AQShning Rossiyadagi elchisi: Siyosatimiz o'zgarmaydi

  • Jeyms Bruk

Maykl Makfol prezident Dmitriy Medvedevga shu yilning 22-fevralida ishonch yorlig'i topshirgan

Maykl Makfol prezident Dmitriy Medvedevga shu yilning 22-fevralida ishonch yorlig'i topshirgan

AQShning Rossiyadagi yangi elchisi Maykl Makfol (Michael McFaul) ikki davlat orasidagi hamkorlikni yaxshilashda azaldan hissa qo’shib kelgan arbob. U nafaqat ko’zga ko’ringan strateg, balki Amerikaning ilg’or akademiklaridan biri. Rossiya jamiyati va bu davlat nufuzi haqida ko’plab ilmiy maqolalar va kitoblar muallifi.

O’tgan yillar ichida u, oddiy qilib aytganda, AQSh-Rossiya yaqinlashuvi ortida turgan shaxs bo’ldi. 2009-2011 yillar orasida Makfol prezident Barak Obamaning Yevrosiyo siyosati bo’yicha maslahatchisi edi. Oq Uydagi bu lavozimda u Markaziy Osiyo uchun ham mas’ul bo’lgan.

Makfol nazarida mintaqadagi davlatlar bilan hamkorlikni oshirish uchun ham hukumatlar, ham oddiy odamlar bilan doimiy muloqotni yo’lga qo’yish kerak. Rossiyadagi bosh diplomat sifatida u mana shuni asosiy vazifa deb biladi.

1933-yildan beri AQShning Moskvadagi elchilari “Spaso” deb nomlangan imoratda yashab keladi. Maykl Makfolning hozirgi uyi ham shu. Elchi "Amerika Ovozi" bilan shu yerda suhbatlashdi.

Maykl Makfol prezident Barak Obamaning yaqin maslakdoshlaridan

Maykl Makfol prezident Barak Obamaning yaqin maslakdoshlaridan

“Anti-amerikanizm kayfiyati bu qadar yuqori deb kutmagan edim. Chunki biz yangicha aloqa o’rnatayapmiz deb o’ylagan edik. Shu bois bugungi munosabat ayrimlarni xavotirga soladi, xuddi biz yana o’sha eski zamonga qaytayotgandek. Bayonotlar ohangi sovuq…”

Yaqinda Makfol Vashingtonga kelib, vitse-prezident Jo Baydendan maslahat oldi. Xo’sh?

“Shashtingdan qaytma, aslo bo’sh kelma, Makfol”, - dedi vitse-prezidentimiz. “Sen tutayotgan yo’l bizning siyosatimiz bilan hamohang. Hukumat bilan ham ishla, Rossiya jamiyati bilan ham”, - degan nasihat oldim”.

Vashington siyosati balki o’zgarmas, ammo Rossiyada yangi prezident saylandi – Vladimir Putin.

"Sovuq urush davriga xos achchiq so’z almashinuvlari, tarang aloqalarga qaytishdan nima foyda? Bu na Amerika va na Rossiya manfaatlari uchun xizmat qiladi. Rossiya rasmiylari shaxsan menga va boshqalarga, xususan hukumatimizdagi yuqori lavozimli odamlarga, o’zaro manfaatlar haqida gapiryapti. Ular hamkorlikni oshirish tarafdori. Shunday ekan, kelasi oylarda buni sinab ko’ramiz. Qani, real hamkorlik va sheriklik yo’lidan boramizmi… Mushtarak manfaatlar uchun bir yoqadan bosh chiqaramizmi…”.

Prezident Barak Obama va Dmitriy Medvedev bir-biri bilan til topisha olgan. Har bir uchrashuv, har bir muzokara iliq va samimiy so’zlar bilan tugagan. May oyidan esa Rossiya yangi rahbar qo’liga o’tadi.

Yaqinda Medvedev Rossiya harbiy qudrati haqida gapirar ekan, Amerikaning Sharqiy Yevropada yangi mudofaa tizimlari o’rnatish rejasini tanqid qildi.

Putin deydiki, hukumatga qarshi namoyishlar ortida AQSh turibdi

Putin deydiki, hukumatga qarshi namoyishlar ortida AQSh turibdi

“Raketa hujumiga qarshi mudofaa sistemasi haqiqatdan ham nozik masala. Bu borada Rossiya bilan kelisha olmayapmiz. Biz ularga bu tizimning Rossiyaga xavf solmasligi va aynan nima uchun o’rnatilishi haqida hali ancha tushuntirishimiz kerak. Aytish joiz, bu sistema hali o’rnatilgani yo’q. Moskvada keskin bahs-munozaralarda sabab bo’layotgan narsa bu “SM3 Block 2B” raketasi. Bu raketaning o’zi hali mavjud emas. Faqat qog’ozda. Shuning uchun orada bu mudofaa tizimi xususida qandaydir konkret kelishmovchilik yo’q, nazarimda. Lekin, tan olaman, biz hali Rossiyani bunga ishontira olganimiz yo’q”.

Barak Obama prezident Putin bilan kelisha olarmikan? Yangi rahbar Vashingtonning ashaddiy tanqidchilaridan. Obama Putinga telefon qilib, saylov bilan tabriklagan, ovoz berilganidan besh kun o’tib.

“Prezident Obamaning Rossiyaga nisbatan siyosati aniq va ravshan. Buning ustida uch yildan beri ishlab kelmoqda va amaldagi strategiya o’zgarmaydi. Biz prezident Putin bilan barcha sohalarda hamkorlik qilishni istaymiz. O’tgan uch yil mobaynida qay yo’nalishlarda ishlagan bo’lsak, shular”.

Saylov oldidan Putinga qarshi namoyishlar avj olganida, u Vashingtonni muxolifatni quvvatlayotganlikda aybladi.

Elchi Maykl Makfol deydiki, AQSh nohukumat va no-siyosiy tashkilotlarga moliya ajratishda davom etadi.

AQSh elchisi deydiki, Vashington Rossiya muxolifatiga pul bermagan

AQSh elchisi deydiki, Vashington Rossiya muxolifatiga pul bermagan

“Bir narsani aniq aytaman: bu pulning bir tiyini ham siyosiy tashkilotlarga mo’ljallanmagan. Na siyosiy partiyalar, na harakatlar, namoyishlar uyushtirayotgan tomonlar va na ularning yetakchilari. Rossiyada buni noto’g’ri tushunishayapti. Biz muxolifatga pul bermaganmiz va bermaymiz ham. Bu bizning qat’iy qarorimiz. O’zgarmas qaror”.

AQSh Rossiyada fuqaro jamiyati ravnaqi uchun xizmat qiladi, deydi elchi.

“Fuqaro jamiyati mustaqil va nohukumat tashkilotlardir. Ular biror partiyaning tarafdori yoki hamkori bo’lmasligi kerak. Maqsad butun jamiyatni olg’a suradigan ijtimoiy dasturlar olib borish. Fuqaro jamiyati butun dunyoda shu bilan mashg’ul... Ular muammolarni hal etishda yordamlashadi. Ekologiya, sog’liqni saqlash, inson huquqlari… O’zaro manfaatlar uchun xizmat qiladigan muassasalar”.

Rossiyada yangi prezident saylanib bo’ldi, lekin Amerikada saylov kampaniyasi qizg’in bir pallaga kirmoqda. Obama qayta saylansa, siyosat o’zgarmas, saylanmasa, elchi Maykl Makfolning ishi yanada qiyinlashishi muqarrar.

XS
SM
MD
LG