Breaking News

2014-yil aviakompaniyalar uchun og’ir kechdi


2014-yil xavfsizlik borasida aviakompaniyalar uchun og’ir kechdi. 401 yo’lovchi va ekipaj a’zolarini tashiyotgan ikki passajir samolyoti hanuz noma’lum qolayotgan sabablarga ko’ra okean ustida g’oyib bo’ldi. Har ikki holatda uchuvchilar biror nosozlik haqida xabar berib ulgurmasdan samolyotlar bilan aloqa uzilgan.

Aviakompaniyalar xavfsizligi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:49 0:00

Bepoyon ummon uzra uzoq safarga chiqqan samolyotlarning radar va radio tizimlar bilan ma’lum muddat aloqaga chiqa olmay qolishi ba’zan uchrab turadigan holat.

Samolyotlar bilan aloqa o’rnatish va ularning qayerda ekanini aniqlash, odatda, sun’iy yo’ldosh va navigatsion texnologiya yordamida amalga oshiriladi. Bunday texnologiyaning hamma joyda ham mavjud emasligi moliyaviy sabablar bilan bog’liq, deydi Ogayo universitetida elektr muhandisligi bo’yicha professor Maykl Brash.

“Aloqani sun’iy yo’ldosh orqali amalga oshirish qimmatga tushadi. Shuning uchun yaqin-yaqingaca samolyotlar harakatini soniyama-soniya kuzatib borish imkoniyatini yaratishga ehtiyoj sezilmagan”, - deydi u.

Uchuvchilar vaqti-vaqti bilan Havo harakatini nazorat qilish markazlariga samolyot joylashgan manzil haqida ma’lumot berib turishi kerak. Bir lahzada yuz beradigan favqulodda holatlarda esa ular aloqaga chiqish uchun vaqt topa olmasligi mumkin.

Dekabr boshida Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi samolyotlarga uchuvchilardan mustaqil ravishda havodagi manzillari haqida axborot berib turadigan texnologiya o’rnatish tavsiyasi bilan chiqdi. Maykl Brash so’zlariga ko’ra, ayrim havo kompaniyalari bu o’zgarishni amalga oshirishni xohlamasligi mumkin.

“Bu xarajatlar bilan bog’liq. Yangi tizimning shakli va standartlari bo’yicha hamma birdek kelishib olishi kerak. Texnik jihatdan muammo yo’q. Sun’iy yo’ldosh asosida ishlaydigan navigatsion sistemalar va kommunikatsion texnologiyalar chiqqaniga 20-25 yil bo’ldi”, - deydi u.

Shuningdek, ayrim uchuvchilar mustaqil ishlaydigan elektr jihozlarining o’rnatilishiga qarshi. Ularga ko’ra, yong’in kabi favqulodda holatlar yuz berganda, bu jihozlarni o’chirib qo’yish imkoni bo’lmasligi mumkin. Hozircha samolyotda faqat “qora quti” deya nomlanuvchi ma’lumot yig’ish moslamasi mustaqil ishlaydi.
Mart oyida Malayziya havo yo’llari layneri halokatga uchragach, o’zgarishlar qilish fursati kelgani ko’pchilikka ayon bo’ldi, deydi Brash.

“Biz katta hajmdagi samolyotni yo’qotdik. Shunday bir zamonda uning qayerda ekanini haligacha bilolmasligimiz mantiqsizlik”, - deydi u.

Ayni paytda AQSh va Yevropa uchuvchilar ishtirokisiz ishlaydigan, lekin mustaqil bo’lmagan yangi kuzatuv tizimini joriy etish ustida ishlamoqda. Sistema samolyot joylashgan manzilni avtomatik tarzda yaqin atrofdagi havo nazorati markazlariga va samolyotlarga uzatib turish imkonini beruvchi texnologiyaga ega bo’ladi. Yevropada 2017-yilgacha bu tizimni ayrim samolyotlar uchun majburiy qilish ko’zda tutilgan. AQShda esa bu 2020-yilgacha amalga oshiriladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG