AQSh-Markaziy Osiyo: "Islomiy davlat", raqobat va diplomatiya


Deyarli chorak asr davomida AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatida muhim rol o’ynab, rishtalarni tebratib kelgan yuqori lavozimli rasmiylardan biri Richard Hoagland iste’foga chiqmoqda. Diplomatik xizmatni u 1985-yilda, Prezident Ronald Reygan davrida boshlagan Hoagland 1990-yillarda mintaqadagi har bir respublika bilan aloqalarni shakllantirish uchun jon kuydirgan. 2000-yillarda Tojikiston va Qozog’istonda elchilik qilgan, shuningdek, Turkmanistonda bosh diplomat bo’lgan. Pokiston va Afg’onistondagi elchixonalarda yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan. Xullas, AQShning dunyoning bu qismlaridagi tashabbuslari ortida turgan shaxslardan biri. Faxriy diplomat bilan diplomatiya, bugungi aloqalar haqida suhbatlashdik.

Navbahor Imamova: Janob Hoagland, biz bilan gaplashishga vaqt topganingiz uchun katta rahmat. Bilamiz, siz juda band odamsiz, buning ustiga bu hafta iste’foga chiqayapsiz.

Richard Hoagland: Bajonidil. Siz bilan hamisha maroq bilan gaplashaman. Diplomatiya va o’zaro aloqalar haqida suhbatlashish uchun vaqt albatta topiladi.

Navbahor Imamova: Janob Hoagland, siz yaqinda Markaziy Osiyoda bo’ldingiz.

Richard Hoagland: Shunday.

Navbahor Imamova: Maqsad nima edi?

Richard Hoagland: Bu mening Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazga so’nggi rasmiy tashrifim edi. 10 yildan ortiq davrdan beri men bilan ishlayotgan tashqi ishlar vazirlari bilan ko’rishishni xohladim. Ularga hamkorlik uchun rahmat aytdim. Ularning yuqori darajali mahoratidan minnatdorman chunki bu hamkorlik qaysidir darajada shaxsiyat bilan ham bog’liq. Qayerda bo’lsam ham doimiy muzokara, shikoyat yoki oldi-berdini chetga surib, xo’sh, Amerika va davlatingiz orasida aloqa a’lo bo’lishi uchun nima qilmoq zarur deb ulardan so’radim.

Navbahor Imamova: Juda qiziq… Bilamiz, hukumatlarni qattiq xavotirga solayotgan masala bu “Islomiy davlat” dan kelayotgan tahdid. Siz, Amerika hukumati, “Islomiy davlat” mintaqaga qanchalik xavf solmoqda, ta’sir o’tkazayapti deb o’ylaysiz?

Richard Hoagland: “Islomiy davlat” - ba’zida uni “Daish” deb ham atashadi - biz uchun albatta jiddiy masala. Nafaqat biz balki ko’plab davlatlarga, xalqaro tinchlikka raxna solayotgan kuch. Markaziy Osiyodan odamlar bu guruhga qo’shilayotganini bilamiz, xususan Suriyaga borib jang qilayotgani ma’lum. Bu albatta xavotirga molik masala. Ular vatanga qaytishi mumkin. Bunga e’tibor qaratmay iloj yo’q. Ogoh bo’lish kerak. Lekin “Islomiy davlat” Markaziy Osiyo hukumatlari va xalqlariga bevosita va katta xavf solmoqda deb hisoblamaymiz.

Navbahor Imamova: Lekin bu jiddiy omil…

Richard Hoagland: Ha, omil, shu bois e’tiborimiz unda va ko’z uzmasligimiz kerak. Hukumatlar hamkorlikni kuchaytirishi zarur. Xalqaro xavfsizlik bilan bog’liq masala bu. Lekin qayd etaman, Markaziy Osiyo ostonasida kallakesarlar mintaqani vayron qilishga shay turibdi deb o’ylamaymiz.

Navbahor Imamova: Demak, Amerikaning pozitsiyasi bunday emas.

Richard Hoagland: To’g’ri, biz - AQSh nazarida bunday emas.

Navbahor Imamova: AQSh diplomatlari azaldan shunga urg’u berib keladiki, Amerika Markaziy Osiyoda Rossiya va Xitoy bilan qandaydir o’yin olib borayotgani yo’q. Raqobatda emasmiz, deb kelasiz. Lekin Rossiya va Xitoy bunday fikrda emas. Ular AQSh ta’siri kuchayishini xohlamaydi. Amerika ketayaptimi yoki qoladimi?

Richard Hoagland: Biz mintaqadamiz. Uzoq muddatga. Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligini birinchilardan bo’lib tan olganmiz. 23-24 yildan beri mintaqadamiz. Yangi elchixonalar qurganmiz va hech qayoqqa ketayotganimiz yo’q. Biz har bir davlatning mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini quvvatlaymiz. Biz ularga biror tomonni tanlang, demaymiz. Kim bilan qanday sheriklik qilishni ular o’zlari bilishadi, tanlashadi.

Tabiiyki, Rossiya tarixiy, geografik va boshqa jihatlardan kelib chiqqan holda sherik bo’lib qoladi. Xitoy tobora boyib, Markaziy Osiyoda faollashib bormoqda. Ko’p jihatdan, bu yaxshi. Biz Xitoy bilan muloqot qilib, Yangi Ipak Yo’li tashabbuslarimiz yuzasidan fikr almashayapmiz. Bu biz uchun musobaqa yoki raqobat emas. Biz unday qaramaymiz. Sheriklik deb hisoblaymiz.

Navbahor Imamova: Lekin ayrim hollarda Rossiyaning Markaziy Osiyoda tutgan yo’li sizning bu davlatlar bilan aloqalaringizga ta’sir qilmoqda, to’g’rimi? Qirg’iziston bilan aloqalaringiz sovuqlashgani bunga yaqqol misol. Yaqinda bu mamlakatga yangi elchingiz boradi. Yaqin orada munosabat yaxshilanishiga ishonasizmi?

Richard Hoagland: Yaqin orada, nazarimda, sabr qilishimizga to’g’ri keladi, strategik sabr bu. Keling o’tgan 20 yilga qaraylik. Nafaqat Markaziy Osiyodagi balki boshqa ko’plab davlatlar bilan ham diplomatik aloqalarimiz chigallashgan davrlar bo’ldi. Bu tabiiy. Bir kuchayadi, bir susayadi, sovuqlashadi, iliqlashadi. Diplomatik rishtalar xuddi shaxsiy, oilaviy rishtalarga o’xshaydi. Muammo katta bo’lishi mumkin, lekin uni hal etishni istaysiz, boshqa iloj yo’q. Qirg’iziston bilan ham shunday va shunday bo’ladi deb hisoblayman. Ayni damda qanchalik og’ir tuyulmasin, buni yengamiz. Uzoq yillik hamkorligimiz bor. Vaqt o’tishi bilan o’zaro hurmat va manfaatlarga asoslangan munosabatlarimiz tiklanadi, bunga shubham yo’q.

Navbahor Imamova: Markaziy Osiyoning uch davlatida elchilik qilgansiz…

Richard Hoagland: Ha.

Navbahor Imamova: Qozog’iston, Tojikiston va Turkmaniston.

Richard Hoagland: Turkmanistonda elchi vazifasini bajarganman.

Navbahor Imamova: Ha, bosh diplomat edingiz u yerda.

Richard Hoagland: Shunday…

Navbahor Imamova: O’zbekiston va Qirg’iziston bilan yaqindan ishlab keldingiz, turli lavozimlarda.

Richard Hoagland: Pokiston va Afg’onistonda ham.

Navbahor Imamova: Ha, Pokistonda elchi o’rinbosari, Afg’onistonda ham shunday vazifalarni ado etdingiz. Mintaqani bilasiz, Vashingtonda bu borada eng ko’p bilim va tajribaga ega rasmiysiz, desak xato bo’lmaydi. O’zingiz aytib o’tganingizdek, diplomatiya shaxsiyatga ham borib taqaladi.

Richard Hoagland: Darhaqiqat…

Navbahor Imamova: Mana Gruziyaga Yan Kelli, Qirg’izistonga esa Shila Gvoltni yangi elchilar sifatida otlanmoqda. Qisqa qilib aytganda, elchi kim? Yangi elchidan nima kutish kerak?

Richard Hoagland: Odatda yangi kelganida elchi uchun “asal oyi davri”, deymiz. Bir necha oy mobaynida tomonlar kelishmovchiliklarni chetga surib, ijobiy ruhda harakat qiladi. Yangi elchilar masalalarga iloji boricha ijobiy yondashib, aloqani yuqori pog’onaga olib chiqishga urinadi. Bu safar ham shunday bo’ladi, deb o’ylayman. Biz, hukumatimiz, prezidentimiz Qirg’iziston va Tojikistonga juda o’tkir diplomatlarini elchi etib tanladi. Oldingi elchilarni biror sabab bilan ishdan olganimiz yo’q. Muddati tugab, yangilari borayapti.

Navbahor Imamova: Siz har doim juda diplomatiksiz. Shirinso’z va muloyim. Professional. Bosiqsiz juda. Muzokara va muhokamalarda jahlingiz chiqqan, toqatingiz tugagan paytlar bo’lganmi? Nimani qabul qila olmaysiz, masalan?

Richard Hoagland: Ozgina o’ylab, keyinroq bu haqda yana gaplashsak bo’ladi. Bir hol esimda: diplomatik oldi-berdi paytida sherigimga chiday olmay, oldimdagi qog’ozlarni orqamga uloqtirganman…

Navbahor Imamova: Qoyil.

Richard Hoagland: "Jiddiy gap bilan qaytganingizda, so’zlashamiz”, - deb chiqib ketganman.

Navbahor Imamova: Xuddi kinolardagiga o’xshab!

Richard Hoagland: Xuddi kinolardagiga o’xshab! Lekin faqat bir marta qilganman bu ishni. Eng muhimi, insoniy aloqa o’rnata olish, inson insonni tushuna olishi. Usiz biror davlat rahbari, yuqori lavozimli rasmiysi bilan til topisha olmaysiz. Odamlar bir-birining ko’ngliga yo’l topsagina, muloqot samimiy va haqqoniy bo’ladi. Diplomatik munosabatlar zamini shu, poydevori shu.

Navbahor Imamova: Amerika rasmiylari, xususan diplomatlariga nisbatan ko’p yangraydigan keskin tanqidlardan biri shuki, ular Markaziy Osiyoni bilmaydi va tushunmaydi. O’z navbatida mintaqa rasmiylarini ham Amerikani bilmaganlikda, tushunmaganlikda tanqid qilamiz. Bu qanchalik asosli?

Richard Hoagland: Har ikki tomonga nisbatan bunday tanqidda ozgina bo’lsa ham haqiqat bor. Madaniyat va tilni tushuna olish, uni his eta olish juda qiyin ish. Agar ular bilan ulg’aymagan bo’lsangiz, har bir so’zning mazmun-mohiyatini to’liq anglay olishingiz mushkul.

Navbahor Imamova: Mintaqaviy yoki biror mamlakat bo’yicha ekspert bo’lishingiz shartmi?

Richard Hoagland: Aytmoqchi edimki, bugungi diplomatlarimiz, yosh mutaxassislarimiz mamlakatlarni jamiyatshunos singari bilishadi, o’rganishadi va tushunishga urinishadi. Ular yozayotgan diplomatik hisobotlarni o’qisangiz, tasanno deysiz, masalan Markaziy Osiyodagi elchixonalardan kelayotgan qog’ozlarni.

Navbahor Imamova: Jon deb o’qigan bo’lardim!

Richard Hoagland: Bilaman. Boshqalar ham jon derdi. Diplomatlarimiz har bir jamiyatni yaqindan anglab yetishga harakat qiladi. Odamlar va hukumatlar ishi va tabiatini to’g’ri anglab yetishga urinishadi. Men diplomatlarimiz bilan faxrlanaman. Har doim ham to’g’ri xulosa chiqaramizmi? Albatta, yo’q. Xatolar bo’ladi har doim. Lekin diplomatlarimiz faxrim mening. Ularni eng o’tkir diplomatlar deb bilaman.

Navbahor Imamova: Siz Kavkaz bilan ham ishlagansiz-a? Bir necha yil davomida, turli lavozimlarda.

Richard Hoagland: Ha, Janubiy Kavkaz bilan. Gruziya, Armaniston va Ozarbayjon bilan. Yaqinda mana Bokuda bo’ldim. Ajoyib muloqotlar qildim.

Navbahor Imamova: Gruziyaga ketayotgan Yan Kelli, Qirg’izistonga otlanayotgan Shila Gvoltniga nima maslahat berayapsiz, agar so’rashayotgan bo’lsa?

Richard Hoagland: So’rashdi ham… Sabr bilan yondashing, xulosa qilishga shoshmang, mamlakatni o’rganing, atrofdagilar bilan cheklanmang, doirani kengaytiring, tashqariga chiqing, odamlar bilan uchrashing va ularni tinglang. Biz doim ham haq emasmiz, masalalarning tubiga yetishimiz kerak.

Navbahor Imamova: Markaziy Osiyo bilan deyarli chorak asrdan beri ishlayotgan diplomat sifatida nimani muvaffaqiyat deb ko’rsatgan bo’lardingiz, davlatma-davlat qarasak.

Richard Hoagland: Afsuski, muvaffaqiyatlarimiz ko’p hollarda kichik narsalarda va ular tarix sahifalariga kirmasligi mumkin. Buxoroda bir oila bilan o’tirib ovqatlanib yoki Pomir tog’larida sayr qilib sezasiz gap nima haqda ketayotganini. Diplomatik yutuqlar haqida gap ketganda, shuni qayd etishim mumkinki, 2001-yilning 11-sentabrida sodir bo’lgan terror xurujlari paytida Markaziy Osiyo va Kavkaz idorasini boshqarganman. Hujumlar ketidan AQSh-O’zbekiston, AQSh-Tojikiston, AQSh-Qirg’iziston strategik hamkorligini shakllantirish ustida ishlaganman. Muhim hujjatlar imzolaganmiz va bosh muzokarachi bo’lganman. Rossiya bilan kelisha olganmiz. Og’ir damlar edi, lekin diplomatik jihatdan oldinga siljiganmiz, burilishlar bo’lgan.

Navbahor Imamova: Kelajak haqida o’ylaganingizda, mintaqani yaxshi biladigan mutaxassis sifatida, nimadan eng ko’p xavotirlanasiz?

Richard Hoagland: Hozirgina O’zbekiston elchisi (Baxtiyor) G’ulomov bilan tushlik qildim. U ham shunday savol berdi. Ayni damda, gapning ochig’i, konkret bir narsa haqida o’ylamayapman. Uzoq yillardan beri ilk bor, dam olmoqchiman. Miyaga orom berib, keyin izchil o’ylab ko’raman. Markaziy Osiyo bilan ishlarman balki yoki umuman boshqa sohaga kirisharman.

Navbahor Imamova: Hamkasblaringizga mintaqadagi qay masalalarga ko’proq e’tibor berishni tavsiya qilayapsiz? Doimiy muammolardan tashqari yana qanday masalalar borki, ular ogoh turishi kerak?

Richard Hoagland: Doimiy muammolardan tashqari, deng… Amerika diplomatiyasi uchun eng muhim vazifalardan biri - sheriklar bilan hamjihatlikni saqlash, mustahkamlash. Bilasizmi, buni har doim ham eplay olmaymiz. Hukumatlar bilan til topishish qiyin, chet el hukumatlari bilan. O’zimizning hukumatimiz ham ishni qiyinlashtirishi mumkin. Odam odam bilan til topishishi kerak. Odamlar hamma yerda bir narsani istaydi: yaxshi hayot kechirishni. O’zaro maqsad va manfaatlarimiz yuzasidan kelisha olsak, marra bizniki. Diplomatiya ham osonlashadi, kuchayadi.

Navbahor Imamova: Markaziy Osiyo davlatlari professional diplomatlar yetishtirishni qanchalik eplay oldi? Hozirgacha mintaqada diplomatlarning bir necha avlodi bilan ishladingiz, to’g’rimi?

Richard Hoagland: Nazarimda, juda oldinga siljishdi.

Navbahor Imamova: Rostdan?

Richard Hoagland: Ulkan yutuqlarga erishishdi.

Navbahor Imamova: Diplomatik xizmat degan narsa bormi?

Richard Hoagland: Albatta, bor. Har bir davlat o’z diplomatik xizmat tizimiga ega. Deyarli har bir tashqi ishlar vazirini yaxshi bilaman. Juda hurmat qilaman. Yosh diplomatlarga qarab, hali ular ko’p cho’qqilarga yetadi, deyman. 20-23 yil ichida hozirgidek darajaga yetish oson emas. Har bir mamlakatda o’tkir diplomatlar va ancha oyoqqa turib olgan xizmat tizimi bor.

Navbahor Imamova: Amerika bu borada yordamlashdimi?

Richard Hoagland: Vaqti-vaqti bilan yordamlashdik, lekin chetda turdik. Trening taklif qildik. Xalqaro diplomatiya bobida ko’maklashdik, o’rnak bo’ldik. Gap shundaki, yurt odamlari yaxshi bo’lsa, diplomatlari ham yaxshi bo’ladi

Navbahor Imamova: Siz olti prezident qo’l ostida ishlagansiz, shundaymi? Karter prezidentligi paytida boshlagansiz…

Richard Hoagland: 1985-yilda…

Navbahor Imamova: Demak, Ronald Reygan prezidentligi davrida.

Richard Hoagland: Shunday, Reygan davri.

Navbahor Imamova: Besh prezidentni ko’ribsiz-da.

Richard Hoagland: Ha…

Navbahor Imamova: Markaziy Osiyo haqida dunyo hali deyarli bilmagan davrlar, hozirgichalik bilmagan paytlardan beri.

Richard Hoagland: To’g’ri.

Navbahor Imamova: Har bir prezident mintaqaga o’ziga xos tarzda yondashgan. Sizningcha, kim nimasi bilan ajralib turadi, Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatida? Taqqoslang, demayapman. Balki biror qiziq jihatlari haqida aytib berarsiz? Sovet Ittifoqi (Jorj) Bush davrida parchalandi, keyin (Bill) Klinton prezidentligi – bu davr ham juda muhim edi. Keyin (Jorj) Bush va mana (Barak) Obama…

Richard Hoagland: Siyosiy pozitsiyada emasman, siyosiy baho berishni istamayman, chunki diplomatman. Amerika diplomatlari siyosiy tarafkashlikdan yiroq. Prezident qay partiyadan bo’lmasin, uning xizmatidamiz. Hukumat xizmatchisimiz. Bu savolingizga javob berish uchun vaqt yetmaydi…

Navbahor Imamova: Kitob yozarsiz balki bu haqda…

Richard Hoagland: Ko’plar shunday deydi, lekin sobiq elchining kitobini kim ham o’qishni istardi?

Navbahor Imamova: Tasavvur ham qilolmaysiz. Juda ko’p odamlar o’qigan bo’lardi.

Richard Hoagland: Ko’ramiz… Ko’ramiz.

Navbahor Imamova: Men kitobni bolalikdan boshlashni tavsiya qilgan bo’lar edim. Indiana shtatining kichik bir shahridagi hayotdan. Men ham sizni katta qilgan shaharga o’xshash bir joyda bilim olganman. Indiana shtatining Mansi shaharchasidagi Bol davlat universitetini bitirganman. Odamlar bu hududlarda dunyo haqida juda oz biladi. Ona shahringizga borganingizda, odamlarga ishingizni qanday tushuntirasiz?

Richard Hoagland: Nimasini aytasiz… Haqiqat shuki, ko’pchilik qiziqmaydi. Kasbiy faoliyatimni boshlagan davrimda uyga borsam, qayerda ishlayotganimni aytsam, Davlat Departamenti nima ekanini bilishmasdi. Diplomatman desam, u nima deyishardi. Ajoyib odamlar, o’qigan, lekin dunyo ishlariga qiziqmaydi.

Navbahor Imamova: Nega? Nima uchun qiziqmaydi? Axir ularning davlati dunyoning har bir qismida o’z manfaat va maqsadiga ega. Siz katta bo’lgan Fort Veyn shahrida, masalan, odamlarga baribir emas-ku, to’g’rimi?

Richard Hoagland: Qiziqadigan, biladigan odamlar bor, albatta. Biz juda katta mamlakatmiz. Uzoq davrdan beri yetakchi kuchmiz. Odamlar o’z g’ami bilan yashaydi. Tanqid qilmayapman, lekin haqiqat shuki, asosan o’zimiz bilan ovoramiz.

Navbahor Imamova: Bu faqat Amerikaga xos holat emas.

Richard Hoagland: Albatta, bu faqat Amerikaga xos holat emas.

Navbahor Imamova: Boshqa joylarda ham shunday.

Richard Hoagland: Albatta. Britaniya yoki Yaponiyada bir qishloqqa boring. Yoki Sibirda bir qishloqni ko’ring. Dunyo haqida ko’p bilishmaydi.

Navbahor Imamova: Lekin, ishonchim komilki, Fort Veyn shahri ahli siz bilan faxlanadi. Indiana ahli siz bilan faxrlanadi.

Richard Hoagland: Rahmat!

Navbahor Imamova: Umid qilamizki, Markaziy Osiyodan uzoqlashmaysiz va siz bilan yana gaplashishga imkoniyat va bahona topiladi.

Richard Hoagland: Men ham shu umiddaman, xohlayman shuni, ko’ramiz.

Navbahor Imamova: Ko’ramiz. Suhbat uchun katta rahmat!

Richard Hoagland: Juda mamnunman.

Navbahor Imamova: Kelganingiz uchun rahmat!

Richard Hoagland: Sizga ham rahmat!

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG