AQShning O'zbekistondagi elchisi: Qo'ldan kelgancha harakat qilayapmiz


AQShning O'zbekistondagi elchisi Jorj Krol "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, 13-mart, 2013

AQShning O'zbekistondagi elchisi Jorj Krol "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, 13-mart, 2013

Vashingtonda O'zbekiston-Amerika muzokaralari ketidan Toshkentdagi elchi Jorj Krolni suhbatga tortdik. Diplomat har doimgidek umid va optimizmga to'la.


O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Vashingtonda mehmon bo’lib turar ekan, AQShning Toshkentdagi elchisi Jorj Krol ham Vashingtonda.

Muzokaralar ketidan elchi janoblari bilan “Amerika Ovozi” radio studiyasida o’tirib suhbat qilar ekanmiz, unga 2011-yilning yozida Kongress oldida so’zlagan nutqini eslatdim. Senat tasdig’idan o’tish arafasida turgan diplomat o’shanda aloqalarni muvozanatlash, ahamiyatni faqat Afg’oniston yuzasidan hamkorlikka qaratmay serqirra rishtalar yo’lida harakat qilmoqchi ekanini aytgan edi.

Elchi bunga qanchalik erisha oldi? Diplomat so’zni o’zbek tilida, o’zbekona iltifot va minnatdorchilik ruhida boshladi.


KROL: Katta rahmat, Navbahor. Avvalo, go’zal o’zbek tilida so’zlashga ijozat bering. Ishonamanki, bugun bizning mamlakatlarimiz o’rtasidagi aloqalar yana ham rivojlanib, hamkorlik va bir-birimizga ishonch yangi darajaga ko’tariladi. (Bu yog’i inglizchada) Nazarimda davlatlarimiz orasidagi aloqalar bugun yangi darajaga ko’tarilgan. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov kecha Davlat kotibimiz Jon Kerri bilan uchrashib, gaplashib oldi. Bugun Kongressda Vakillar Patalasida uchrashuvlar o’tdi. Tomonlar juda mamnun. Aloqalar bugun barcha jabhalarda oldinga siljigan. O’zbekiston hozir Obamaning ikkinchi muddatdagi yangi ma’murityati bilan gaplasha boshladi...

Amerika Ovozi: Afg’oniston bugungi hamkorlik ortidagi asosiy omil. Yana qanday ustuvor masalalar bor hozir Amerika uchun?

KROL: Hamkorlik faqat Afg’oniston yuzasidan emas. Albatta bu davlatda tinchlik va barqarorlikdan hammamiz manfaatdormiz. O’zbekiston hukumati xalqaro koalitsiya hatti-harakatlarini quvvatlab keladi, bu sir emas. Bu aloqalarning muhim qismi, lekin hamkorlikni tebratayotgan yagona omil emas. Biz siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda ham muloqot qilib, birga ishlash harakatidamiz. Amerika va O’zbekiston orasidagi muloqotda doimiy mavzular bor. Xususan, demokratik taraqqiyot, demokratik institutlarni shakllantirish va inson huquqlariga hurmat. Bu borada hukumatlar yuqori darajada ochiq va samimiy muloqot qila boshlagan. Men elchi sifatida O’zbekiston bo’ylab sayohat qilib, Amerika nafaqat hukumat balki xalq bilan bog’lanish maqsadida ekanini aytayapman. Men qo’ldan kelgan barcha harakatni qilayapman. Aholi bilan o’zbek tilida gaplashishga urinaman. Qayerga bormay, Qoraqalpog’istonmi yoki Namangan, Buxoro yo Qarshi yo Termiz, odamlar biz bilan yaqindan aloqada bo’lishni istaydi. Ular ko’proq amerikaliklar kelsin deydi, biz ham Amerikaga ko’proq boraylik, deydi. Shu bois, men qisqa vaqtga bo’lsa-da, Vashingtonga kelib yangi ma’muriyat bilan, bu yerdagi tashkilotlarning vakillari hamda siz, “Amerika Ovozi” bilan bu borada gaplashishni xohladim. Taklif uchun rahmat!

Amerika Ovozi: Rahmat. Aytish joiz, biz O’zbekiston delegatsiyasi bilan gaplashishga harakat qildik, ularni ham taklif qildik intervyuga, ammo rasmiylar rozi bo’lishmadi. Siz aytayotgan sa’y-harakatlarga qaramay aloqalarni muvozanatlash juda murakkab ishdek ko’rinayapti…

KROL: Bu har doim qiyin, lekin Toshkentda mana ikki yilga yaqin vaqtdan beri elchilik qilayotgan bo’lsam, sizga shuni ishonch bilan aytamanki, O’zbekiston hukumati va xalqi bilan yaqindan aloqa qila boshlaganmiz. Buning uchun imkoniyat bor. O’tgan yili avgustda Toshkentda maslahat kengashi o’tkazganimizda, masalan, jamiki masalalar muhokamada bo’ldi. Barcha agentlik va vazirliklardan vakillar bilan gaplashdik. Ikki yil oldin bunday emas edi. Muhokamadagi masalalar ham oz edi… Fuqaro jamiyati taraqqiyoti haqida ham alohida forum o’tkazib, demokratiya haqida ochiq fikr almashdik. Bu, nazarimda, o’zgarishdan dalolat.

Amerika Ovozi: O’zbekiston hukumati oshkoralik tomon yo’nalayapti, demoqchimisiz?

KROL: Shunday degan bo’lar edim. Chunki biz faqat xavfsizlik haqida emas, boshqa nozik masalalar haqida ham gaplashayapmiz. Almashinuv dasturlarini yangilash, “Fulbright” programmasini qayta tanishtirish… Bular ijobiy qadamlar va har ikki tomon yangi sahifa ochishga harakat qilayotganini anglatadi.

Amerika Ovozi: Lekin elchi janoblari mahalliy va xorijiy huquq faollari sizdan ancha norozi. Ular nazarida elchixona bugun asosan O’zbekiston hukumati ma’qullagan “nohukumat tashkilotlar va fuqaro jamiyati a’zolari” bilan ishlaydi. Mustaqil huquq himoyachilarini esa uncha quvvatlamayapsiz.

KROL: Biz O’zbekistondagi barcha huquq faollari va fuqaro jamiyati a’zolari bilan aloqadamiz. Ular bilan doimo uchrashib turamiz. Bir hafta oldin, masalan, “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Vasila Inoyatova bilan elchixonada brifing o’tkazildi. Menga hech kim shu paytgacha shikoyat qilgani yo’q. Biz hamma bilan so’zlashishga hozirmiz. Elchixonaga kelgan faollarning dardini tinglaymiz, gaplashamiz ular bilan. Eshigimizni hech kimga yopayotganimiz yo’q.

Amerika Ovozi: Amerika O’zbekiston xalqi bilan bog’lanish niyatida deb ko’p gapirasiz, ammo xalqni siz bilan bog’lovchi dasturlar borgan sari kamaymoqda. Masalan, ta’lim va madaniy programmalar. Hozir aynan qanday dasturlar va tashabbuslar borki, ular ikki xalqni bir-biriga yaqinlashtiradi?

KROL: “Fulbright” dasturi orqali O’zbekistonga yana Amerikadan muallimlar kela boshlaydi. Ingliz tilini o’rgatish uchun mutaxassislar keladi. AQShda o’qish bo’yicha maslahatxonamiz bor. U yer odamga to’la”.

Amerika Ovozi: Inson huquqlari va demokratiyani targ’ib qiluvchi dasturlar-chi?

KROL: Kichik grantlar dasturimiz bor. U mamlakat bo’ylab erkinlikni targ’ib qiluvchi turli loyihalarni quvvatlaydi. Boshqaruvni yaxshilash, huquqni e’zozlash, inson savdosiga qarshi kurash, ayniqsa ayollar va bolalarni bunday balodan saqlash uchun. AQSh elchixonasi USAID dasturi orqali nohukumat tashkilotlarga bu borada madad ko’rsatmoqda. Aynan shu sohada O’zbekiston hukumati nohukumat tashkilotlar bilan ishlayotgani ijobiy hol.

Amerika Ovozi: Elchi janoblari, Toshkent va Vashington orasida nozik masalalar juda ko’p. Bilasiz, yondashuvlar o’zgacha. Shularni hisobga olsak, bugun oradagi ishonch qay darajada? Bu uchrashuvlar, safarlar bilan tub muammolar hal bo’lib qolayotgani yo’q axir.

KROL: Ishonch diplomatiyada uzviy talab. Ishonchsiz aloqa qila olmaysiz. Shu bois ham biz e’tiborni muloqot ko’lamini oshirishga qaratib, faqat Tashqi ishlar vazirligi bilan emas, butun hukumat, mahalliy boshqaruv va barcha tashkilotlar bilan aloqaga kirib, o’zaro hamjihatlikni targ’ib qilishga, Amerika maqsadlarini tushuntirishga harakat qilayapmiz. Umum manfaatlar, albatta, bizni yaqinlashtiradigan omil… Xalq bilan bog’lanish juda muhim. Almashinuv dasturlari ko’paysin deymiz, ammo AQSh moliyaviy muammolar bilan yuzlashar ekan, bu qiyin. Yana bir narsaga urg’u bermoqchiman. Bugun Amerikaga kelayotgan va kela oladigan, buni o’zi moliyaviy qoplay oladigan o’zbekistonliklar ko’paygan. Sayohat, o’qish maqsadlarida, masalan. Konsulligimiz o’tgan yili undan oldingi yilga qaraganda 30 foiz ko’proq viza berdi.

Amerika Ovozi: Elchi janoblari, bilaman, vaqt tig’iz, ketishingiz kerak, lekin yana bir savolim bor. O’zbekistonga yaqinda safar qilgan kongressmenlarning aytishicha, prezident Islom Karimov Amerikadan harbiy yordamni oshirib, unga qurol-aslaha sotishni so’ramoqda. Aynan nima so’rayapti O’zbekiston?

KROL: Bu borada biror konkret qarorga kelinmagan. O’zbekiston o’z qurolli kuchlarini zamonaviy talablarga moslamoqchi, ayniqsa chegara xavfsizligini takomillashtirish, AQSh Afg’onistondan 2014-yilda chiqib ketgach vujudga kelishi mumkin bo’lgan tahdidlarga qarshi tayyor turish maqsadida yordam so’ramoqda. Kongress cheklovlariga istisno tarzida 2012-yilda ayrim jihozlar uzatganmiz. O’zbekistonga hozir nima kerak va biz nima bera olamiz? Mana shu masala muhokamada. Shimoliy Ta’minot Tizimi va Afg’onistondagi xalqaro koalitsiyani quvvatlayotgani sabab O’zbekistonga qanday texnika zarurligi haqida gaplashayapmiz. Lekin qayd etaman, biror qarorga kelinmagan.

Amerika Ovozi: Rahmat suhbat uchun!

KROL: Sizga va oilalaringizga baxt-saodat va sihat-salomatlik, ishlaringizda omad tilayman!

AQShning O'zbekistondagi elchisi Jorj Krol va "Amerika Ovozi" jurnalisti Navbahor Imamova suhbatda, 13-mart, 2013

AQShning O'zbekistondagi elchisi Jorj Krol va "Amerika Ovozi" jurnalisti Navbahor Imamova suhbatda, 13-mart, 2013

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG