Breaking News
Din

Muhammad Ali so'fi bo'lganmi?


Muhammad Ali O'zbekistonga tashrifi davomida masjidda namoz o'qimoqda, 1978-yil, iyun.
Muhammad Ali O'zbekistonga tashrifi davomida masjidda namoz o'qimoqda, 1978-yil, iyun.

Dunyo ahli Muhammad Alining o’limiga motam tutayotgan bir paytda ijtimoiy tarmoqlarda uning tasavvuf vakili bo’lgani haqida ma’lumotlar paydo bo’ldi. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?

“Ali Islomdagi tasavvuf amaliyotiga qiziqqani shubhasiz, - deydi Dyuk universiteti Islomiy tadqiqotlar markazi rahbari Omid Safi. – Lekin u so’fi bo’lganmi? Shuni ishonch bilan ayta olamizki, u Hazrat Inoyat Xonning universal tasavvufiy qarashlarini o’rgangan va turli musulmon so’fi ustozlari bilan uchrashgan”.

Omid Safi 2004-yil Muhammad Ali bilan uchrashib, Kentukidagi Muhammad Ali Markazida u bilan bir kun birga bo’lgan.

Ali olamdan o’tgan kunning ertasiga Inoyat Xonning nabirasi, Inoyatiy tariqatining hozirgi shayxi Ziyo Inoyat Xon Facebookdagi sahifasida Muhammad Alining Inoyat Xon dargohiga aloqasi borligi haqida yozdi.

Shu kuni AQShdagi Naqshabdiya tariqati shayxiga bag'ishlangan yana bir sahifada Muhammad Alining ushbu tariqat shayxi bilan tushgan surati qo'yildi va uning ostiga mashhur bokschining ushbu dargohga bay'at bergani haqida yozildi.

5-iyun kuni esa Naqshbandiya tariqatining rasmiy Facebook sahifasiga 2001-yil Alining Michigandagi Naqshbandiy shayxi xonadoniga tashrif buyurgani va bu yerda shayxga bay'at berayotgani aks etgan video qo'yildi.

Muhammad Alining sufizmga qiziqqani haqidagi xabarlar nafaqat ijtimoiy tarmoqlarda, balki matbuotda ham ko'zga tashlanadi. 2004-yil "Beliefnet" deb nomlangan saytda Alining qizi Hana Yasmin Ali bilan o'tkazilgan suhbatda Ali diniy an'analardan ko'ra ruhiy masalalarga ko'proq qiziqqani aytiladi.

Intervyuda Alining tasavvufga qiziqishi haqida gap ketgan bo'lsa ham, bokschining an'anaviy islomdan so'filikka butunlay o'tgani haqidagi da'volar to'g'ri emas, deydi tadqiqotchilar.

"Tasavvuf alohida diniy an'ana emas. U islomning ruhiy tomoni xolos", - deydi Dyuk universiteti professori Omid Safi.

Kentakida joylashgan tadqiqotchi Kabir Helminski ham Alining biror tariqatga rasman bog'langani haqida aniq dalil yo'q, deydi.

Alining o'zi hayotligida biror shayxga bay'at bergani haqida gapirmagan. Malkolm X tomonidan 1960-yillarda "Islom millati" (Nation of Islam) tashkilotiga rasman qo'shilgan bo'lsa-da, keyinroq Ali uni tark etib, an'anaviy sunniy islomga kirganini e'lon qilgan.

Muhammad Ali hayotiga bag'ishlangan va uning o'zi ma'qullagan kitobda ham uning tasavvufga aloqasi haqida ma'lumot berilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG