lishi uchun sharoit yaratilishi va ilmiy topilma va tadqiqotlar natijasi ochiq muhokama qilinishi zarur, deydi Klinton.

OITS ilk bor 1980-yillar boshida qayd qilina boshlagan. Shundan beri bu kasallik dunyo bo'ylab 25 million insonni hayotdan olib ketdi. Hozirda bemorlar soni 32-33 million ekani ma'lum. Har yili OITS ikki millionga yaqin odamni o'ldiradi.

Bemorlarning aksariyati Afrika davlatlarida, ammo bu kasallik o'tgan o'n yillikda Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropada ham keng tarqalgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG