Al-Qoida a'zosi AQSh razvedkasi bilan ishlagan

  • Amerika Ovozi

“Bombada biror metal bo’lmagan va shu sababli aeroport xavfsizlik xizmatidan oson o’tgan”

“Bombada biror metal bo’lmagan va shu sababli aeroport xavfsizlik xizmatidan oson o’tgan”

Oq uyning bildirishicha, Amerikaga qarshi xuruj rejalagan va al-Qoidaga aloqadorligi taxmin qilinayotgan shaxs xavf tug’dirmaydi. Chunki bu odam AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi va Saudiya Arabistoni maxfiy xizmati bilan hamkorlik qilgan. Bomba portlatish rejasi shu tariqa fosh etilgan, deydi rasmiylar. Bu shaxs hozir qayerda ekani noma'lum.

Shunisi aniqki, deya xabar beradi "Nyu-York Tayms" (The New York Times) gazetasi, u al-Qoida safiga qo'shilib, bir necha hafta davomida tayyorgarlikdan o'tgan, tashkilot faoliyati bilan tanishib, ma'lumot uzatib turgan. Bomba portlatishni o'z zimmasiga olib, moslama qo'liga berilgach, bu shaxs uni AQSh razvedkasiga topshirgan.

Al-Qoidaning Yamandagi bo’linmasi AQShga jo’nashi kerak bo’lgan samolyotga odamini joylab, portlash uyushtirmoqchi bo’lgani kecha xabar qilingan edi. Yo’lovchilardan biri ichki kiyimiga o’ta puxta ishlangan va sodda portlovchi moslamani yashirishi taxmin qilingan.

“Bombada biror metal bo’lmagan va shu sababli aeroport xavfsizlik xizmatidan oson o’tgan”, - deydi amerikalik ekspert Ketrin Zimmerman. “Terrorchilar samolyotga bemalol kirishi mumkin degani bu”.

Amerika mutaxassislari so’zlariga qaraganda, 2009-yilning 25-dekabrida Niderlandiyadan AQShga uchayotgan samolyotda terror xuruji sodir etishga harakat qilinganida ham ayni moslama aniqlangan. Bu bomba o’shanda ishlamay qolgan edi.

Rasmiylarning aytishicha, moslamani saudiyalik Ibrohim Hassam al-Asiriy yaratgan. Bomba Detroyt uzra Rojdestvo paytida portlashi kerak bo’lgan. Al-Asiriy al-Qoidaning Yamandagi bo’linmasiga aloqador.

Yuqorida tilga olingan maxfiy agent yakshanba kuni Yamanda al-Qoida yetakchisi Fahd Muhammad Ahmad al-Qusoni yo’q qilishda ham muhim rol o’ynadi. U taqdim etgan axborot natijasida terrorchilar manzili aniq nishonga olingan. Al-Quso 2000-yilda Yaman yaqinida harbiy kemani portlatib, amerikalik 17 dengizchini o’ldirganlikka aloqador, deya qidiruvda edi.

Tahlilchi Ketrin Zimmerman nazarida al-Qoidaga qarshi kurashdagi yutuqlarga qaramasdan:

“Terrorchilar o’zini qayta tiklab, Amerikaga zarba berishga hozirlanmoqda”.

Davlat kotibasi Xillari Klinton xalqaro hamjamiyat, Amerika va ittifoqchi davlatlarni hamkorlikni davom ettirib, ogoh turishga undamoqda.

“Terrorchilar yangidan yangi usullar bilan chiqayotgani, begunoh insonlarni qirishning yangi usullarini o’ylab topayotgani qo’rqinchli. Vatanda va chetda ehtiyot bo’lishimiz, do’stlarni himoya qilishimiz juda muhim”, - deydi Klinton.

Qo’shma Shtatlar samolyotlar xavfsizligini ta’minlash uchun ko’proq harbiylarni ishga solgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG