Al-Qoida va Tolibonni nima bog’lab turibdi?


Al-Qoida va Tolibonni nima bog’lab turibdi?

Al-Qoida va Tolibonni nima bog’lab turibdi?

Tolibon va al-Qoida mafkura jihatdan bir-biriga yaqin bo’lsa-da, turli maqsadlarni ko’zlaydi. Terrorizm bo’yicha ekspertlar Tolibonni ko’proq mahalliy doiradagi guruhlar majmuasi deb tasvirlab kelgan.

Al-Qoida esa G’arbga qarshi global jihod olib borayapti. Biroq so’nggi izlanishlar natijasida ko’ra, ikkala guruh yaqin hamkor hamdir.

Nyu-Yorkda joylashgan Vest-Poynt harbiy akademiyasi qoshidagi Terrorizmga qarshi kurash markazi ikki yillik tadqiqot natijalarini e’lon qildi.

Tolibon qanoti ostidagi Haqqoniy guruhi va uning al-Qoida bilan aloqalarini izchil o’rganish uchun jangarilar pushtu, urdu va arab tillarida chop etgan maqolalar, foto va video tasvirlar, maktublar tahlil qilindi.

“Xulosa shuki, haqqoniylarni mahalliy darajadagi bir guruh deb tasvirlash xato”, - deydi izlanish muallifi Don Rassler.

“Ular Afg’oniston-Pokiston chegarasida 30 yildan buyon faol harakat qilib keladi. Izlanish shuni ko’rsatdiki, Haqqoniy tizimi Al-Qoida targ’ib qiladigan global jihod mafkurasini qo’llab-quvvatlaydi, uni amalga oshirishda ko’mak ham berar ekan”.

Jaloliddin Haqqoniy

Jaloliddin Haqqoniy

Tolibon, ma’lumki, yaxlit bir tashkilot emas, turli guruhlarni o’z ichiga oladi. Haqqoniy ular orasida eng xavflisi, Afg’onistonda yirik va eng qonli xurujlar uning ishi ekani ma’lum.

Guruhga 1980-yillarda Afg’onistonda Sovet qo’shinlariga qarshi kurashgan Jaloliddin Haqqoniy asos solgan. Hozir uni o’g’li Sirojiddin, Pokistonning Shimoliy Vaziriston mintaqasidan turib boshqaradi.

Don Rasslerning tushuntirishicha, haqqoniylar va al-Qoida munosabatlari 30 yillik tarixga ega. 1990-yillar, Afg’onistonda Tolibon hukmronligi davrida haqqoniylar Tolibon bilan yaqindan hamkorlik qilgan, ammo doimo avtonom boshqaruvga intilgan.

2001 yilda AQSh Afg’onistonni bosib olgach, Tolibon yetakchilari Pokistonga qochib, Kvetta Sho’rosi degan tashkilot tuzadi. Al-Qoida rahbari Osama bin Laden sho’ro bilan emas, aynan haqqoniylar bilan yaxshiroq til topishgan.

“Kvetta Sho’rosi, ya’ni Tolibonning Pokistondagi rahbarlari va al-Qoida o’rtasidagi munosabatlarni silliq demagan bo’lardim. 1990-yillarda Bin Laden mintaqada mahkamroq o’rnashib olish uchun Haqqoniy guruhidan foydalangan”, - deydi Don Rassler.

Al-Qoida va Tolibonni nima bog’lab turibdi?

Al-Qoida va Tolibonni nima bog’lab turibdi?

Afg’onistonda Sovet armiyasiga qarshi kurash yillarida Haqqoniy tizimiga homiylik qilgan Pokiston hukumatidir. Hamkorlik bugun ham davom etayotganini isbotlovchi fakt-dalillar bor.

“Rasmiy Islomobod shu kungacha haqqoniylar bilan aloqani uzmagan bo’lsa, haqqoniylar esa o’tgan 20 yildan buyon al-Qoidani yoqlab kelayotgan bo’lsa, bundan kelib chiqadi - Pokiston global terrorizm rivojiga to’g’ridan-to’g’ri hissa qo’shayotgan davlat”, - deydi izlanishga boshchilik qilgan Don Rassler.

Osama bin Laden shu yilning may oyida Pokistonning Abbotobod shahrida AQSh maxsus kuchlari tomonidan o’ldirilgan edi. Birinchi raqamli terrorist bu yerda 5-6 yil istiqomat qilgan. Unga kim homiylik qilgani haligacha noma’lum.

Qayd etish joiz, Pokiston hukumati nazarida Afg’onistonda tinchlik o’rnatishga qaratilgan muzokaralarda Haqqoniy guruhi ham ishtirok etishi kerak. Ammo AQShni bunga ko’ndira olmaysiz.

“Afg’oniston kelajagi haqida so’z yuritganda, AQSh va Pokiston pozitsiyasi bir-biriga zid. Tinchlik yo’lida qaysi guruhlar bilan gaplashish borasida Vashington va Karzay ma’muriyati o’z fikriga ega. Al-Qoidaga aloqador haqqoniylar bilan muzokara qilishga ularni ko’ndirish qiyin bo’ladi”, - deydi ekspertlar.

XS
SM
MD
LG