Breaking News

O'zbekning yosh ketgan jurnalisti Alisher Soipovni xotirlab...


Alisher Soipov (1981-2007) - Shohruh Soipov so'zlaydi - (Suhbat bundan ikki yil oldin qilingan. Afsuski, masala yuzasidan yangilik yo'q)
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:18:18 0:00

Alisher Soipov (1981-2007) Ukasi Shohruh Soipov so'zlaydi (Video arxivimizdan)

"Amerika Ovozi" ga O'shdan bir necha daqiqa oldin reportaj uzatgan jurnalist Alisher Soipov ishxonasi oldida otib ketilgan. Alisher 26 yoshda edi.

O'zbekning yosh ketgan jurnalisti Alisher Soipovni xotirlab... Ukasi Shohruh Soipovning dil so'zlari.

"So'z erkinligi chegara bilmaydi. Akam Alisher Soipov umrining so’nggi lahzasigacha xuddi ana shu shior bilan yashadi. O’zining qat’iy qarori ila oldiga qo’ygan maqsad sari olg'a qadam tashlardi. Lekin bir qancha to’siqlarni yengib o’tib, bo’lajak qiyinchiliklarga dosh bera olishiga ishongan insonning kelajakka ko’zlagan rejalari amalga oshmadi.

2007-yilning 24-oktabrida O’sh shahrida orzularga to’la yosh jurnalistning joniga suiqasd qilindi, otib ketildi.

Oradan 7 yil o’tdi. Hayot davom etmoqda. Alisher akam butun mintaqa uchun orzu qilgan haqiqiy demokratiya va so’z erkinligi ko’rsatkichlari pasaysa pasaydiki, ko'tarilmadi. Aksincha davlatlar yana ham qattiqroq boshqaruv tizimiga o’tdi.

Qotillik yuzasidan ochilgan jinoy ish Qirg’izistonning o’sha paytdagi prezidenti Kurmanbek Bakiyev boshchiligidagi yuqori lavozimli rasmiylar nazoratiga olinganiga qaramay hanuz biron-bir ijobiy natijaga erishilgani yo’q.

2010-yilda yuz bergan navbatdagi “revolyutsiya” ortidan hukumatga kelgan yangi rahbarlar ham yuqori minbardan quruq va’dalar berish bilan cheklandilar, undan nariga o’ta olmadilar.

Kim? Nima sababdan? … Savollarimiz hamon javobsiz.

Ikki yil avval yangi dalillar topilganligi sabab qayta qo’zg’atilgan jinoiy ish yuzasidan tergovni hozirgi kunda O’sh shahar militsiyasining “Uyushgan jinoyatga qarshi kurashish hududlararo boshqarmasi” olib bormoqda. Lekin natija hali aniq emas.

Otamiz Avaz Soipov 7 yil davomida o’g’lining qotilligi yuzasidan adolat izlab turli idoralarga bordi, gaplashdi. U bir kun kelib qotillar albatta topilib, jazolanishlariga ishonadi.

“Aytadilar-ku, hamma narsani vaqt ko’rsatadi. Hozirgi vaziyatda bu qotillikning yuzi ochilishi dargumon. Lek, o’g’limning qotillari bir kun kelib albatta topiladi”, - deydi ota.

Avvaliga qotillik bo’yicha akamni qoralovchi turli xil bayonotlar tarqatgan Qirg’iziston Ichki ishlar vazirligi na tergov jarayonida, na tergov yakunida biron-bir dalil-isbot keltira olmagan.

O’g’lining har doim o’z aql-zakovatiga tayanib ish tutganini, qo’ldan kelganicha insonlarga yordam berish bilan, ularning mushkulini oson qilishga harakat qilganini onamiz Zaynabxon ko'p eslaydi.

“Men Alisherga ba’zida, "o’g’lim o’zingni xavf-xatarga qo’yib bunchalik ish olib borma" desam, u menga "oyi, ko’z ostimdagi muammoni men ko’ra bila turib, u haqda yozmasam, muammo ortidan bo’lajak salbiy natijalarga men ham aybdor bo’laman" derdi. Doim insonlarga yordam berishga shoshilardi”.

Alisher akam 2005-yilning 24-martiga Qirg’izistonda yuz bergan “Lola inqilobi” paytida joyidan turib xalqaro hamjamiyatga ma’lumot uzatgan.

Akam o'sha yilning 12-13 may kunlari Andijondagi qonli voqealar ortidan Qirg’izistonga qochib o’tishga majbur bo’lgan odamlar bilan muloqotda bo’lib, ularning arzu-dodlarini, muammolarini yoritgan.

Dadasi o’ldirilib ketilganida endigina ikki oylik bo’lgan Zulayho bu yil 7 yoshga to’ldi. Bu qizaloq jasur jurnalist bo’lgan otasini endi faqat saqlanib qolingan surat va videolardagina tomosha qilmoqda.

“Alisher dadam jurnalist bo’lgan. Men ham katta bo’lsam jurnalist bo’laman, odamlarga ma’lumot beraman. Dadam bilan jannatda ko’rishamiz”, - deydi 2-sinfda o’qiyotgan Zulayho.

2006-yilning sentabrida uylanib, kelasi yili farzandli bo’lgan Alisher akam qizini kelajakda har taraflama aqlli inson sifatida voyaga yetkazishni, Zulayhoni “ensiklopediya” qiz qilishni orzu qilar edi.

Alisher akam orzularining ba’zilariga o’zining qisqa umri davomida erishishga ulgurdi, qolganlarini esa o’zi bilan olib ketdi.

Alisher akam yosh bo'lsa-da, qator xalqaro ommaviy axborot vositalari, jumladan, "Amerika Ovozi", "Ozodlik", "Mashhad", Urush va tinchlikni yoritish instituti, Fergana.ru singari tashkilotlarga ishlagan va ular bilan hamkorlik qilgan. 2007-yilning fevral oyidan boshlab esa o’zi ta’sis etgan “Siyosat” gazetasini chop eta boshlagan edi."

XS
SM
MD
LG