"O'zbekistonda quyosh va paxta - muqobil energiya uchun mos manbalar"

  • Amerika Ovozi

O'zbekistondan Ibrohim Musayev, professor Frederik Starr, Qirg'izistondan Marat Janbayev Jon Xopkins Universitetida Ramsfeld stipendiatlari yig'inida. 30-oktabr, 2013-yil.

O'zbekistondan Ibrohim Musayev, professor Frederik Starr, Qirg'izistondan Marat Janbayev Jon Xopkins Universitetida Ramsfeld stipendiatlari yig'inida. 30-oktabr, 2013-yil.

Muqobil energiya ishlab chiqarishda Qozog’iston Markaziy Osiyoda yetakchi davlat. Bu xildagi energiyani mamlakat gidromanbalardan oladi, xususan, kichik va o’rta hajmdagi GES lardan. Shamol va quyosh kuchini ham ekspluatatsiya qilishga kirishilgan.

Elektr va gaz ta'minoti har zamonda uzilayotgan qo’shni O’zbekistonda bu soha sust, ammo sarmoya kiritish zarur, ayniqsa, quyosh energiyasiga, chiqitlarga qayta ishlov berishga, deydi o’zbekistonlik Ibrohim Musayev.

Yangi bizneslarni qo’llab-quvvatlovchi xalqaro tizim (Global Business Incubators) vakili, Toshkent axborot texnologiya universiteti, Kolumbiya va Yel universitetlari bitiruvchisi bu yil Ramsfeld stipendiyasi (Rumsfeld Fellowship) sohiblaridan.

Amerika Ovozi: O’zbekistonda kimda-kim muqobil energiya sohasini o’rganmoqchi bo’lsa, qaysi ta’lim maskanlariga borishi mumkin? Bu sohani o’qitadigan mutaxassislar bormi mamlakatda? O’qishni bitirgan odam qaysi kompaniya, tashkilotlarda ishlashi mumkin? Oldindan qancha maosh olishini aytish mumkinmi bunday mutaxassisning O’zbekistonda? Qanchalik talab bor bu kasbga?

Ibrohim Musayev: Bu sohaning potensiali juda katta. Markaziy Osiyo yiliga 460 milliard kilovatt gidroenergiya ishlab chiqarish salohiyatiga ega. O’zbekistonda yoz juda issiq keladi, hozir ham Toshkent bilan gaplashsangiz oftob bor. Biz ishlatishimiz mumkin bo’lgan eng katta manba quyosh energiyasi. Bundan tashqari, mamlakat paxta yetishtiradi va undan chiqitlar qoladi. Ana shu qoldirlardan bioyonilg’i ishlab chiqarish mumkin. Yoshlar qayerda ta’lim olsa bo’ladi, deb so’radingiz. Bu juda yangi soha. Mintaqada endi-endi Qozog’iston qandaydir qadamlar tashlayapti. Xorijdan texnologiya olib kelib o’rnatmoqda. Hozircha bu yo’nalishda region yoshlari Yevropada yoki Amerikada bilim olishi mumkin. Hozircha ahvol shu… Oyliklar masalasiga kelsak, energetika doim daromadbop sanoat bo’lib kelgan. Bundan keyin ham shunday bo’lib qoladi.

Amerika Ovozi: Energetika, neft-gazga ishlov berish, umuman bu sanoat atrof-muhitga qattiq ziyon keltirishi sir emas. Tabiatda muvozanat buziladi, chiqitlar dolzarb muammo. Mana shu zararni kamaytirish, uning oldini olish texnologiyasi bilan bog’liq ahvol qanday O’zbekistonda?

Ibrohim Musayev: Bilmadim, O’zbekistonga oxirgi marta qachon borgansiz… Men o’tgan yili Toshkentda bo’ldim. Ko’chada mashina, ishlab chiqarish korxonalari g’oyatda ko’p. Havoning sifati o’zgarganini darrov sezasiz. Toshkentga borganimda bir havo, Chimyonga chiqsam boshqa havo olaman, deyishadi. Odamlar nafas olayotgan havo bulg’angan. Buni hamma bilib turibdi.

Amerika Ovozi: Sizningcha, hozir energetika, toza texnologiya bo’yicha mutaxassis uchun ish bozori qayerda?

Ibrohim Musayev: Bizning yoshlar, Markaziy Osiyo mutaxassislari G’arbda, Amerikada o’qib keyin nima qiladi? Qo’shma Shtatlarda ish bozori juda qiyin, hech kimga sir emas. Potensial qayerda? O’rta Osiyoda. O’sha yerga sarmoya kiritish, mehnatni singdirish kerak.

Amerika Ovozi: O’zingiz haqingizda ikki og’iz gapirib bersangiz. 10 yildan beri Nyu-Yorkda yashayapsiz…

Ibrohim Musayev: Sarmoyalar bilan shug’ullanaman. Amerika emas, Markaziy Osiyoga investitsiya kiritish bilan bandman. Hozir, masalan, quyosh energiyasiga, qurilish loyihalariga sarmoya yotqizayapmiz. Bundan tashqari, "Global Business Incubators" (yangi ochilgan bizneslarga moliya, boshqa xildagi ko’mak, maslahat va mashqlar bilan yordam beruvchi tuzilma) degan tashkilot bor, ularga dunyoning har xil nuqtalarida inkubatorlarni (endi ish boshlayotgan bizneslarni) o’rnatishda yordam beraman.

Ramsfeld stipendiatlari orasida bu yil O’zbekistondan Amerika Tijorat palatasi vakilasi Tatyana Bistrushkina, Qozog’istondan iqtisodchi, KazStroyService rasmiysi Almas Otinshiyev, Qirg’izistondan “Taza Bio Systems” rasmiysi Marat Janbayev, Tojikistondan "Tethys Petroleum" xodimi Nozir Sharipov va boshqalar bor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG