Suriyada AQSh tayyorgarligidan o'tgan jangchilar o'g'irlab ketilgan

  • Amerika Ovozi

“Al-Qoida”ga aloqador “Jabhat al-Nusra fronti” shimoliy Suriyada amerikaliklar qo’lida tayyorgarlikdan o’tgan muxolifat qo’mondoni va uning yetti jangchisini o’g’irlab ketgan.

Hodisa AQShning mo’tadil muxolifatchilar malakasini oshirish va qurollantirish rejasiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Shuningdek, shimoliy Suriyada xavfsiz zona yaratish bo’yicha Anqara va Vashington o’rtasida davom etayotgan muzokaralarga ham zarba beradi.

Britaniyada joylashgan markaz - Suriya inson huquqlari tashkiloti bildirishicha, jangchilar Halab viloyatidagi Azaz shahrida o’tgan yig’indan qaytayotganida o’g’irlab ketilgan. Ular Azazga “Islomiy davlat”ga qarshi kurashni kuchaytirish masalasida boshqa guruhlar bilan muloqot o’tkazish uchun borgan.

Turkiya matbuotiga ko'ra esa o’g’irlanganlar soni 18 nafar va asir olinganlarning aksariyati mahalliy turkman elatidan.

Shu hafta Vashington va Anqara IShID jangarilarini shimoliy Suriyadan surib chiqarish uchun mo’tadil muxolif guruhlarga havodan yordam berishini ma’lum qildi. Aynan qaysi guruhlar AQSh va Turkiyadan ko’mak olishi hozircha mavhum.

AQSh rasmiylarining aytishicha, rejani amalga oshirishdagi asosiy qiyinchiliklardan biri shuki, Suriya ichiga 40 kilometrgacha kiradigan va xavfsiz zona uchun tanlangan hududda “Al-Nusra” va boshqa yana bir “Ahror al-Shom” ekstremistik guruhi mustahkam o’rnashib olgan. Chegaradagi Azaz shahrining “Islomiy davlat” qo’liga o’tib ketmasligini ta’minlashda boshqa guruhlar ularning yordamiga tayanib keladi.

“Islomiy davlat”ga raqib bo’lgan “Al-Nusra fronti” AQSh himoyasidagi boshqa guruhlarni ham nishonga oladi.

AQSh Suriya muxolifatini tayyorgarlikdan o’tkazishda juda sust, deydi ayrim qonunchilar. Senatdagi tinglovda AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter shu kungacha faqat 60 jangchi tayyorgarlikdan o’tganini ma’lum qildi.

Suriyadagi isyonchi guruhlar yetakchilari ikki narsadan norozi. Biri - “mo’tadil guruh” toifasiga kirish uchun qo’yilgan talablar yuqori. Ikkinchisi esa Suriya hukumatiga qarshi emas, balki faqat “Islomiy davlat” jangarilari bilan olishayotganlargina Amerika treningidan o'tmoqda.

Pentagon rasmiylariga ko’ra, ayni paytda 1500 ko’ngilli tayyorgarlik dasturida qatnashish uchun o’z navbatini kutib turibdi. Asosan, sharqiy Suriyada istiqomat qiluvchi qabilalardan odam olishga e’tibor katta, deydi AQSh mulozimlari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG