Afg'oniston kelajagi kimning qo'lida? AQSh maxsus elchisi bilan suhbat


Mark Grossman AQShning Afg'onistondagi bosh diplomati Rayan Kroker (o'ngdan) va Pokistondagi elchisi Kameron Munter bilan, Islomobod, 2 avgust 2011

Mark Grossman AQShning Afg'onistondagi bosh diplomati Rayan Kroker (o'ngdan) va Pokistondagi elchisi Kameron Munter bilan, Islomobod, 2 avgust 2011

Mark Grossman - Obama ma'muriyatining Afg’oniston va Pokiston bo’yicha maxsus elchisi. Yil boshida bu lavozimga kelganidan beri mintaqani kezib, hukumatlar orasida hamkorlikni oshirishga urinmoqda.

Amerika 10 yillikdan buyon davom etayotgan urushni tugatib, qo'shinlarni vatanga qaytarish harakatida ekan, Markaziy va Janubiy Osiyoda "undan keyin nima bo'ladi?" deya so'rayotganlar ko'p.

Mamlakat notinch

Mamlakat notinch

Mark Grossmanning o'zi ham terrorizm va ekstremizm tahdidi hamon kuchli deydi.

Amerika hukumati nazarida, Afg’oniston va Pokiston chegaralari osha faoliyat yurituvchi Haqqoniy tizimi - Tolibon va al-Qoidaning hamkori.

Yaqinda AQSh bu tashkilot qo’mondoni Sangin Zadranni dunyoning yetakchi terroristlari safiga qo’shdi.

Mark Grossmanning aytishicha, Obama ma’muriyati bu guruhga qarshi chora ko’rishda Islomoboddan jiddiy qadamlar kutmoqda.

“Terrorizm bilan aloqador yetakchi shaxslarni alohida ro’yxatga tushirib, ularning faoliyatini yaqindan kuzatish – ektremizmga qarshi urushning bir qismi. Bunga majburmiz”, - deydi Mark Grossman.

Jaloliddin Haqqoniy

Jaloliddin Haqqoniy

Haqqoniy tizimi, deydi Amerika rasmiylari, Shimoliy Vaziristonda asoslangan va unga Jaloliddin Haqqoniy va o’g’li Sirojiddin boshchilik qiladi.

Jaloliddin Haqqoniy Afg’onistonda 1980-yillarda Sovet Ittifoqi kuchlariga zarba berib tanilgan. O’tmishda AQSh Markaziy Razvedka Agentligi, Pokiston maxfiy xizmati va arab razvedka tizimlari bilan hamkorlik qilgani ma’lum. Keyinchalik Tolibonga qo’shilgan va 2001 yildan beri Amerikaga qarshi jang qilib keladi.

Haqqoniy tizimi Afg’oniston rasmiylari va harbiylari, chet el zobitlari va xorijiy xizmatchilarni nishonga olib kelmoqda. Maqsad, deydi guruh vakillari, ajnabiylarni bu zamindan quvib chiqarish.

Afg'onistonda janglar davom etmoqda

Afg'onistonda janglar davom etmoqda

Afg’onistonda o’tgan oylar ichida ko’plab amaldorlar o’ldirib ketildi, keng qamrovli xurujlar davom etmoqda. AQSh qo’shinlarini olib chiqar ekan, vaziyat yanada izdan chiqishi mumkin degan xavotir kuchli.

“Afg’on xalqi haqiqatni biladi. Ular jangari kuchlar qanchalik beshafqat ekanini, kelajak ularning qo’lida emas, demokratik tuzumda ekanini tushunadi. Shu bois bu xalq o’z xavfsizlik kuchlari va harbiylariga tayangan holda, yangi jamiyat qurishda davom etadi degan umiddamiz”.

“Xavfsizlikni ta’minlashni mahalliy armiya zimmasiga topshirishda davom etamiz. Tolibon bugun katta kuch emas. Harbiy qudratidan ayrilgan. Shuning uchun ular jang emas, alohida xurujlar qilishni ma’qul ko’rmoqda”.

Afg'oniston demokratik, tinch va oshkora jamiyat bo'la oladimi?

Afg'oniston demokratik, tinch va oshkora jamiyat bo'la oladimi?

Yil oxirigacha Istanbul va Bonnda Afg’onistonni quvvatlash bo’yicha ikki yirik anjuman rejalangan. Har ikkisida bu mamlakatning qo’shnilariga, jumladan Markaziy Osiyo davlatlariga minbar berilib, ularning taklif va mulohazalari tinglanadi. Afg’onistonda tinchlikni ta’minlashda ular qanday hissa qo’shmoqchi, qanday yordam bermoqchi? Mana shu masalalar ko’rib chiqiladi.

Mark Grossman, Amerikaning boshqa yetakchi diplomatlari singari, yangi Butuk Ipak Yo’li loyihasi haqida gapiradi. Markaziy va Janubiy Osiyoni bir-biri bilan yaqindan bog’lovchi savdo yo’nalishi. AQSh bu borada homiylik qilishga tayyor, deydi u. Maqsad - Afg’oniston, Pokiston, Hindiston va Markaziy Osiyoda yashovchi millionlab insonlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish. Iqtisodiy integratsiya, ya’ni birdamlik uchun zamin hozirlash. Turli sohalarga sarmoya jalb qilish uchun avvalo tinchlik kerak.

Lekin diplomat fikricha, iqtisodiy imkoniyatlar kengayib borgan sari barqarorlik ham qaror topadi. Bunday fikrlarni bugun ko’plab boshqa rasmiylardan ham eshitasiz.

Kelajak - afg'onlarning o'z qo'lida

Kelajak - afg'onlarning o'z qo'lida

Siyosiy tahlilchilar nazarida Afg’oniston tinchligi ko’p jihatdan Pokiston qo’lida. Toliblar bilan muzokara ketar ekan, bu davlat jarayonga to’sqinlik qilmoqda degan da’volar yangramoqda. Pokiston jangari kuchlardan qo’shni Hindistonga qarshi foydalanadi, notinch Afg’oniston Amerikani Pokistonga tobe qilib qo’yadi, milliardlab dollar moliyaviy yordam olayotgan rasmiy Islomobod vaziyatni o’zgartirmoqchi emas degan fikrlar keng tarqalgan.

Mark Grossman bu mulohazalarga qo’shilmaydi. Uningcha, Pokiston siyosati hozirga kelib ancha o’zgargan. Istanbul va Bonndagi anjumanlarda Pokiston Afg’onistonda murosa va tinchlik tarafdori ekanini isbotlab berishi kerak.

“So’nggi oylarda bu borada ular bilan ko’p marta muloqot qildik. Afg’oniston tinchligi - Pokiston tinchligi”.

Pokistonda ham jangari xurujlari kundalik yangilik

Pokistonda ham jangari xurujlari kundalik yangilik

Afg’onistonda prezident Hamid Karzaydan norozi tomonlar ko’p. G’arbda, xususan Amerika siyosiy doiralarida ham uni xushlashmaydi. Karzayga ayyor, gapida turmaydigan, subutsiz bir lider sifatida qarashadi. Maxsus elchi Mark Grossman nazarida prezidentni baholash xalqqa havola. Bu borada afg’onlardan so’rang, deydi u. Korrupsiya ham Afg’onistonning o’zi hal qiladigan masala, deydi u.

“Biz uchun eng muhimi - demokratik tuzum rivojlanishi. Davlat demokratik bo’lsin, oshkoralik sari qadam tashlansin”.

Pokistan Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar

Pokistan Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar

Ayni damda AQSh va Afg’oniston uzoq muddatni ko’zlovchi strategik hamkorlik bitimi haqida gaplashmoqda.

“Bu bitim shuni aks ettiradiki, Amerika mintaqani tashlab qo’ymaydi. Afg’on xalqi va uning qo’shnilari, shuningdek, jangari kuchlar buni bilishi kerak. Biz hudud taraqqiyotida muhim rol o’ynab, siyosiy-iqtisodiy yordam ko’rsatishga bel bog’laganmiz”,- deydi maxsus elchi Mark Grossman.

“Amerika Afg’onistonda doimiy harbiy bazaga ega bo’lishni istamaydi. Lekin bu - 2014 yildan keyin AQSh Afg’onistonni unutadi degani emas”.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG