Davlat departamenti terrorizmga doir hisobot e’lon qildi; al-Qoida hamon asosiy tahdid

  • Amerika Ovozi

Kecha chop etilgan terrorizmga doir yillik hisobotga ko’ra, Pokistonda yashiringan guruh Qo’shma Shtatlarga qarshi xurujlar rejalab, uning ijrosi uchun odam yollab keladi, jumladan, G’arbiy Yevropa va Shimoliy Amerikadan.

Bundan tashqari, hujjatda aytilishicha, terrorizm o’choqlari Yaqin Sharqdan Janubiy Osiyo tomon siljimoqda.

Davlat departamentining terrorizmga doir bu yilgi hisobotida o’tgan yilgi davlatlar nomlarini ko’rish mumkin. Eron, Kuba, Sudan va Suriya hamon terrorizm homiylari sifatida tilga olinmoqda.

Ammo, haqiqatan, katta farq shuki, avvallari xurujlar asosan Yaqin Sharqda ro’y bergan bo’lsa, o’tgan yili Janubiy Osiyo davlatlari ko’proq nishonga olingan.

Terrorizmga qarshi kurash markazi direktori Ras Travers so’zlariga ko’ra, 2009 yilda 11 mingdan ziyod hujum qayd etilgan. Shuning 75 foizi shu ikki regionga to’g’ri keladi.

Yaqin Sharqda, deydi u, oxirgi uch-to’rt yilda terror aktlari anchagina kamaygan. Janubiy Osiyoda esa buning aksi. 2009 yilda mintaqa dunyoning eng notinch nuqtalardan biriga aylandi, deydi Ras Travers.

Mazkur xurujlar tufayli dunyoda taxminan 1600 kishi halok bo’lgan. Bu 2008 yilga qaraganda, birmuncha kam.

Davlat departamenti rasmiysi Daniel Benjamin fikricha, Pokistonda joylashib olgan al-Qoida Qo’shma Shtatlarga xavf solayotgan bosh manba. Tashkilot muntazam o’zgarib bormoqda, o’ta chidamli, deydi u. Biroq o’tgan yili al-Qoida uchun og’ir davr bo’lgan.

Pokistonda armiya terrorchilarni siquvga olmoqda, qabilaviy hududlarda ularning manzillari yo’q qilinmoqda. “Al-Qoida buning ta’sirini sezgan bo’lishi aniq”, - deydi Daniel Benjamin.

Guruhning yetakchilari ushlangan, o’ldirilgan. Tashkilot moliya manbalarini boy bermoqda, odam yollash qiyin bo’lib qolgan.

Rasmiyning aytishicha, al-Qoida Arab yarimoroli, Shimoliy Afrika va Somalida ildiz otishga tirishmoqda. Shu yilning 11 iyulida Ugandada futbol ishqibozlari nishonga olingan, Somalidagi al-Shabab jangari guruhi “xurujni biz amalga oshirdik” degan edi. Al-Shabab al-Qoidaning bo’linmalaridan biri sanaladi.

Davlat departamentining bu yilgi hisobotida Shimoliy Koreya yo’q. Avvalgi yillardan farqli ravishda kommunistik davlat biror terror xurujiga aralashmagan, deydi rasmiylar.

Biroq so’nggi paytlarda Pxenyan Afg’onistonda Tolibon, Yaqin Sharqda Xamas va Hizbullohni qurol-aslaha bilan ta’minlamoqda degan taxminlar paydo bo’lgan.

Departament rasmiysi Daniel Benjamin “bu da’volardan xabarimiz bor, uning isboti, qanchalik asosli ekani o’rganilmoqda”, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG