Alisher Soipov xotirasiga Qirg'izistonda So'z erkinligi uchun kurash kuni


Alisher Soipov xotirasiga Qirg'izistonda So'z erkinligi uchun kurash kuni

Alisher Soipov xotirasiga Qirg'izistonda So'z erkinligi uchun kurash kuni

Qirg'iziston rahbari Roza Otunbayeva 24-oktabrni So'z erkinligi uchun kurash kuni deb e'lon qilishga rozi. Yaqin kunlarda bu borada qaror chiqishi kutilmoqda.

Bu tashabbusni mamlakat jurnalistlari prezident e'tiboriga havola etgan va unga aynan shu kuni, 2007-yilda O'shda jurnalist Alisher Soipov o'ldirib ketilganini eslatishgan edi.

Soipov "Amerika Ovozi"ning Qirg'izistondagi muxbiri edi. O'tkir maqolalari bilan tanilgan, "Siyosat" degan mustaqil gazetaga asos solgan edi. Qirg'izistondagi muammolardan tashqari u qo'shni O'zbekistondagi vaziyatni ham yoritar, hukumatlarni tanqid ostiga olib kelar edi.

Uning faoliyati va jurnalist yuzlashgan tahdiddan xabardor odamlar fikricha, Alisher Soipovning o'limi "buyurtma qotillikdir". Xavfsizlik organlari uyushtirgan bu ishni degan fikr keng tarqalgan.

Qirg'izistonning o'sha paytdagi prezidenti Kurmanbek Bakiyev qotilni topishni va'da qilgan edi. Lekin tergov va sud ishi, marhumning oilasi qayd etishicha, boshi berk ko'chaga kirib qolgan. Botken viloyatida ushlanib, Soipovning o'limida ayblanib sudlangan Abdufarit Rasulov 20 yilga qamalgan. Lekin marhum jurnalistning oilasi uning asl qotil ekaniga ishonmaydi. Jinoyatni qaytadan tergov qilish iltimosi javobsiz qoldirilgan.

Xalqaro hamjamiyat, huquq va jurnalistika tashkilotlari adolat ta'minlansin deb keladi. Lekin, mana to'rt yil o'tib ham undan darak yo'q.

Alisher Soipov xotirasiga Qirg'izistonda So'z erkinligi uchun kurash kuni

Alisher Soipov xotirasiga Qirg'izistonda So'z erkinligi uchun kurash kuni

"Bizning mamlakatimiz demokratik rivojlanish yo'lidan ketmoqda va so'z erkinligi uning ajralmas qismi bo'lishi kerak. Bu Qirg'iziston barqarorligi va farovonligi uchun muhim",- deyidi Otunbayeva, bugun tarqatilgan bayonotda.

"Biz bu kunni qayd etish bilan bilan cheklanmay, erkin axborot olish va tarqatish huquqini mustahkamlash uchun konkret choralar ko'rishimiz kerak",- deydi prezident.

"Nafaqat shu kuni, balki har kuni haqiqatni aytish uchun kurashishimiz lozim".

Kelasi hafta Qirg'izistonda prezident saylovlari. Roza Otunbayevaning davlat rahbari sifatidagi kunlari sanoqli.

Shunday bo'lsa-da, Otunbayeva xalqqa 2010-yilning aprelida Kurmanbek Bakiyevni hokimiyatdan ag'dargan insonlar nima istaganini eslatmoqda.

Inqilobchilarning talablaridan biri so'z erkinligiga ega bo'lish edi, deydi prezident.

O'tkir maqolalari bilan tanilgan Alisher Soipov "Amerika Ovozi" muxbiri edi

O'tkir maqolalari bilan tanilgan Alisher Soipov "Amerika Ovozi" muxbiri edi

Qirg'iziston o'z fikrini erkin ayta olish va boshqalarni haqiqatdan ogoh etish uchun o'z jonini fido qilgan farzandlarini unutmaydi, deydi Roza Otunbayeva.

Qirg'iziston matbuot xodimlari uchun eng xavfli jamiyatlardan biri. 2009-yilning dekabrida Bishkekda jurnalist Gennadiy Pavlyuk o'ldirilgan edi. O'sha yili Sirgak Abdildayev ismli muxbir ham hujumga uchragan va vatanini tark etishga majbur bo'lgan edi.

Prezident Otunbayeva bu kabi xuruj va bosimlarni qoralab, jurnalistlar va axborot vositalari himoyasi uchun gapirib keladi. Ularga hech kim buyruq bermasligi kerak, aksincha, jamiyat haqiqatni bilishi uchun ular erkin ishlay olishi shart, deydi rahbar.

2007-yilning 29-oktabrida efirga uzatilgan dasturdan:

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG