AQSh-Isroil anjumanida Eron bosh mavzu

  • Amerika Ovozi

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu so'zlariga ko'ra, Eronga qarshi qo'llangan sanksiyalardan naf bo'lmadi. Mamlakatni yadro quroli ketidan quvishdan faqat qat'iy harbiy dag'-dag'a qaytarishi mumkin, dedi Netanyaxu Vashingtonda, Amerika-Isroil aloqalariga doir anjumanga (AIPAC - American Israel Public Affairs Committee) murojaatida.

Isroil rasmiysi video-konferensiya orqali so'zladi. Undan avval minbarga chiqqan AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden Vashington Isroilning ishonchli hamkori deya ishontirdi. Eron ommaviy qirg'in quroliga egalik qilishiga yo'l qo'ymaymiz, deya urg'uladi rasmiy.

Diplomatik sa’y-harakatlar va sanksiyalarga qaramasdan, Eron baribir yadroviy maqsadlaridan voz kechishi gumon, deb hisoblaydi Isroil Mudofaa vaziri, kecha majlisda gapirgan Ehud Barak.

Xizmati vazifasini yakunlayotgan vazir Falastin davlatchiligi masalasida ham tinch-totuv bir yechim bilan chiqish zaruratini eslatdi. Falastin davlatchiligi Isroil uchun muhim masalalardan, dedi Barak.

Isroil va G’arbning da’vosi shundan iboratki, Eron tinch maqsaddagi ilmiy izlanishlar bahonasida, aslida, ommaviy qirg’in qurolini yasayapti.

Rasmiy Tehron buni qat’iyan inkor etadi. Tadqiqotlar energiya ishlab chiqarish, tibbiyot kabi sohalar uchun zarur, deya ta'kidlaydi Eron rasmiylari.

Poytaxtda, Isroil manfaatlarini himoya qiluvchi lobbichi bu qo'mitaning yig'ini uch kun davom etadi.

Lobbichilar olg'a surayotgan takliflar, deya yozadi AQSh matbuoti, byudjetdagi qisqarish Isroilga atalgan yordamga tegmay o'tishini kafolatlash; Isroilni "asosiy strategik ittifoqchi" maqomi bilan siylashdan iborat.

Oy oxirida prezident Barak Obama Isroilga safar qilishi rejalangan. 2009-yilda rahbarlikka kelganidan beri bu yurtga birinchi bor borishi.

Eron va xalqaro guruh 18-mart kuni islomiy davlat yadroviy izlanishlari haqida muzokarani davom ettirishi kutilmoqda.

Qo’shma Shtatlar, Britaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy va Germaniya Eronning tillasi va boshqa qimmatbaho metallariga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilmoqchi. Evaziga Tehron Fordo yer osti majmuasida uranni boyish ishlarini to’xtatishi kerak bo’ladi.

Amerikada lobbichilik va manfaat:


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG