Aktobe voqealari - Markaziy Osiyodagi yana bir jumboq


Almati, 21-may, 2016: Yer islohotiga qarshi namoyishlar kuch bilan bostirildi

Almati, 21-may, 2016: Yer islohotiga qarshi namoyishlar kuch bilan bostirildi

Qozog’iston Ichki Ishlar vazirligiga ko’ra, aksilterror amaliyotlari nihoyasiga yetgan, jangarilar jihod qilish haqidagi ko’rsatmani Suriyadagi imomdan olgan.

Aktobe shahrida kuzatilgan qurolli to’qnashuv so’nggi yillarda Markaziy Osiyodagi eng yirik xurujlardan biri sifatida qayd etildi. Prezident Nursulton Nazarboyev unda diniy ekstremistlarni aybladi.

Ammo, sharhlovchilarga ko’ra, mintaqada shu paytgacha ro’y bergan boshqa qonli voqealar kabi Aktobedagi to’qnashuv sababi ham hozircha mavhumligicha qolmoqda.

Qozog’iston Ichki ishlar vaziri Qulmuhammet Qosimov deydiki, Aktobeda 45 nafar jangari aniqlangan, ularning 26 nafari Aktobedagi terrorchilik xurujlarida bevosita ishtirok etgan.

5-iyunda boshlangan aksilterror amliyotlari davomida 18 terrorchi yo’q qilingan, ulardan 11 nafari xurujlar paytida, yana besh nafari aksilterror amaliyotlari davomida o’ldirilgan. Jangarilarni Suriyadagi imom boshqargan, deydi vazir.

Qosimovning aytishicha, ayni paytda vaziyat barqarorlashgan, ichki ishlar xodimlari odatiy tartibdga o’tgan.

Rasmiy hisobot shuki, 5-iyun kuni Aktobeda noma’lum guruh qurol do’koniga bostirib kirgan, keyin esa harbiy qismdagi qurol-yarog’ omboriga hujum qilgan. To’qnashuvlar paytida huquq tartibot organlaridan uch kishi, tinch aholidan uch kishi o’lgan.

Otishmalar Qozog’istonda hukumatga qarshi norozilik chiqishlari kuzatilayotgan bir paytda ro’y berdi. Maxsus xizmatlar davlat to’ntarishini rejalaganlikda ayblab, sobiq amaldorlarni hibsga oldi. Bu guruh hukumatga qarshi qo’zg’olonni moliyalashtirish va tashkillashtrishda ayblanmoqda. Davlat Xavfsizlik qo’mitasi tomonidan qilingan bu bayonot ortidan esa Aktobe voqealari sodir bo’ldi.

Prezident Nazarboyev, Qozog’iston muftiysi o’rinbosari Serik O’roz, Ichki Ishlar vaziri Qosimov voqealar terror harakati deya bong urmoqda.

O’zbekiston mtbuotida Qozog’istondagi xurujlar deyarli yoritilmagan, ammo 8-iyun kuni aksilterror amaliyitlari davom etayotgan bir paytda, Qozog’iston elchixonasi Toshkentda matbuot anjumani o’tkazgan. Mahalliy matbuotga ko’ra, Qozog’iston elchisi bu tadbirda dunyoda global xuruj xavfi o’shmoqda degan va savdo aloqalarini rivojlantirish haqida gapirgan.

O’zbekistonda taniqli huquq himoyachisi Surat Ikromov asosan dindorlarning haq huquqlari bilan shug’ullanib keladi. Uning fikricha, to’qnashuvlarni diniy radikalizmga to’nkash juda oson ayblov.

“Albatta, hammasiga diniy ekstremistlar aybdor deb gapirish oson, qolaversa Qozog’istonda dindorlik darajasi unchalik yuqori emas, bunaqa hodisalar juda kam. Ular shunchaki yuzaki tekshirib, shunday xulosaga kelishayapti, Qozog’istonda so’nggi paytda kuzatilgan hodisalar siyosiy aksiya, aynan diktaturaga qarshi bo’lgan norozilik chiqishlari. Menimcha, bu yerda biror diniy maqsad yo’q”, - deydi Surat Ikromov.

Siyosiy muhojir, o’zbekistonlik diniy faollardan biri Muhammadsolih Abutov nazarida, Qozog’istonda radikal diniy muxolifat shakllangan deyish qiyin.

Aktobedagi otishmalar ko’proq Nazarboyevdan keyingi hukumat uchun kurashdagi ziddiyatlarga bog’liqdek.

“Qozog’istonda diniy muxolifatning o’zi yo’q, masalan O’zbekistondagi kabi mamlakat ichkarisidan xorijga chiqib ketgan biror guruhlar. Shuning uchun xorijdagi diniy ekstremistlardan Qozog’istonga tahdid yo’q, lekin davlatning ichidagi guruhlardan bo’lishi mumkin. Qolaversa, Qozog’istonda ham mahalliychilik, urug’chilik juda kuchli. Hukumatga qaysi urug’ kelishi bo’yicha ziddiyatlar doim mavjud yoki janubiy va shimoliy viloyatlar o’rtasidagi mahalliychilik kurashi”, - deydi Abutov.

Qozog’iston hukumati esa Aktobedagi xurujlarda salafiylik oqimiga mansub dindorlarni ayblamoqda. Biroq respublikada bu guruh bilan bog’liq biror aniq ma’lumot mavjud emas. Xurujlarni biror guruh o’z bo’yniga olgani ham yo’q.

Ichki ishlar vazirligi tergovni davom ettirmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG